Яратилиш санаси 19.01.2024

Anvar Shoh Kashmiriyning hayoti va ilmiy merosi

Buyuk muhaddis alloma  Muhammad Anvar Shoh Kashmiriy 1875-yil 26-noyabr (1292-hijriy yil 27-shavvol) shanba kuni ertalab Hindistonning Kashmir shahridagi Vodvon qishlog‘ida dunyoga keldi. Otalari Suhrovardiya tariqatidagi shayx, katta olimlardan edi. Onasi ham o‘ta ibodatli, soliha ayol edi.

Alloma 15 yoshlarida Qur’on o‘qishni boshlab, tez orada Qur’onni yod oldi. Ikki yil ichida otalari qo‘l ostida bir necha forsiy  tilda yozilgan risolalarni o‘qib chiqdi. So‘ng fors tilida bitilgan nasriy va nazmiy kitoblar, bayon va axloq-odobga tegishli kitoblarni o‘qib-o‘rgandi[1].   Allomaning shogirdi Bannuriy shunday deydi: “Men ustozim bunday deganini eshitganman: “Men yurtimizda keng tarqalgan fors tilidagi kitoblarni 5 yil davomida o‘qib-o‘rganganman”.

Anvar Shoh boshqa bolalar o‘yin-kulgu bilan o‘tkazadigan yoshlik davrini ilmu-ma’rifatni hosil kilishga karatganlar. U zot Jumaga o‘tar kechadan tashqari hecham tunlari uxlamasdi, balki tunlarini kitob mutolaasi bilan bedor o‘tkazardi.  Bordiyu mudroq bossa, o‘tirgan holda uxlardi[2].

Ilm talabidagi safarlari. Fors tili va bu tilda yozilgan ko‘plab asarlarni o‘qigach, tug‘ilib o‘sgan shaharlari Kashmir va uning atrofidagi shaharlarda arab tilini o‘rganishni  boshladilar. Arab tiliga tegishli   sarf (marfologiya), nahv (grammatika) fanlarini, mantiq, falsafa, astronomiya va boshqa bilimlarni egalladi. Anvar Shoh umrining gullagan davrlaridayoq ilmu ma’rifatda yetuk olim bo‘lib yetishdi. Allomaning shogirdi Badru olam (rohimahulloh) ustozidan quyidagilarni eshitgan  ekan: “Men 12 yoshimda Kashmirda odamlarga fatvo berardim. 9 yoshimda esa nahv (grammatika) va fiqh (islom huquqshunosligi) fanlarida yozilgan sharh (izoh) kitoblarni o‘qirdim”[3].

Keyinchalik bu zot Hindistonning eng gullagan, yorqin joyi – “Devband dorul  ulum universtiteti”ga bordi. Haqli ravishda Devbanddagi bu universitet Hind o‘lkasining “Qurtuba (Kardoba)”si va “Azhar”i deb sanalardi. Bu dargoh naqliy va aqliy bilimlar ustasi, mohir, dunyoga mashhur ulamolari ila charog‘on edi. Anvar Shoh bu ilm maskanida shunday shaxslar bilan suhbatda bo‘ldiki, ular umumiy bilimlar sohibi bo‘lishdan tashqari o‘zlarida oriflik, avliyolik sifatlarini jamlashgandi. Shuningdek, ular o‘tkir fikrli, o‘ta sezgirliklaridan tashqari shirinsuxan, mehribon, viqor, sunnat va taqvo, zuhdu parhezgorlik sohibi edilar. Ularga Shayx Muhammad Devbandiy[4] boshchilik qilardi.  Kashmiriy bu ulug‘ ustozdan o‘zi intiq bo‘lgan hikmatlarni topdi va uning zohiriy va botiniy ilmlari bulog‘idan qonib-qonib ichdi. Devbandda Anvar Shoh yana bir alloma, muhaddis Muhammad Is’hoq Madaniyga shogird tutindi. Ushbu ikki buyuk ustozlaridan hadisi sharif kitoblarini o‘tkazib oldi. Kashmiriy: “Men “Sahihi Buxoriy”ni,  “Sunani Abu Dovud”ni, “Jome’ut Termiziy”ni hamda Marg‘iloniyning “Hidoya” asaridan oxirgi ikki juz’ini shayximiz Mahmud(quddisa sirruhu)ga o‘qib bergan bo‘lsam, “Sahihi Muslim”, Nasoiyning kichik “Sunan”lari, ibn Mojjaning “Sunan”larini shayx Muhammad Is’hoq Kashmiriyga o‘qib berganman”[5].

Allomaning hadis rivoyat qilish ilmida o‘ta chuqur bilim egasi bo‘lgani hamda aqlli odamlarni hayratga soladigan darajada tezda yodlab olish qobiliyatlari bo‘lgani Alloh taoloning u zotga bergan katta in’omi edi. Bu zot tafsir va hadis ilmlarida Imom (peshvo), usul  va furu’ ilmlarida nufuzli manba, diroyat ilmida peshqadam bo‘lib,  tabaqot, tarix, siyar yo‘nalishlarini chuqur o‘rgangan edi.  Agar Imom  G‘azzoliy, Imom  Roziy, ibn Daqiyqul  Iyd, Ibn Hajar Asqaloniy asrlarida yashaganlarida shak – shubhasiz o‘sha muborak asrlar shodasidagi mashhur, oliy darajadagi dur bo‘lardi. Agar biror kitob o‘qisa undagi ma’lumotlar 25 yilgacha xotirasidan chiqmasdi. Bu gaplarni allomaning ko‘pgina shogirdlari kitoblarida yozib qoldirishgan. Xususan, shayx, muhaddis Husayn Ahmad Madaniy bu ma’lumotlarni ustozining o‘z og‘zidan eshitgan.

