Яратилиш санаси 08.09.2026

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nasabi shariflari

Janob sayyidi olam sollallohu alayhi vasallamning nomi aqdaslari Muhammaddur. Bu nomni jadd (bobo)lari Abdulmuttalib qo‘yg‘ondur va volida (ona)lari qo‘yg‘on nom Ahmaddur.

Otalari Abdulloh Abdulmuttalibning kichik o‘g‘lidur. Abdulmuttalibning asl nomi Shaybatul hamd erur. Otasi Hoshimdur. Hoshimning asl nomi Amrdur. Otasi Abdumanof bo‘lub, haqiqiy nomi Mug‘iyra erur. Mug‘iyra Qusayning o‘g‘li bo‘lur. Qusayning asl laqabi Mujammi’dur. Otasining nomi Hakim va laqabi Kilobdur. Hakimning otasi Murra bo‘lub, aning otasi Ka’bdur va Ka’bning otasi Luaydur. Luayning otasi Gʻolib erur. Aning otasi Fihrdur. Fihrning laqabi Quraysh erur. Qurayshning otasi Molik bo‘lub, aning otasi Nazrdur. Nazrning otasi Kinona erur. Aning otasi Xuzayma bo‘lub, Xuzaymaning otasi Mudrika erur. Mudrikaning asl nomi Omir yo Amrdur. Otasining nomi Ilyosdur. Ilyos Muzarning o‘g‘li bo‘lur. Muzarning otasi Nizordur. Nizorning otasi Ma’add bo‘lub, bu zot Adnon ibn Udadning o‘g‘lidur.

Hazrat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning silsilai nasabi shariflari ushbu Adnong‘a yetub to‘xtar. Hazrat o‘zlari o‘z nasablarin bayon qilg‘on soatlarida Adnondin yuqorig‘a o‘tmas erdilar. Lekin Adnonning hazrat Ismoil alayhissalomning avlodlaridin deb jazm bilur erdilar. Ma’lum bo‘ldiki, janob sayyidi olam sollallohu alayhi vasallam hazrat Ibrohim alayhissalom avlodlaridindurlar, volidai munir hazrat Hojira (Hojar) farzandlari hazrat Ismoil alayhissalom vositalari ila ul janobg‘a yeturlar.

Hazrat sayyidi olam sollallohu alayhi vasallam haqlarida maddohlari (Hasson ibn

Sobit roziyallohu anhu) debdurlar:

وَشَقَّ لَهُ مِنْ إسْمِهِ لِيُجِلَّهُ فَذُو الْعَرْشِ مَحْمُودٌ وَ هَذَا مُحَمَّدٌ

(tarjima) Alloh taolo O‘z Rasulini martabalarin balandliklarin bildurmak uchun O‘z nomidin ul janobg‘a nom chiqarub berdi. Ko‘runglar Xudo Mahmuddur va Rasuli Muhammaddurlar.

Haqiqatda «hamd» kalimasini Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamg‘a taalluqi ziyodadur. Yer yuzida nomlari Muhammaddur va osmonda Ahmaddur. Ummatlarin nomlari Hammodundur. Qiyomatda maqomi shafoatlarin nomi Maqomi mahmuddur. Bayroqlarin nomi Livoul hamddur.

(manba: siyrat uz)

Abdurahimov Bahromjon

ta'lim muassasasi o'qituvchisi