Salaf solihlarning Alloh taologa ko’rsatgan odoblari
Umar roziyallohu anhuning nabiralari Solim rohmatullohi alayhi bir kuni Makka haramiga tashrif buyurdilar. O’sha paytda u kishi bilan uchrashgani podshoh Hishom ibn Abdulmalik tashrif buyurdi. Hishom salom berganlaridan so’ng: “Hazrat, agar biror bir hojatingiz bo’lsa, aytsangiz, men sizga xizmat qilsam”, dedi. U kishi bunga javoban: “Ey Hishom, men Allohning uyi qarshisida turib Allohdan o’zgaga hojatimni bayon qilishdan Allohdan hayo qilaman”, dedilar. Bu o’rinda Allohga bo’lgan odobning taqozosi shundayki, faqat uning o’zidangina so’rab qo’llar ko’tariladi, xolos. Kutilmagan javobdan Hishom homush tortib qoldilar. Shu asnoda Solim rohmatullohu alayh haramdan chiqdilar. Shu vaqtda Hishom ham haramdan chiqdilar. Keyin Hishom Solimning oldilariga yaqinlashdilarda: “Hazrat, endi aytingchi, sizning qanday xizmatingizni qilsam, bo’ladi?” dedilar. Bunga javoban Solim rohmatullohi alayhi: “Hishom, menga shuni aytchi, sendan qay bir hojatimdan so’ray, dunyo ila bog’liq hojatlarimdan bo’lsinmi yoki din bilan?”, dedilar. Hishom ibn Abdulmalik Solim rahmatullohi alayhini o’sha davrda din masalasida peshvo kishilardan ekanligini bilar edi. Shuning uchun: “Hazrat, mendan dunyoyingizdan so’rang”, dedi. Solim rohmatullohi alayhi bu gapni eshitishi bilan: “Men dunyoni uning yaratuvchisi va egasi bo’lgan Zotdan ham so’ramayman-ku, sendan qanday so’ray?!” deya javob qildilar. Bu javobdan Hishomning yuzi shuvut bo’ldi. Haqiqat shuki, Solim rohmatullohi alayhi Alloh Robbul izzaga duo qilishga oid odobni ko’rsatib, dunyo egalari qarshisida dunyo so’rab qo’l cho’zmadilar.
Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning “Boadab bonasib” kitoblarilaridan tarjima qilindi.
Muhammadibrohim Isoqjonov
Bilim yurti mudarrisi