Inson bilmaganiga dushmandir
Odamzot bilimga, asosan ikki yo`l bilan erishadi:
Birinchisi: beshta sezuvchi a`zolari bilan, uning atrofini o`rab turgan narsalar haqida to`liq yoki qisman ma`lumotga ega bo`ladi. Ya`ni ko`zi, qulog`i, burni, og`zi, qo`li orqali qarshisida turgan unsur – moddalarni taniydi va ilk xulosalarni qiladi, qaysi narsa bilan ko`proq va jiddiy munosabatga kirishgani sari u tug`risida shuncha ilm, ko`nikma, malakani hosil qilib boraveradi.
Ikkinchisi: odatta yolg`onga kelishib olishligi mumkin bo`lmagan ko`pchilik aytayotgan xabarlar va mashhur rivoyatlar asosida bilimini shakillantiradi.
Tabiyki inson aqlli, ongli mavjudot bo`lib o`ylab tafakkur qiladi va natijada uni qamrab olgan hodisa – voqealar jarayoni tug`risida o`zidagi bilim vositalariga tayanib, mulohaza qilib, xulosa chiqaradi.
Bu misli ko`rilmagan axborot almashinuvi tezlashgan zamonda yasharkanmiz, xohlasakda, xohlamasakda turli tuman xabarlar qulog`imizga chalinadi va har xil voqealiklarga ko`zimiz tushadi, ayniqsa bu borada imkoniyatlari cheksiz bo`lgan qo`l telefonlarimiz yuzda to`qson foizni tashkil qilmoqda.
Provardida insoniyat rivojlanish, taraqqiyot cho`qqisiga yetgan bir paytda moddiy narsalardan ko`ra ijtimoyi tarmoq va xabar tarqatuvchi manbaalar maydonida birinchilardan bo`lib xabarga ega bo`lish va tarqatish bilan o`zini baxtiyor his qilyapti va allaqachon o`zaro musobaqaga ham kirishib ketishgan.
Biz bu xabar, voqealiklarni iste`mol qilarkanmiz aksar hollarda bilgan sohamizdan ko`ra bilmagan sohamizga duch kelamiz, xususan din borasida, natijada insonlik tabiatimizdan, xususiyatimizdan kelib chiqib xilma-xil xulosalarda to`xtaymiz, ayrim hollarda esa soha bizga begona bo`lgani tufayli bu tug`risida, sof asl mohiyatiga zid bo`lgan notug`ri xulosalarga boramiz va uni dushman tutamiz.
Mo`tabar aziz ajdodlarimizning “Chumchuqni ham qassob so`ysin!” degan qimmatli o`gitlari bu 21- asr “Axborot asri”da muhim ahamiyyat kasb etadi. Zero butun jahon go`yo bir kaftdek qishloqqa aylangan bir davrda virtual olamda ijtimoyi tarmoqqa qo`yilayotgan, sizdirilayotgan biri, birisini inkor etadigon rasmiy va norasmiy xabar, voqea, hodisalarni tahlil qilishda soha mutaxassislariga ehtiyojimiz katta.
Inchunin barcha maxluqotu jonzotlar ichidan inson bashariyatini ilmu amal bilan mukarram qilgan Zot Alloh ta`olo o`zining kitobi Quro`ni karimda (Nahl surasi 43 oyat) “Agar bilmaydigon bo`lsangiz, zikr ahllaridan so`ranglar.” deya marhamat qilmoqda. Bu oyati karima keyinchalik umumiyga aylanib, mu`min musulmonga har qanday bilmagan narsasini soha bilimdonlaridan so`rashi lozim bo`ladi.
Agar bilmagan narsasi dinga tegishli bo`lmasa, u sohaning mutaxassisi garchi g`ayri din bo`lsa ham mo`min musulmon kishiga u kishidan ilm olishligi lozim bo`ladi, zero inson bilmagan narsasiga dushmandir.
Yaratgan egam barchamizga foydali ilm, solih amal, keng rizq ato etsin! Amiyn.
Ziyayev Abdulqahhor
Bilim yurti mudarrisi