“Al-Jome’” asarining mazmun-mohiyati va o‘ziga xosligi (1-qism)
Termiziyning ijodiy faoliyatida yaratilgan asarlari ichida “al-Jome’ as-sahih” (Ishonchli to‘plam) eng asosiy o‘rinni egallaydi. Ushbu asar yuqorida qayd qilganimizdek, “al-Jome’ al-kabir”, (Katta to‘plam), “Sahih Termiziy”, “Sunani Termiziy” (Termiziyning sunanlari) kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Tarixchi Ibn Hajar al-Asqaloniyning yozishicha, Termiziy ushbu asarini 270-hijriy (884-milodiy) yilda, ya’ni qariyb oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga erishgandan keyin yozib tugatgan[1].
Ushbu asar qo‘lyozmalari dunyoning bir qancha shaharlarida, shuningdek, o‘zimizda, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda. Muhim manba sifatida “al-Jome’ as-sahih” bir necha marta nashr qilingan. Bunga dalil sifatida 1283 (1866) yili Mitohda, 1292 (1875) yili Qohirada, shuningdek, 1980-yili Bayrutda nashr etilganligini ko‘rsatish kifoya qiladi. Termiziyning bu muhim asariga bir qator sharhlar ham yozilgan bo‘lib, ulardan ibn al-Arabiy (vafoti 543-hijriy, 1148-milodiy yili) nomi bilan mashhur bo‘lgan imom, hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh Ashbiliyning “Oridat al-Ahvaziy ala kitob Termiziy” nomli 13 juz’ (qism)dan iborat sharhlarini keltirish mumkin. Ushbu sharh dastlab 1931-yilda Qohirada nashr qilingan.
Avval eslatib o‘tganimizdek, III/IX asr hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblanadi. Dastlab bu davrda yashab ijod qilgan Imom Buxoriy, Imom Muslim kabi allomalarning sermahsul faoliyati katta ahamiyat kasb etadi.
O‘z ustozlari Imom Buxoriy, Imom Muslim asos solgan xayrli ishni Imom Termiziy chuqur mas’uliyat va katta idrok bilan davom ettirdi. Hadisshunoslikning ilmiy asosda rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shib, musulmon dunyosidagi eng nufuzli muhaddislardan biri darajasiga ko‘tarildi. Abu Iso Termiziyning shoh asari bo‘lmish “al-Jome’ as-sahih” olim mashaqqatli mehnatining mahsuli sifatida hadis ilmida katta ahamiyatga ega. Eng avvalo shuni aytish kerakki, muallif o‘z asarini alohida-alohida boblarga bo‘ladi, imkoni boricha har bir hadis roviylarini keltiradi. Har bir hadisdan keyin uning ishonchli yoki ishonchsizlik darajasini aniqlab alohida ko‘rsatadi. Oldinroq biz asarini “As-Sunan” nomi bilan (Sunani Termiziy) atalishini ham eslatib o‘tgan edik[2]. Bu nom bilan atalishiga asosiy sabablardan biri — unda fiqh masalasiga doir ahkom hadislar juda ko‘p keltirilgan. Shular bilan bir qatorda asarda pand-nasihat, axloq-odob, go‘zal xulqu-fazilatlar xususida ham juda ko‘p hadisi shariflar keltirilganki, bu darajadagi hadislar hech bir muallif asarida uchramaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tarkibiy jihatdan asar quyidagi boblarga bo‘linadi. Undan tahorat, namoz, zakot, ro‘za, haj, janoza, nikoh, emizish, taloq, savdo-sotiq, qozilik ahkomlari, tovon to‘lash, me’yor, sayd, qurbonlik, nazr-nuzur, iymon, siyratlar, jihod, kiyim-kechak (libos), taomlar, ichimliklar (al-ashriba), xayr-ehson va saxovat, tabobat, farzlar, vasiyatnomalar, xayrixohlik va taqdir, xuruju-fitnalar, bashoratlar, shahodatlar, zohidlar, jannat va jahannam sifatlari, ilm, izn so‘rash, odob va axloq masalalari, Qur’on fazilatlari, qiroat, tafsir, duolar, manoqiblar (fazilatlar), illatlar haqidagi boblar keltirilgan[3].
