KONSTITUTSIYA – barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi”. Ushbu haqqoniy e’tirof O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 16 noyabrda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishda alohida ta’kidlandi.
Aslida ham, mamlakatimizda 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni yoqlab ovoz berdi. Bu, o‘z navbatida, Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganidan yaqqol dalolatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining avvalgi tahriri 1992 yil 8 dekabrda O‘zbekiston xalqi tomonidan “vakolatli vakillari timsolida”, ya’ni parlament a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputatlari tomonidan qabul qilinganini bilamiz. Bundan farqli ravishda, mamlakatimiz Asosiy Qonunining yangi tahririni “yagona O‘zbekiston xalqi” bevosita umumxalq referendumida – to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan qabul qildi.
Shu ma’noda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining haqiqiy muallifi xalqning o‘zidir. Fuqarolarning xohish-irodasi esa islohotlarning manbai va harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 7-moddasi birinchi bandida «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai», degan norma belgilab qo‘yilgan. Bu norma timsolida O‘zbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume’tirof etilgan xalq hokimiyatchiligi prinsipi, ya’ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanligini anglatuvchi tamoyil o‘rnatilgan.
Keyingi yillarda mamlakatimizda quyidagi prinsip va g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash lozimXulosa qilib aytganda, bugun Konstitutsiyamizning yangi normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Yangi tahrirdagi Asosiy qonunning qabul qilinishi bilan bu borada yanada mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asos yaratildi. Binobarin, Yangi O‘zbekiston o‘zining ushbu sohalardagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.
Konstitutsiyamizda Yevropa, Osiyo, Sharq va Amerika mintaqalarida joylashgan dunyo davlatlarining ijobiy konstitutsiyaviy tajribasi o‘z aksini topgan. Asosiy qonunimiz huquqshunos olimlar, siyosatshunoslar, ko‘plab xalqaro tashkilotlar mutaxassislari tomonidan sinchiklab o‘rganilgan bo‘lib, unga inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq normalari qo‘shimcha ravishda uyg‘unlashtirilgandir.
Ishonchimiz komilki, xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar xolis va to‘g‘ri ta’kidlaganlaridek, O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahrirda qabul qilinishi "Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun" tamoyili asosida xalq farovonligini yanada yuksaltirish, inson, fuqarolik jamiyati va davlatni jadal rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Otaxonov Adhamjon
Bilim yurti mudarrisi