Bishr Xofiy rohimahullohning Alloh taologa ko’rsatgan odoblari
Hazrat Bishr Xofiy rohmatullohi alayhi yosh yigitlik politsiya mahkamasida mulozim bo’lib xizmat qilar edilar. G’aflat ichra hayot kechirar edilar. Bir kuni ish yuzasidan uyidan chiqdilar. Yo’lda ketayotganlarida yerda yotgan qog’ozga ko’zlari tushadi. E’tibor bersalar, ushbu qog’ozda Alloh taoloning ismi yozilgan ekan. Yurishdan to’xtab, boyagi qog’ozni yerdan oldilar hamda uni tozalab, oyoq tagida yotmasin deb baland joyga olib qo’ydilar. Shundan so’ng ishlaridan bo’shab, uylariga qaytganlarida u kishi bilan uchrashgani kelgan bir komil valiyga duch keldilar. Komil valiy u kishiga: “Alloh taolo menga: “Bishr Xofiyning oldiga bor va: “Sen mening nomimni ulug’laganing kabi men ham sening nomingni dunyoda ulug’layman”, degan so’zimni yetkaz”, deya ilhom qildi”, dedilar. Bu so’zlar u kishining qalblarida chaqmoqdek chaqnadi. Shundan so’ng tavba qilib, ruhoniy dunyoning mashhur avliyolardan biri bo’ldilar. “Alloh” lafziga ko’rsatgan odoblari sabab u kishi qanday ulug’ maqomlarga ko’tarildilar.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning “Boadab bonasib” kitoblaridan tarjima qilindi.
Muhammadibrohim Isoqjonov
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi