YOSHLAR BIZNING KELAJAGIMIZ
Ma’lumki, o‘spirinlik vaqti insonning fe’l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr bo‘lib, ayni shu davrda ularga alohida ahamiyat qaratmoq lozim. Albatta bunda avvalo ota-onaning, ustozning va jamiyatning mas’uliyati katta. Alloh taolo Qur’oni karimning “Tahrim” surasi 6-oyatida shunday buyuradi:
“Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)”.
Hazrati Umar raziyallohu anhu ushbu oyat nozil bo‘lgandan so‘ng suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallamdan: “Yo, Rasululloh, o‘z nafsimizni-ku saqlaymiz, ahlimizni qanday saqlaymiz?”, – deb so‘ragan edilar. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Alloh sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsa, ularni ham qaytarasizlar. Alloh sizlarni nimaga buyursa, ularni ham buyurasizlar. Ana o‘sha ularni o‘tdan saqlash bo‘ladi”, – deb javob berganlar.
Yoshlarni, farzandlarimizni go‘daklik chog‘idan, avvalo, ularga Yaratgan Zotni tanitish va ularni imon-e’tiqodli, diniga, Vataniga xizmat qiladigan komil inson bo‘lib etishishlariga jiddiy ahamiyat berish lozim.
Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuradilar. Ayrim yoshlar umrining eng navqiron paytini choyxonalarda, kompyuter o‘yingohlarida o‘tkazmoqda. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, – deya bunga beparvo qaraydilar. Aslida yoshlik paytida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.
So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi qanchadan-qancha alloma bobolarimiz 7-8 yoshlarida Qur’oni karimni to‘liq yod olishgan. Bundan tashqari tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirishgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim darajasiga ko‘tarilgan.
Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarga yo‘naltirishlari lozim. Ulamolarimiz aytadilarki:
“Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi”.
Tarixdan bizga ma’lumki, qanchadan-qancha ulug‘larimiz, buyuk ajdodlarimiz yosh yigitlik davrida butun bir qo‘shinni yoki katta bir saltanatni boshqara olgan. Masalan, Ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur 12 yoshida otasi o‘rniga Farg‘ona ulusining hokimi bo‘lgan va yosh bo‘lishiga qaramay ko‘plab siyosiy islohotlar qila olgan. Amir Temurning uchinchi farzandi Mironshoh Mirzo esa 14 yoshida Xuroson hokimi bo‘lgan. YOki 1453 yili may oyida Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh Qustantiniyaning fath qilganda 23 yoshda edi...
Hozirda yurtimizda ilm olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yoshlarga, ayniqsa ularning zamonaviy bilim olishiga, e’tibor kuchaydi. Nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Muhtaram prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yil O‘zbekistonda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinganligi ham yurtimizda yoshlarni ilm olishiga qanchalik e’tibor qaratilganligiga yaqqol dalil desak adashmagan bo’lamiz.
Hozirgi yoshlarimizni imkon qadar chet tillarini, ayniqsa, g‘arb va sharq tillarini mukammal bilishlariga ahamiyat berishimiz darkor.
Xozirgi kunda, internetda, ijtimoiy tarmoqlarida yoki xorijga borganda, bemazhablik yoki Islom ulamolari qoralaydigan “Hizbut-tahrir” kabi adashgan oqimlar ta’siriga tushib qolishdan saqlanishlari lozim. Xorijdan turib feysbuk yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimizni dinsizlikda ayblaydigan soxta da’vatchilar, turli bid’atchi firqalarning makridan ehtiyot bo‘lishlari darkor.
Rashidov Abrorxo’ja
Bilim yurti xodimi