Яратилиш санаси 22.12.2023

Hazrati Iso alayhissalomning Alloh taologa ko’rsatgan odoblari

Alloh robbul izza qiyomat kunida nasorolardan: “Sizlar nega Iso va uning onasini sherik qildingiz?” Deya so’raydi. Shunda ular u zotning o’zi bizga shunday degan deb o’zlarining xato e’tiqodlaridan kelib chiqqan gapni ro’kach qiladilar. Keyin Alloh taolo Iso alayhissalomning o’zlaridan: 

أَأَنْتَ قُلْتَ لِلنَّاسِ اتَّخِذُونِي وَأُمِّيَ إِلَهَيْنِ مِنْ دُونِ اللَّهِ

Alloh: “Ey, Iso ibn Maryam! Odamlarga, sen Allohni qo'yib, meni va onamni ikki iloh qilib olinglar,deb aytdingmi?” (Moida surasi, 116-oyat). 

 Alloh taolo “sen Allohni qo'yib, meni va onamni ikki iloh qilib olinglar,deb aytdingmi?” Deb so’raganida, Iso alayhissalomning javoblari “yo’q men aytmadim” deya umumiy, odobga xilof ravishda ham bo’lishi mumkin edi. Lekin U zot bunday qilmadilar balki manfiy ko’rinishda javob berish o’rniga musbat holatda javob berdilar:

سُبْحَانَكَ مَا يَكُونُ لِي أَنْ أَقُولَ مَا لَيْسَ لِي بِحَقٍّ إِنْ كُنْتُ قُلْتُهُ فَقَدْ عَلِمْتَهُ تَعْلَمُ مَا فِي نَفْسِي وَلا أَعْلَمُ مَا فِي نَفْسِكَ إِنَّكَ أَنْتَ عَلامُ الْغُيُوبِ

(Iso) dedi: “Ey, Pok zot! Haqqim yo'q narsani aytishim joiz emasdir. Agar uni aytgan bo'lsam, Sen uni bilgan bo'larding. Sen dilimdagini bilursan, Men “dilingdagini” bilmasman. Albatta, Sen o'zing g'oyib narsalarning bilimdonidirsan. (Moida surasi, 116-oyat).

Shunday qilib Nasorolarning yolg’onlari fosh bo’lgach, Iso alayhissalom o’zlarining gunohkor ummatlarini Alloh taolodan kechirishini so’rab, oddiygina: “Ularni azoblabagin” demadilar. Chunki bunday tarzda so’zlashlik Alloh taologa bo’lgan odobga xilof edi. Shuning uchun Ul zot quyidagiday marhamat so’rab, ilohiy odobga go’zal namuna ko’rsatib berdilar:

إِنْ تُعَذِّبْهُمْ فَإِنَّهُمْ عِبَادُكَ وَإِنْ تَغْفِرْ لَهُمْ فَإِنَّكَ أَنْتَ الْعَزِيزُ الْحَكِيمُ

Agar ularni azoblasang, albatta, ular (o'z) bandalaring. Bordiyu ularni kechirsang, albatta, Sen o'zing qudrat va hikmat egasidirsan”. (Moida surasi, 118-oyat).

Ismailov Akramxon

“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi