Яратилиш санаси 29.01.2024

Anvar Shoh Kashmiriyning hayoti va ilmiy merosi (2-qism)

Allomaning Hofiz ibn Hajar rahimahullohni maqtagani. Shayx Anvar Shoh Hofiz ibn Hajar rohimahullohning “Sahihi Buxoriy” ga yozgan sharhlarini ko‘p maqtardi va uni  hanafiy va shofe’iy mazhabidagi mohir, hofiz ulamolar tomonidan yozilgan boshqa sharhlardan afzal deb bilgan[1] hamda u zotning o‘zini “Dunyoning hofizi” deb atagan. Hofiz ibn Hajar rohimahullohning hayratlanarli darajadagi keng va chuqur ilm sohibi   ekanligi allomani lol qoldirardi. Shuning uchun Anvar Shoh Hofiz ibn Hajar rohimahullohning ba’zi o‘rinlardagi sovuqqonligidan ajablanardi. Gohida Hofiz “Bu yerda falon-falon narsalar bor” deb turib “Fath”da uni keltirmaganlar[2].

Allomaning Hindistonning bir necha ilm maskanlarida ta’lim berishi haqida. 1896 (hijriy 1313) yili yosh bo‘lishiga qaramay Devband universitetini bitirgach Anvar Shohga “Abdurrob maktabi”da dars berish topshirildi. Unda bir necha oylar dars berdi. So‘ng Dehli poytaxtida maktab ochdi va unga “Aminiyya maktabi”deb nom qo‘ydi. Uzoq-yaqindan bu bilim yurtiga ilmga chanqoq insonlar oqib kela boshlashdi. Anvar Shoh bu ta’lim maskanida hadis va tafsirning eng katta kitoblaridan dars o‘tardi. U zotning muborak qo‘llarida minglab odamlar tahsil olishdi. Allomani tug‘ilib o‘sgan ona shahri Kashmirga bo‘lgan intiqligi oshib ketgach bu maktabni tark etdi. Shogird va talabalari u zotni hasrat va nadomatlar bilan kuzatib qolishdi. Kashmirda 3 yil qoldilar va unda “Fayzu omin”(“Omma boyligi”) nomli maktab ochib, unda mudarrislik, muftiylik hamda tili va qalami ila ummatga pandu nasihat qildi[3].

So‘ng ikki haramga mushtoqligi oshib, 1906 (1323 hijriy) yili u yerlarga safar qilib boradi va Makkada bir necha oylarni tavof va qattiq mahzunlik, yig‘i bilan o‘tkazadi. Keyin Madinai munavvaraga borib, bir muddat turib chanqoqlarini qondirdi. U yerda “Ar-risolatul  hamidiyya” va “Al-husunul  hamidiyya” asarlarining muallifi fazilatli shayx Husayn Jassir Taroblusiy bilan uchrashdi hamda bir muddat qolib hadisning sanadlaridan ijoza oldi. Shuningdek, yana boshqa katta ulamolar bilan ham uchrashib, muhim masalalar borasida ilmiy suhbat qildi va bir-birlaridan ilmiy manfaat oldilar[4]. Anvar Shoh  Madinai Munavvara kutubxonasiga yaqinligini g‘animat bilib, undan samarali foydalandi. Xususan, “Shayxul  islom Orif Hikmat Husayniy” va “Mahmudiyya” kutubxonalarida nodir kitoblar saqlanardi. Shuning uchun bu kutubxonalarda tafsir va hadis fanlariga tegishli eng muhim, eng noyob asarlarni mutolaa qilishga berilganlar. Anvar Shoh  o‘z yurtlariga qalblari ilmu ma’rifatga to‘lib toshgan holda qaytdi. Anvar Shoh safardan qaytishi bilan Devbanddagi ustozlari hadisdan o‘z o‘rinlariga darslarga kiritishdi va Anvar Shoh tolibi ilmlarga “Sunani Termiziy”, ”Sahihi Buxoriy”lardan dars berdi. Ko‘p o‘tmay bu zot Devbandda ham, Hind o‘lkasida ham hadis ilmining eng katta ustoziga aylandi. Alloma bu yerda hadis ilmidan 13 yil davomida ta’lim berdi. Mazhablarni naql qilish va ularning dalillarini keltirish, sunnat devonlari, hadis sharhlari va oldin o‘tgan ulamolarning asarlarini yaxshi bilishda zamonaning eng ilg‘or olimiga aylandi. Kashmiriy hadis va fiqhni bir-biriga moslashga, muvofiq qilishga katta ahamiyat berardilar, Hanafiy mazhabini himoya qilar, uning to‘g‘riligi, ustunligiga kuchli dalillar keltirardilar. Alloh taolo u zotning darslari ila ko‘pchilik odamlarga manfaat etkazdi, uning qo‘l ostida ko‘plab fozil insonlar yetishib chiqib hadisdan dars berish va ilmni yoyish bilan shug‘ullandilar[5].

