Hazrat Hizr alayhissalomning Alloh taologa ko’rsatgan odoblari
“Kahf” surasida Muso alayhissalom va Hizr alayhissalomning birgalikda safar qilganliklari tafsiloti bayon qilingan. Safar davomida Hizr alayhissalom bir qayiqni teshib qo’yadilar. Bu haqidagi savolga quyidagiday javob berganlar:
Bas, men uni aybli qilishni iroda qildim. (Kahf surasi, 79-oyat).
Safar davomida ular ikki yetim bolalarning uylari oldidan o’tdilar. Ularning yiqilib ketay deb turgan devorlarini tiklab berdilar. Bu ish haqida so’ralganida u zot shunday javob berdilar:
Devorga kelsak, u shahardagi ikki yetim bolaniki bo’lib, uning ostida ikkovlarining xazinasi bor edi. Ularning otalari solih odam edi. Bas, Robbing ikkovlarining voyaga yetishini va xazinalarini chiqarib olishini iroda qildi”, dedilar. (Kahf surasi, 82-oyat).
Hazrat Hizr alayhissalom bu ishlarning ikkalasini ham Alloh azza va jallaning irodasi bilan qilgan bo’lsalarda, lekin u zot Alloh taologa nisbatan odob saqlagan holda so’zladilar. Ya’ni tashqaridan yomonlik ko’rinadigan ishning nisbatini “aybli qilishni iroda qildim” deb o’zlariga berdilar. Buning aksida esa yaxshilik bo’ladigan ishning nisbatini esa Alloh taolo tarafiga mansub qildilar.
Muhammadibrohim Isoqjonov
Bilim yurti mudarrisi