Hazrati Ayyub alayhissalomning Alloh taologa ko’rsatgan odoblari
Hazrati Ayyub alayhissalomga avval boshida Alloh taolo hayotlarida har jihatdan kengchilik ato qilgan edi. Rizqlarining kengligi shu qadar ediki, u kishida uch ming tuya, uch ming ot, mingta echkilari, besh yuzta xizmatchilari va juda katta-katta mevali bog’lari bor edi. Bunga yana qo’shimcha ravishda Alloh taolo Ayyub alayhissalomni solih farzandlar, pok siyratli va chiroyli ayol bilan siylagan edi. Alloh taoloning xohishi ila Ayyub alayhissalomga juda og’ir sinovlar keldi. U kishining katta-katta bog’lari yonib kul bo’ldi, chorvalari o’lib, farzandlari baxtsiz hodisada halok bo’ldi. O’zlari esa og’ir kasallikka chalindilar. Ayyub alayhissalom o’zlarida sabr va shukurni mujassam qildilar va bir o’rinda Alloh taologa shunday duo qildilar:
وَأَيُّوبَ إِذْ نَادَى رَبَّهُ أَنِّي مَسَّنِيَ الضُّرُّ وَأَنْتَ أَرْحَمُ الرَّاحِمِينَ
Ayyubning esa Parvardigoriga nido qilib: "(Parvardigorim,) menga musibat yetishdi. O'zing rahmlilarning rahmlirog'idirsan", - deb iltijo qilgan paytini (eslang). (Anbiyo surasi, 83-oyat).
Bu duoda bandaning ojizligiga juda ajib na’muna bordir. U kishi Allohdan o’zlariga “Allohim, shifo ber, ofiyat ber” deya to’g’ridan to’g’ri oddiy lafzlar bilan ham so’rashlari ham mumkin edi, lekin ubudiyat ishi odobga monand bo’lishi kerak edi. U zot sabr va odob ila shunday go’zal so’zladilarki, Alloh taolo tomonidan xabar keldi:
إِنَّا وَجَدْنَاهُ صَابِرًا نِعْمَ الْعَبْدُ إِنَّهُ أَوَّابٌ
Darhaqiqat, Biz (Ayyubni) sabr qiluvchi deb topdik. U naqadar yaxshibandadir! Haqiqatan, u (Alloh yo'liga) butunlay qaytuvchidir! (Sod surasi, 44-oyat).
Alloh taolo “abror”, “naqadar yaxshibandadir”, “u (Alloh yo'liga) butunlay qaytuvchidir” deb, mana shu uch so’z bilan Ayyub alayhissalomga izzat ko’rsatdi. Natijada, har mo’min qiyomatgacha Qur’oni karimni tilovat qilar ekan, shu laflarni o’qib, Alloh taologa bo’lgan odobning namunasiga qayta-qayta yuzlanadi va ajrga erishaveradi.
Isoqjonov Muhammadibrohim
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi