Яратилиш санаси 18.11.2023

Hanafiy ulamolar nazdida "mashhur" atamasiga ta’rif

“Mashhur” - lug’atda “ochiq qilmoq”, “tanitmoq” degan ma’nolarni anglatadi. 

Istelohda “mashhur” atamasiga quyidagicha ta’rif beriladi: “U aslida ohod bo’lgan, keyin uni ikkinchi va uchinchi asrdagi roviylar tomonidan yolg’onga kelishib olishi gumon qilinmaydigan darajada rivoyat qilingan, ummat qabul qilgan narsadir”. 

Bunday xabarlarning hukmi haqida Hanafiy mazhabi ulamolari ko’ngilni xotirjam qiladigan ilmni vojib qiladi deb ta’kidlaydilar. Bu bilan qalbda bu xabar borasida xotirjamlik qaror topadi, uni rost ekanligi tarafi og’ir keladi. U “mutavotir”dan darajasi pastroq lekin “ohod”dan esa yuqoriroq deya bayon qiladilar. Shuning uchun ham Sodrush Shari’a bu borada quyidagicha qaydlaganlar: “Bu shunday ilmdirki, nafs bu borasida xotirjamlik tuyadi va yaqiniy ilm deb gumon qiladi. Lekin haqiqiy ma’noda ta’mmul qilinadigan bo’lsa, u yaqin emasdir”. 

Hanafiylar bu borada quyidagicha dalillanadilar: “Mashhur bu garchi ikkinchi va uchinchi asrdlarda uni naql qilish mutavotir darajaga yetgan bo’lsada, lekin asl (birinchi tabaqa)da roviylar soni mutavotir darajasiga yetmagan xabardir. Unda roviylar soni kam bo’ladi. Yaqiniy ilm esa sanadda uzilishlikda shubha qolmagan ko’rinishdagina sobit bo’ladi. Bu ko’rinishda esa birinchi asr e’tiboridan sanaddagi uzilishga shubha qoladi. Mana shu hanafiy faqihlari va usulchilarining ko’plari ixtiyor qilgan gapdir. 

Quyida Hanafiy mazhabi istelohiga ko’ra mashhur atamasiga xos bo’lgan hadislarga misol keltirib, bu orqali hanafiy mazhabi ulamolari ushbu atama borasida qanday yo’l tutganliklari borasida yanada ravshanroq bayon qilib o’tamiz:

  “Rasululloh sallollohu alayhi va sallam ayolni ammasi va xolasining ustiga nikohlashdan qaytardilar”. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilganlar. 

Bu hadisni sahobalardan ikki kishi ya’ni Abu Hurayra va Jobir roziyallohu anhumolar rivoyat qilganlar. Bu ulamolarning istelohlarida mahhur sifatida qabul qilingan hadislardan sanaladi.  

Mashhurda asosiy e’tibor beriladigan jihat ikkinchi va asrdagi holatidir, undan keyingi asrlarning ahamyati yo’q. Chunki ohodlar ommasi ana shu asrlarda shuhrat topgan bo’lsada, lekin mashhur atamasi bilan nomlanmagan. 

Mashhur va mutavotirning farqi shuki, mutavotir uch asrning hammasida sanadning barcha tabaqalarida mutavotir yo’li bilan naql qilingan bo’lsa, mashhur esa birinchi asrda mutavotirlik bo’lmagan, lekin keyingi ikki asrlarda esa buning aksi kuzatiladigan rivoyatdir. 

Ulamolar mashhur va mustafiz atamalarining ham orasini ajratadilar. Bunga ko’ra mustafiz ohod xabar turlaridan bo’lib, uch yoki undan ko’p roviy rivoyat qilgan xabar sanaladi. Lekin mashhur esa u aslida ohod bo’lgan, keyin uni ikkinchi va uchinchi asrdagi roviylar tomonidan yolg’onga kelishib olishi gumon qilinmaydigan darajada rivoyat qilingan, ummat qabul qilgan narsadir”.   

Manba: “Qovaid fi ulumil hadis ala manhajis saadatil hanafiya” 

Isoqjonov Muhammadibrohim

Bilim yurti mudarrisi