Яратилиш санаси 01.12.2023

Aqiqa – bolaga garovdir

“Aqiqa” so’zi arab tilida “oqizmoq, ketkazmoq” degan ma’nolarni anglatadi. Yana, Alloh taolo farzand berganiga shukur sifatida so‘yiladigan qurbonlikka ham aqiqa deyiladi. Aqiqa - bolaga turli xil balo, tuzalmas kasalliklar yetmasligi umidida uning nomidan biror jonliqni so‘yib, sadaqa qilishdir. Bu haqida  Rosululloh ﷺ bunday deganlar:

وعن سلمان بن عامر الضبي أن النبي ﷺ قال “ :مع الغلام عقيقة، فأهريقوا عنه دماً، وأميطوا عنه الأذى”
رواه البخاري
Salmon ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh (ﷺ): «Yangi tug‘ilgan bolaga aqiqa qilinglar, qon oqizib, aziyatlarni daf qilinglar» dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati)

Payg‘ambar alayhissalom islomdan avvalgi so‘yilgan jonliqning qonini tug‘ilgan bolaning boshiga surtishdan ham qaytarganlar. Bunga Abu Buraydadan keltirilgan quyidagi hadisni misol qilib keltirishimiz mumkin:

عن بريدة قال : "كنا في الجاهلية إذا ولد لأحدنا غلام ذبح شاة ولطخ رأسه بدمها ، فلما جاء الله بالإسلام كنا نذبح شاة ونحلق رأسه ونلطخه بزعفران" رواه أبو داود

Burayda roziyallohu anhu aytadilar: “Johiliyatda birimiz (o’g’il) bola ko’rsa bitta qo’y so’yardik va uni qonidan (bolaning) boshiga surtardik. Alloh taolo bizga islomni berganidan so’ng, bitta qo’y so’yadigan va (bolaning) boshiga za’faron surtadigan bo’ldik”. (Abu Dovud rivoyati)
Hozirgi zamonamizdagi xo‘roz so‘yib, uning qonini bolaning boshiga surtish ham johiliyatning odatlaridan bo’lgan bir amaldir. Bunday ishlarni aslo qilmaslik lozim.

Samura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda: Rosululloh (ﷺ):

عن سمرة بن جندب قال :قال رسول الله” :ﷺكلُّ غلامٍ رَهينةٌ بعقيقتِهِ تُذبَحُ عنهُ يومَ سابعِهِ ويُحلَقُ ويُسَمَّى”
رواه أبو داود

“Aqiqa bolaga garovdir. Yettinchi kuni (jonliq) so‘yiladi, ism qo‘yiladi va soch olinadi” dedilar. (Abu Dovud rivoyati)

Shu ya’ni 7-kuni farzandning sochlari ham olinib, sochiga teng miqdorda oltin yoki kumush sadaqa qilinadi.

Aqiqa qachon so'yilishi haqida esa quyidagicha keltirilgan:

Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Aqiqa yettinchi, yoki o‘n to‘rtinchi, yoki yigirma birinchi kuni so‘yiladi”- deganlar (Bayhaqiy “As-sunanul kubro”da, Tabaroniy “Avsat”da rivoyat qilgan.)

وذهب الحنفية إلى أنها مستحبة قال الإمام القدوري في التجريد قال أصحابنا” : العقيقة مُسْتَحَبَّةٌ وليست بِسُنَّةٍ”

Hanafiylar aqiqani mustahab deyishgan. Imom Quduriy «At-Tajriyd» kitobida keltiradilar: «Sohibimiz (Abu Hanifa): «Aqiqa mustahabdir, sunnat emas» deganlar»

Xulosa qilishimiz mumkinki, yigirma birinchi kundan keyin ham istalgan vaqtda aqiqa joizdir.

Qurbonlikka yaroqli jonliq aqiqaga ham yaroqli bo‘ladi. Xo‘roz, tovuq, kurka va g‘oz kabi uy parrandalari, hamda go‘shti yeyiladigan yovvoyi xayvonlar qurbonlik niyati bilan so‘yilishi mumkin bo‘lmaganidek, aqiqa uchun ham so‘yilishi mumkin emas.

“Aqiqa qilishga qurbi yetmagan odam qarz olib bo‘lsa ham aqiqa qilishi kerak” degan gap shariatimizda yo‘q. Lekin zamonamizda avj olgan chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib chiqishda har ikkala qudalar tarafidan qilinadigan ortiqcha harajatlarni qila turib “Aqiqa qilib qo‘y so‘yishim shartmas, hozir sharoitim yo‘q” - degan bahona bilan aqiqani tark qilish noma’qul hisoblanadi. Masalaning shu tomonini inobatga olish kerak. 
(Vallohu subhanahu va ta'ala 'alam bis-sovaab)

Bobamirzayev Muhammadabdulloh

“Hidoya” o'rta maxsus islom 
bilim yurti talabasi