Arab tili
Arab tili somiy tillar oilasining janubiy shahobchasiga oid bo‘lib, u o‘z geneologik taraqqiyotida uch bosqichni bosib o‘tdi: qadimgi adabiy arab tili, klassik adabiy arab tili va zamonaviy adabiy arab tili.
Qadimgi adabiy arab tiliga Arabiston yarim oroli va Suriyaning janubidagi ko‘hna obidalar va qoyalardan topilgan yozuvlar misol bo‘ladi. Ularning eng qadimgilari eramizning IV-VI asrlariga oiddir.
Klassik adabiy arab tilida esa eramizning VI-VII asrlarida asarlar bitilgan. Biz ularda mukammal grammatik qurilishga ega bo‘lgan, keng leksik tarkibli, johiliy davri nazmi va qabilalar lahjalarining nodir xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan boy tilni ko‘ramiz. Klassik adabiy arab tili hozirgi zamon adabiy arab tilining shakllanishi uchun zamin bo‘ldi. IX-X asrlarda klassik davrning adabiy tili to‘la shakllanib bo‘ldi. Bu davrga kelib Qur’oni karim, qadimiy nazm va Quraysh lahjasi ta’sirida arab yozuvi, sarf va nahvi shakllandi.
Qur’oni karimning nozil bo‘lishi bilan klassik arab tili badiiyati yanada go‘zallashdi va grammatik me’yorlar mukammallashdi. Yetuk grammatik nizom va lug‘at boyligiga ega bo‘lgani uchun klassik arab tili qabilalar o‘rtasidagi adabiy til bo‘lib xizmat qildi. Uning lug‘at boyligi shevalar hisobiga ham ko‘payib bordi. Klassik arab tili islom dini bayrog‘i ostida Yaqin va O‘rta Sharqqa, Markaziy Osiyo va Afrikaning ko‘p hududlariga tarqaldi. Markaziy Osiyoda esa u uzoq muddat xalqaro va ilmfan tili bo‘lib keldi. Dunyo fani ravnaqida chuqur iz qoldirgan buyuk bobolarimiz Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Muhammad Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy va Ahmad alFarg‘oniylar shu tilda ijod qilishgan.
M.Hasanov va M.Abzalovaning "Arab tili darslari" kitobidan.
Muhitdinov Alisher
Bilim yurti mudarrisi