Яратилиш санаси 17.11.2023

Imom Termiziyning ilmiy merosi va ularning ahamiyati

O‘z ijodiy va ilmiy faoliyati davrida Termiziy bir qancha asarlarni yozdiki, ularning aksariyat qismi bevosita hadislarga bag‘ishlangan. Islom ulamolari o‘rtasida ilk davrdan boshlab hadislarning to‘g‘riligi, ularni ishonchli manbalarga asoslanishiga katta e’tibor berilgan. Chunonchi, o‘sha davrning o‘zidan boshlaboq noaniq, chala-chulpa, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlagan. Shunday paytlarda ular qayta- qayta tekshirilib, muhaddislarning betinim mehnati natijasida asl holiga qaytarilib, yozma ravishda qayd qilingan. Natijada islom ulamolari orasida ishonchli manbalar asosida to‘plangan va tartibga keltirilgan oltita hadislar to‘plami (Sihohi sitta) mualliflari eng nufuzli va mo‘tabar muhaddislar deb tan olingan. Mana shu etirof etilgan mashhur muhaddislardan biri – Imom  Termiziydir. Keling, muhaddis bobomizning  asarlari bilan  qisqacha tanishib o‘tamiz:

“Al-Jome’ as-sahih”. Imom Termiziyning ijodiy faoliyatida yaratilgan asarlari ichida “al-Jome’ as-sahih” (Ishonchli to‘plam) eng asosiy o‘rinni egallaydi. Ushbu asar yuqorida qayd qilganimizdek, “al-Jome’ul kabir”, (Katta to‘plam), “Sahih Imom Termiziy”, “Sunani Imom  Termiziy” kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Tarixchi Ibn Hajar Asqaloniyning yozishicha, Imom  Termiziy ushbu asarini 270-hijriy (884-milodiy) yilda, ya’ni qariyb oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga erishgandan keyin yozib tugatgan. Ushbu asar qo‘lyozmalari dunyoning bir qancha shaharlarida, shuningdek, o‘zimizda, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda. Muhim manba sifatida “al-Jome’ as-sahih” bir necha marta nashr qilingan. Bunga dalil sifatida 1283 (1866) yili Mitohda, 1292 (1875) yili Qohirada, shuningdek, 1980-yili Bayrutda nashr etilganligini ko‘rsatish kifoya[1].

Imom Termiziyning bu muhim asariga bir qator sharhlar ham yozilgan bo‘lib, ulardan ibn Arabiy nomi bilan mashhur bo‘lgan Imom  Hofiz Abu Bakr Muhammad Ashbiliyning “Oridatul Ahvaziy ala kitob Imom  Termiziy” nomli 13 juz’ (qism)dan iborat sharhlarini keltirish mumkin. Ushbu sharh dastlab 1931-yilda Qohirada nashr qilingan. Imom Hofiz Abu Ali Muhammad Abdurrahmon ibn Abdurahim Muborakfuriy qalamiga mansub yana bir sharh ham “Tuhfatul-Ahvaziy bisharhi Imom  Termiziy” deb ataladi. To‘rt juz’dan iborat bo‘lgan bu asar 1979-yilda Bayrutda nashr qilingan (Hindiston nashri ham mavjud). Misrlik olim va adib Jamoliddin Abdurrahmon ibn Abu Bakr Suyutiyning (1445—1505) Imom Termiziy asariga yozgan sharhi “Qutul mug‘taziy ala Jome’ Imom  Termiziy” (undan ikki qismi nashr qilingan), deb atalgan. Bulardan tashqari Muhammad ibn Abduqodir Abu Toyyib Madaniyning “Sharhu Sunani Imom  Termiziy”, Ahmad Muhammad Shokirning “Tahqiq va Sharhu Jome’ Imom  Termiziy” (o‘ndan ikki qismi 1937-yilda Mustafaul Bobiyul Halabiy tomonidan nashr qilingan), Muhammad Yusuf Bannuriyning “Maorif sunani sharh sunani Imom Termiziy” (uning birinchi qismi 1963-yilda Pokistonda nashr kilingan), Siroj Ahmad Sarhandiyning “sharh Sunani Imom  Termiziy” nomli forscha sharhi, shuningdek Rashib Ahmadul Kanuhiyning “Al-kavkab ad-durriy ala Imom  Termiziy” (Hindistonda chop etilgan), Muhammad Anvar Shoh Kashmiriyning ikki juz’dan iborat “Al-A’rf ash-shaziy ala Jome’ Imom  Termiziy” (bu asar ham Hindistonda chop etilgan) va nihoyat Abul Hasan Muhammad ibn Abdulhodiy Sanadiyning (u 1138-yilda vafot etgan) “Hoshiya ala Sunani Imom  Termiziy” kabi sharhlarini ko‘rsatish mumkin.

Abu Ali Mansur ibn Abdulloh Xolidiy aytganlar: “Imom  Termiziy: “Men “Sunani Termiziy”ni yozib, uni Hijoz, Iroq, Xuroson olimlariga ko‘rsatdim. Barchalari bu kitobdan mamnun bo‘ldilar va: “Kimning uyida shu kitobdan bo‘lsa, go‘yo uning uyida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam gapirib turgandek bo‘ladilar”, – dedilar”, – deganlar”[2].

“Al-Jome’”da manfaatli ilm, to‘la-to‘kis foyda va ulkan masalalar mujassam. U islom asoslaridan biridir.

Abu Nasr Abdurahim ibn Abdul Xoliq aytganlar: “Termiziyning “Al-Jome’”laridagi hadislar to‘rt qismdan iborat:

1. Sahihligi aniq hadislar.

2. Abu Dovud va Nasaiyning shartlariga javob beradigan hadislar.

3. Yuqoridagi hadislarga zid hadislar va uning sabablarining bayoni.

4. Sahih bo‘lmagan hadislar va ularning illatlari bayoni.

Termiziy: “Men ushbu kitobimda rivoyat qilgan hadislarga fuqaholar amal qilganlar. Faqat bir-ikkita hadis borki, ularga amal qilishmagan. Ular: “Kimki uch martagacha tavba qilib aroq ichsa uringlar. To‘rtinchi martasida o‘ldiringlar”, hamda “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam peshin va asrni Madinada jam qildilar. Xavf ham yo‘q edi, safarda ham emasdilar”  hadislaridir”, – deganlar”.

“Sunani Termiziy” u kishining imom, quvvayi hofiza va fiqh sohibi ekanliklarining yorqin dalilidir. Lekin hadislarni qabul qilishda ko‘p ham qattiq turmaganlar va roviylarga baho berishda ham ko‘ngilchan bo‘lganlar.

Ibn Tohirning “Al-Mansur” kitoblarida bitilgan: “Shayxul  islom Abu Ismoilning: “Termiziyning “Al-Jome’ Imom  Termiziy” asarlari Buxoriy va Muslimning kitoblaridan ko‘ra manfaatliroqdir. Chunki Buxoriy va Muslimning kitoblaridan olimlargina, Termiziyning kitoblaridan esa barcha foydalana biladilar”, – deganlarini eshitdim”[3].

[1] Muslimun.uz. To’rаqulov M. Imom Termiziy mаqolаsi. 2015. – B.5.

[2] Mirzo Kenjabek. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq. 2012. – B.28.

[3] minbar.uz. Inoyatov A.Termiziy mаqolаsi. 2016. – B.2.

Muhiddinov Muzaffar

Bilim yurti mudarrisi