
Eng go'zal xulq sohibi
Oisha roziyallohu anho aytdilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘ra go‘zal xulqliroq kishi yo‘q edi. U zotni sahobalaridan yoki ahli baytlaridan kim chaqirmasin, albatta: «Labbayk» (ya’ni: “Ha, men shu yerdaman, eshitdim va hozir bo‘ldim”) der edilar. Shu sababdan Alloh taolo: «Albatta siz buyuk axloq ustidadirsiz» (Qalam, 4-oyat), — deb nozil qildi.
Sharh:
“Labbayk” — itoat va mehribonlik bilan darhol javob berish, chaqiruvchiga e’tibor qaratish demakdir. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yumshoqligi va samimiy xulqlarini ko‘rsatadi
Hadis Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odamlarga, xoh sahoba, xoh ahli bayt bo‘lsin, hamisha e’tibor berib, ularni kamsitmasdan, mehribonlik bilan muomala qilganlarini bayon qiladi.
Bu rivoyat Qur’ondagi Qalam surasi 4-oyat bilan bevosita bog‘lanadi: Alloh taolo ta’zim bilan Payg‘ambar alayhissalomga u zotning buyuk xulqlari sabab nozil qilgan. Mufassirlarga ko‘ra, «Buyuk axloq ustidadirsiz» faqat bir fazilat emas — balki barcha yaxshi sifatlarning jamlanganidir: sabr, rahm-shafqat, halollik, adolat, yaxshi muomala kabi.
Munavvarov Ahror
ta'lim muassasasi 2-kurs talabasi