Imom Termiziyning ilmiy merosi va ularning ahamiyati (2-qism)
“Shamoil-un-nabaviyya”. Abu Iso Imom Termiziyning boshqa bir yirik asari “Shamoil-un-nabaviyya” (Payg‘ambarning alohida fazilatlari) deb ataladi. Bu asar ba’zi manbalarda “Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sollallohu alayhi vasallam”, “Ash-shamoilul Muhammadiya” nomlari bilan ham keltirilgan. Asar Payg‘ambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u zotning siyratlari, ajoyib fazilat va odatlariga oid to‘rt yuzu sakkiz hadisi sharifni o‘ziga jamlagan qimmatli manbadir.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ushbu mavzu, ya’ni Payg‘ambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni to‘plash bilan juda ko‘p olimlar, muhaddislar shug‘ullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan o‘rin olgan. Lekin Imom Termiziy asarining boshqalardan afzalligi va farqi shundaki, muallif imkoni boricha Payg‘ambar alayhissalom fazilatlariga doir barcha hadislarni muntazam ravishda to‘plab, mantiqan izchil bir holatda tartibga keltirgan va o‘ziga xos mustaqil, yaxlit kitob shaklida tasnif qilgan. “Shamoil-un-nabaviyya” azaldan islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga jalb qilib keladi.
Arab tilida bitilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar va hoshiyalar ham yozilgan. Ulardan Abdurauful Munoviyul Misriyning (vafoti 1003-hijriy yili) “Sharhush-shamoil”, Ali ibn Sultonul Haraviy Qoriyning (vafoti 1192-hijriy yili) “Jam’ul-vasoil fi sharhi-Shamoil”, Sulaymon ibn Umar ibn Mansurul Jumalning “Al-Mavohibul Muhammadiyya bi sharhi-shamoil Imom Termiziyya” kabilarni keltirish mumkin. Bu asarning bir qo‘lyozmasi Qohiradagi Azhar kutubxonasida 144-hadis ilmi raqami ostida saqlanmoqda, Muhammad ibn Jasusul Molikiyning (vafoti 1182-hijriy yili) “Al-Favoidul jaliylatul bahiyya ala ash-shamoilul Muhammadiyya (bu asar 1927-yilda nashr qilingan) va nihoyat Azhar universitetining sobiq Shayxi Ibrohim Bojuriyning “Al-Mavohibul Laduniyya ala shamoil Imom Termiziyya” kabi sharhlarini ko‘rsatish mumkin.
Buyuk bobomizning yana “Kitobut-tarix”, “Kitobul ilal as-sag‘ir va ilalul kabir”, “Kitobuz-zuhd” (Taqvo haqida kitob), “Kitobul asmo val kuna” (Roviylarning ismi va laqablari haqida kitob), “Al-ilal fil hadis” (Hadislardagi illatlar yoki og‘ishlar haqida), “Risola fil xilof val jadal” (Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola), “Asmous-sahoba” (Payg‘ambar sahobalarining ismlari) degan asarlari ham mavjud[4].
U kishining shogirdlaridan bo‘lgan Abu Sa’d Idrisiy ustozlarini sifatlab, yodlashlari, zehnlari to‘g‘risida, zarbulmasallar bitilganini aytadilar. Shogirdlaridan yana birlari: “Imom Buxoriy vafotlaridan keyin Xurosonda Abu Iso Imom Termiziydek ilmda, zehnda, taqvoda, zohidlikda biror kishi topilmas edi”, deb aytadi. Imom Termiziy ko‘p yig‘laganlaridan, hayotlarining oxirgi ikki yilida ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan.
Ibn Atiyya: “Mening huzurimda Imom Buxoriy va Muslimning kitoblariga qaraganda Imom Termiziyning kitoblari nurliroq va tushinarliroq”, -deb aytadi. “Nima uchun?” -deb so‘ralganda, Atiyya: “Chunki ikkita imomning kitoblaridan faqatgina ilm va ma’rifat ahllarigina foydalana olishadi xolos” -deb aytgan ekan. Shayxlardan biri Imom Termiziyga 40-ta g‘arib hadisni aytib, imtihon qilishlik uchun so‘raganda, birorta harfda ham xato qilmasdan avvalidan oxirigacha o‘qib berganlarini ko‘rib, sening mislingdagi kishini ko‘rmaganman, deb aytdi. Imom Termiziy ko‘p kitoblarning muallifidir. Ayniqsa, “Sunan” kitoblari kitoblarining chiroyli, foydasi ko‘p bo‘lib, takror so‘zlari oz, chiroyli tartibda yozilgan kitobdir.
Abu Ali Mansur ibn Abdulloh Xolidiy Imom Termiziyning “Jome’ as-sahih” kitoblarini sifatlab: “Kimning uyida mana shu kitob bo‘lsa, go‘yoki uyida Payg‘ambarimiz gapirayotgandek bo‘ladilar”, deb aytadi[5].
Abu Iso Termiziy asarlari hozirda ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Uning “al-Jome’ as-sahih”, “Ash-shamoil an-nabaviyya” kabi asarlarida keltirilgan hadisi shariflar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib insonlarni halol, adolatli, iymon-e’tiqodli, diyonatli, pokiza, mehnatsevar, muruvvatli, rahm-shafqatli, ota-ona, ayollarga nisbatan hurmat-e’tiborli bo‘lishga chorlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Sherobod tumanidagi Abu Iso Termiziy maqbarasi obod qilingan bo‘lsa, 2017-yil 14-fevralda davlatimiz rahbarining Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror asosida Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qurildi. Ilovalarda 2-rasmda ko‘rsatilgan. Unda islom dini, jumladan, hadis ilmi, Abu Iso Termiziy hamda Termiziy allomalar merosi chuqur o‘rganiladi. Diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanishga qaratilgan darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlanadi.
Davlatimiz rahbari markazga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Buyuk muhaddis Imom Termiziy hayoti va asarlarini chuqur o‘rganish, yosh avlodga yetkazish, xalqimizga tushunarli tilda kitoblar chop etish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Bu yerda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun munosib sharoitlar yaratish, olimlarning xalqaro ilmiy konferensiyalarda ishtirokini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
[4] Mirzo Kenjabek. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq. 2012. -B 28.
[5] Mirzo Kenjabek. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq. 2012. -B29.
Muhiddinov Muzaffar
Bilim yurti mudarrisi