Mana shu boblar asarda sarlavha tarzida bo‘lingan bo‘lib, bobga doir hadislar bo‘lim mazmunini to‘la-to‘kis ifodalaydi. Ushbu bobga doir masala bo‘yicha muallif bir qancha hadislarni keltiradi, so‘ng bu masala yuzasidan boshqa ulamoyu faqihlarning fikrlarini ham batartib bayon etadi. Undan keyin rivoyat qilingan hadisning sahih, hasan, zaif yoki g‘aribligi darajasiga o‘z munosabatini bildiradi. Shundan so‘ng hadis roviylari, sanadlari va sanadning o‘z ichiga olgan illatlari xususida o‘z fikrini bildiradi.
Yuqorida aytilgan fikrimizga misol tariqasida Abu Iso Termiziyning “al-Jome’ as-sahih” asarining “Tahorat” bobida “Safardagi va bir joyda muqim turgan kishi mahsisiga masx tortishi” haqida keltirilgan bir hadis xususida mufassal to‘xtalamiz.
“Bizlarga Qutayba so‘zlab berdi, unga Abu Avona rivoyat qilgan, u Said ibn Masruqdan, u Ibrohim Taymiydan, u Amr ibn Maymundan, u Abu Abdulloh Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan, u Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qiladilar. Rasuli akramdan mahsiga masx tortish haqida savol bilan murojaat qilganlarida, Payg‘ambar alayhissalom: “Safardagi kishi uchun uch kecha-kunduz, bir joyda muqim kishi esa bir kecha-kunduz o‘z mahsisiga masx tortadi”, deb javob qilganlar. Yahyo ibn Maiyn masx haqidagi Xuzaymadan rivoyat qilgan ushbu hadisni sahih (ishonchli) deydilar. Yuqorida zikri o‘tgan Abu Abdulloh Jadaliyning ismi esa Abu Abdulloh ibn Abd bo‘lib, ba’zan uni Abdurahmon ibn Abad ham deb atashar edi[4].
Imom Abu Iso Termiziy aytadilar: “Bu hadis hasan (ma’qul) va sahihdir”. Shu bob haqida Ali, Abu Bakr, Abu Hurayra, Safvon ibn Ussod, Avf Ibn Molik, Ibn Umar va Jariyrdan rivoyat etilgan hadis bor. Bizlarga Haddod rivoyat qildi, u Abul Ahvasdan, u Osim ibn Abu Najuddan, u Zar ibn Hubayshdan, u Safvon ibn Ussoddan, u aytdi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarida birga bo‘lgan chog‘larimizda bizlarga uch kechayu uch kunduzgacha choriq — mahsilarimizni yechmaslikka buyurardilar. Faqat junub bo‘lgandagina yechib, katta va kichik tahorat singanda ham, uyqudan keyin ham yechmas edik”.
Abu Iso Termiziy aytdilar: bu hadis sahih va hasandir. Hakam ibn Utayba va Hammod Ibrohim Naxaiydan, u Abu Abdulloh Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan rivoyat qilgan hadis sahih emas. Ali ibn Madiyniy xabar beradi: “Menga Yahyo Ibn Said aytdi, unga Shu’ba shunday degan: Ibrohim Naxaiy “Masx” haqidagi hadisni Abu Abdulloh Jadaliydan hech qachon eshitmagan. Zoida Mansurdan eshitganiga tayanib shunday deydi: «Biz Ibrohim Taymiyning hujrasida o‘tirgan edik, bizlar bilan birga Ibrohim Naxaiy ham bor edi. Shunda Ibrohim Taymiy bizlarga hadis rivoyat qildi, u Amr ibn Maymundan, u Abu Abdulloh Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan, u Payg‘ambar alayhissalomdan mahsi — choriqqa masx tortish haqidagi hadis edi. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy: “Ushbu bobdagi eng ma’qul hadis Safvon ibn Ussol tomonidan rivoyat etilgan hadisdir”, deydilar.
[1] Ibn Hаjаr Аl-Аsqаloniy. Tаhziyb аt-tаhziyb. – Qohirа: Dorul fikr. 2009. J-9. – B.389.
[2] Mirzo Kenjabek. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq. 2012. – B.15.
[3] Аllomа Аnvаrshoh Kаshmiriy. Al-Arf ash-shаziy. – Bаyrut. Dorul ihya аtturos аl-аrаbiya. – B.18.
[4] Аllomа Аnvаrshoh Kаshmiriy. Al-А’rf ash-shаziy. – Bаyrut. Dorul ihya аtturos аl-аrаbiya. – B.7.
Muhiddinov Muzaffar
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi