Umar ibn Abdulaziz rohimahullohning taqvolariga yana bir go’zal namuna
Malumki, Ummaviy xalifalar ham pochta xizmatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratganlar. Shu jumladan, Umar ibn Abdulaziz ham pochta xizmatini yaxshilashga katta hissa qo’shganlar. U zot bu sohada olib borgan islohotlar sirasiga pochta olib o‘tiladigan barcha yo‘llarda bekatlar va mehmonxonalar qurdirish, hayvonlar uchun sug‘orish havzalari va yem-xashak omborlari joriy qilish kabi ishlar kiradi.
Shu bilan birga, Umar ibn Abdulaziz rohimahulloh bu sohada ham taqvoga juda qattiq rioya qilar edilar. U zot pochta faqat musulmonlar hojati uchungina xizmat qilishi lozim deb bilar edilar. Bir kuni o’z ishchilariga asal sotib olishni va uni olib kelishda pochta xizmatidan biror narsa aralashtirilmasligini buyurdilar. Xodimlari esa uni pochta xizmati orqali oldirib keldi. Asal yetib kelganda: “Uni nimada olib kelindi?” deb so’radilar. Shunda: “Pochta xizmati yordamida”, deb javob berishdi. Bu javobni eshitgan Umar ibn Abdulaziz asalni sotishga, undan tushgan mablag’ni esa baytul molga o’tkazishga buyurdilar va: “Asalingni bizga fosid qilding”, dedilar.
Kalimulloh Mahmudov
Bilim yurti mudarrisi