
Qur'on
Qur'on - insoniyatga tushirilgan ilohiy toʻrt kitobning biri sanalib, ularning eng mukammali hamda hukmi joriy boʻlib qolgani hisoblanadi. Bundan tashqari Qur'oni Karim bizning davrimizgacha asl holatda yetib kelgan yagona ilohiy kitob hamdir. Tavrot hamda Injil asrlar davomida oʻzgarib, asl koʻrinishini yoʻqotgan boʻlsa, Zabur umuman yoʻqolib ketgan. Qurʼoni Karimning bizgacha oʻzgarmay yetib kelgani bir moʻjizadir. Alloh taolo oʻzining kalomida shunday deb marhamat qiladi:
إِنَّا نَحْنُ نَزَّلْنَا الذِّكْرَ وَإِنَّا لَهُ لَحَافِظُونَ (سورة الحجر ٩ آية)
"Biz zikr (ya'ni Qurʼon)ni oʻzimiz nozil qildik hamda oʻzimiz uni saqlaguvchidirmiz" ("Hijr" surasi 9-oyat)
Haqiqatan, ushbu ilohiy va'da oʻz tasdigʻini topdi va bundan keyin ham topadi. Bu Qur'on moʻjizalaridan bir qatra. Keling, qolgan moʻjizalari haqida qisqacha soʻz yuritamiz:
1. Koinot kengayib boradi!
1929-yil Edvin Habbl koinotni kuzatib, yulduzlar-u, galaktikalar bir-birlaridan uzoqlashib borayotganini kashf qildi. U koinot har on kengayib borishi asosida "Habbl qonuni"ni yaratdi. Bu astronomiya tarixidagi eng buyuk kashfiyotlardan sanaladi. Biroq ushbu "kashfiyot" kashf etilishidan naq 13 asr oldin Alloh taolo Qurʼoni Karimda buning xabarini berib boʻlgan edi:
وَالسَّمَاءَ بَنَيْنَاهَا بِأَيْدٍ وَإِنَّا لَمُوسِعُونَ ( سورة الذاريات ٤٧ آية)
"Biz osmonni quvvat ila bino qildik va , albatta, biz uni kengaytiruvchidirmiz" ("Zoriyot" surasi 47-oyat)
Ha, buni biroz tafakkur qiladigan boʻlsak ham, Qurʼonning qanday moʻjizakor ekanligini anglashimiz mumkin!
2. Yuqoriga koʻtarilgan sari kislorod kamayadi!!!
Insonlar raketa, samolyot va boshqa osmonga koʻtariladigan kashfiyotlarni amalga oshirish orqali balandlikka koʻtarilgan sari kislorod kamayib, yurak siqilishini kashf etishdi. Bu kelasi kashfiyotlarga asos boʻla olib, koinotni oʻrganishga imkon tugʻildi. Oʻsha kezlarda insonlar buni ayyuhannos solishib, dunyoni zirillatishgan bir paytda ular bu "kashfiyot" Allohning kalomida keltirilganini qayoqdan bilishsin?! Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:
وَمَنْ يُرِدْ أَنْ يُضِلَّهُ يَجْعَلْ صَدْرَهُ ضَيِّقًا حَرَجًا كَأَنَّمَا يَصَّعَّدُ فِي السَّمَاءِ (سورة الأنام ١٢٥)
"Alloh taolo kimni zalolatga ketkazishni xohlasa, uni xuddi osmonga koʻtarilayotgan kabi tor va tang qilib qoʻyadi" ("An'om" surasi 125-oyat)
3. Barmoq uchi - takrorlanmas juzdir
1884-yil Angliyada insonlar imzo chekishni oʻrniga barmoq izidan foydalana boshlashdi. Negaki har bir insonning barmoq izisi boshqa insonlarnikiga oʻxshamaydi. Shu sababli insonlar endi maʼlumotlarni saqlash, ularni koʻchirish, himoyalash maqsadida barmoq izlaridan keng koʻlamda foydalanishga oʻtishdi. Biroq buni Alloh taolo muqaddamroq insoniyatga ishora qilib boʻlgan edi:
بَلَىٰ قَادِرِينَ عَلَىٰ أَنْ نُسَوِّيَ بَنَانَهُ (سورة القيامة ٤ آية)
"Ha, biz uning barmoq uchlarini ham qaytarishga qodirmiz" ("Qiyomat" surasi 4-oyat)
Bular Qurʼoni Karimda kelgan moʻjizalardan xamir uchidan patirdir. Mana shu uch misolni chuqur tafakkur qilgan har qanday inson ham Qurʼon haqiqatan moʻjizaviy hamda Rohman-u, Rohiym boʻlmish zot huzuridan nozil qilinganini anglab oladi. Mana shunday misollardan ibratlangan insonga esa tubo boʻlsin!!!
Abdulatif Abdulqosimov
“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti talabasi