Яратилиш санаси 30.01.2024

OLIYJANOB  XULQ

Alloh taolo aytadi:

«Albatta, Allohning huzurida eng hurmatliyingiz eng taqvodoringizdir», (Hujurot, 13).

Islom dinida bu ma’noda yagona mezon sifatida ilohiy o‘lchov joriy etilgan. Bu o‘lchov insonlar qadrini faqat bitta narsaga qarab, ya’ni, insonning taqvosiga qarab o‘lchaydi:

Yer yuzida insonlarning qadr-qiymati ushbu ilohiy o‘lchov bilan o‘lchangandagina turli nizolar, urush-janjallar va kelishmovchiliklar barham topadi.

Xuddi shu oyatning ma’nosida Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalomdan ko‘plab hadislar kelgan.

Imom Muslim Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda, «Albatta, Alloh suratlaringizga va molu dunyolaringizga qaramaydi, balki qalbingiz va amalingizga qaraydi», deyiladi.

Payg‘ambarimiz alayhissalom Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhuga:

«Nazar sol, sening agar taqvoda ortiqliging bo‘lmasa, qizildan ham, qoradan ham yaxshi emassan», deganlar.

Alloh taolo Qalam surasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib:

«Va, albatta, sen ulkan xulqdasan», degan (4-oyat).

Bu oyati karima Payg‘ambar alayhissalom uchun katta va oliy bahodir. Alloh u zotga xitob qilib, u kishining xulqlarini ulug‘lik bilan sifatlamoqda. Oisha onamizdan u kishining xulqlari haqida so‘rashganda, «Xulqlari Qur’on edi», deb javob berganlar. Ya’ni, Muhammad alayhissalom Qur’ondagi oliy xulqlar bilan xulqlanganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam Qur’ondagi barcha yaxshi odob-axloqni o‘zlariga singdirganlar.

Payg‘ambarimizning o‘zlari:

«Men yaxshi xulqlarni batamom qilish uchun yuborilganman», deganlar.

Boshqa bir hadislarida esa:

«Kishi yaxshi xulqi bilan kunduzni ro‘za tutib, kechasini namoz o‘qib o‘tkazadiganlar darajasiga yetadi», deganlar.

Umuman, odob-axloh, yaxshi xulqqa Islomda katta e’tibor berilgan. Mazkur oyat ham shulardan biridir.

«Va, albatta, sen ulkan xulqdasan», degan xitob bilan Alloh O‘ziniing mahbub Payg‘ambarini naqadar chiroyli axloq egasi ekanliklarini ta’kidlamoqda.

Xullas, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xulqlari haqida har qancha gapirilsa oz. Mazkur oyatning o‘zi hamma narsadan ustundir. U kishiga ummat bo‘lish sharafiga noil bo‘lgan har bir musulmon ham u zotning karamli xulqlari ila xulqlanishi lozim.

Муҳитдинов Алишер

“Ҳидоя” ўрта махсус ислом
билим юрти ўқитувчиси