Anvar Shoh kuchli yodlash qobiliyati borligi bilan bir qatorda kitoblarni mutolaa qilishda ham o‘ta tezkor bo‘lgan. Ta’lim berishga kirishgan vaqtining o‘zida har kuni Misrda chop etilgan “Musnadu Ahmad” kitobidan 200 bet mutolaa qilar edi va sanaddagi roviylarni chuqurroq o‘rganib, muammoli joylarini yechardi. Mana shunday jiddu jahdni u zotning hanafiy mazhabidagi dalillar, hadislarni o‘rganishida ham ko‘rish mumkin. Umrlarining oxirida Iso(a.s.)ning yerga tushishlari borasidagi hadislarni jamlash maqsadida yana bir karra o‘qigan kitoblarini qaytib o‘qib chiqqanlar[6].

Allomaning hadis kitoblari bilan shug‘ullanishlari haqida. Shayx Kashmiriy “Sihohi sitta”ni o‘qib-o‘rgangach, yana ko‘plab hadis kitoblarini o‘rganib chiqqanlar. Jumladan, “Musnadi Dori1miy”, “Musnadi Ahmad”, “Muntaqoi ibn Jorud”, Hokimning “Mustadrak”i, “Sunani Doroqutniy”, “Musannafi ibn Abu Shayba”, Hofiz Nuriddin Haysamiyning “Majmauz zavoid”i, Suyutiyning “Jomeus sag‘ir”i, Muttaqiy Hindiyning “Kanzul  ummol”i, yana qanchadan – qancha kitoblarni Hind zaminida va ikki haram hududida o‘qiganlari borki, uni Alloh taoloning o‘zi biladi xolos[7].

Allomaning ilg‘or shogirdlaridan biri Sayyid Muhammad Yusuf Bannuriy aytadi; “Shayximiz hadis kitoblariga yozilgan sharh kitoblaridan ikki yuzdan oshig‘ini o‘qib chiqqanlar”.

Masalan, “Sahihi Buxoriy”ga tegishli bo‘lgan o‘ttiztacha qo‘lyozma va bosma turdagi sharh kitoblarni o‘qib – o‘rgangan. Jumladan, Muqaddima va 13 juzli Hofiz Ayniyning “Umdatul  qoriy”, Qastaloniyning 10 juzli “Irshodus soriy” kitoblari bunga yorqin misoldir. “Sahihi Buxoriy”dan dars berib yurganlarida “Fathul  boriy” kitobidan har darsni birma – bir ko‘rib borardi. Ba’zan “Sahihi Buxoriy”dan ko‘ra “Fathul  boriy”ni o‘qish ancha ilgarilab ketardi. Alloma “Sahihi Buxoriy”ning matnini 13 marta o‘qib chiqqan[8].

[1]Аbdulhаy Lаknаviy. Nuzhаtul хаvotir. – Bаyrut: Dorul ibn Hаzm. 1420. J-8. – B.1198; 

*Аbul Fаttoh Аbu G’uddа.Muqаddimаtu аlа “Аtаsriyhu bimа tаvotаrа fi nuzuli Mаsiyh li Аnvаr Shoh Kаshmiriy. – Bаyrut: Dorul qаlаm. 5 nаshr, 1412. – B.13.

[2] Аllomа Аnvаr Shoh Kаshmiriy. Аttаsriyhu bimа tаvotаrа fi nuzuli Mаsiyh.– Bаyrut: Dorul qаlаm. 5 nаshr. 1412. – B.14.

[3] Kаshmiriy. Rаsoilu imom Kаshmiriy. – Kаrotishiy: Idorаtul Qur’on.1416.J-1. – B.10.

[4] Yusuf Bаnnuriy. Nаfhаtul аnbаr fi hаyati Аnvаr. – Kаrotishiy: Mаktаbаtul Bаnnuriyya. 1424.– B. 6.

[5] Аllomа Аnvаr Shoh Kаshmiriy. Аttаsriyhu bimа tаvotаrа fi nuzuli Mаsiyh. – Kаrotishiy: Idorаtul Qur’on. – B.15.

[6] Yusuf Bаnnuriy. Nаfhаtul аnbаr fi hаyati Аnvаr. – Kаrotishiy: Mаktаbаtul Bаnnuriyya. 1424.– B.26.

[7] Yusuf Bаnnuriy. Nаfhаtul аnbаr fi hаyati Аnvаr. – Kаrotishiy: Mаktаbаtul Bаnnuriyya. 1424.– B.48.

[8] Yusuf Bаnnuriy. Nаfhаtul аnbаr fi hаyati Аnvаr. – Kаrotishiy: Mаktаbаtul Bаnnuriyya. 1424.– B.49.

Muhiddinov Muzaffar

"Hidoya" o'rta maxsus islom 
bilim yurti mudarrisi