Shu o‘rinda buyuk alloma Anvar Shoh Kashmiriyning manoqiblari, ya’ni go‘zal fazilatlari haqida bir nechta misol keltirsak:

Anvar Shoh Kashmiriy aytadilar: “Men 137000 kitob o‘qidim. Farazan, agar Devband kutubxonasini kimdir yoqib, kul qilib yuborsa ham zarracha parvo qilmayman. Chunki u yerdagi kitoblarning hammasini yodlab olganman».

Anvar Shoh Kashmiriy hajga borganlarida bir kishida “Nurul izoh” kitobiga “Maroqul faloh” hoshiyasini yozgan olimning o‘z dastxati bilan qoldirgan nodir nusxani ko‘rib, egasidan so‘ragan ekanlar:

— Shu kitobni menga bir yilga bersangiz. Keyingi yil hajgacha men bu kitobni Devbandda bostirib sizga qaytaraman. 

— Kitobni berolmayman. Musannifning o‘z dastxati bilan qolgan...

— U holda bir kechaga berib turing.

Hazrat bir kechaga 500 sahifalik ushbu kitobni o‘qib, yodlab olgan ekanlar. Keyin uni Devbandda bostirib, keyingi yili hajga olib kelib solishtirishsa, oldingi kitobdagi xatolarni ham tuzatilgan holda chop qilingan ekan...

Anvar Shoh Kashmiriy aytadilar: “Alloh taolo menga shuncha zehn ato etdi-yu, lekin Qur’oni karimni yodlashni nasib etmadi. Har yili Ramazonda 30 kun e’tikof o‘tirib, Qur’oni karimni xatm qilaman, deb niyat qilaman. 30 kun ichida 30 sahifa Qur’on o‘qiy olaman xolos. Bir oyatni o‘qishim bilan Alloh taolo mening ko‘z o‘ngimda cheki yo‘q dengiz paydo qiladi. U yerdagi durlarni teraman deb, shu darajada kirishib ketamanki, natijada yana xatm qilolmay qolaman. Shuning uchun ham men Kalomullohni yodlay olmadim”.

Anvar Shoh Kashmiriy “Sahihi Buxoriy”ga “Fayzul Boriy” degan sharh yozib mashhur bo‘lib ketgan vaqtlarida dunyoning eng mashhur ulamolari (ular orasida Misr muftiysi Rashid Rizo ham bor edi) 300 nafar arab olimlari bilan Dehlidagi Shoh Jahon masjidiga Anvar Shoh Kashmiriyni ziyorat qilgani kelgan ekanlar. 300 nafar olim bilan so‘rashib chiqqanlaridan so‘ng hazrat devorga suyanib, yig‘lagan ekanlar. Shunda Rashid Rizo yig‘i sababini so‘raganda, u zot:

— Bir paytlar men shu yerda gadoylik qilardim. Bir necha marta kaltak ham eganman. Bir paytlar menga non bermagan bu go‘shada ilm sababidan bugun dunyoning eng zabardast olimlari qo‘limni o‘pdi[6]...

Alloh u kishidan rozi bo‘lsin!

[1] Аnvаr Shoh Kаshmiriy. Fаyzul boriy аlа Sаhihi Buхoriy. – Pokiston: Mаktаbаtu Rаshidiyya.1429.J-1.– B.33.

[2] Yusuf Bаnnuriy. Nаfhаtul аnbаr fi hаyati Аnvаr. – Kаrotishiy: Mаktаbаtul Bаnnuriyya. 1424.– B.50.

[3] Аbul Fаttoh Аbu G’uddа.Muqаddimаtu аlа Аtаsriyhu bimа tаvotаrа fi nuzuli Mаsiyh li Аnvаr Shoh Kаshmiriy. – B.16.

[4] Аnvаr Shoh Kаshmiriy. Hаyotu Kаshmiriy. – Bаyrut: Dorul qаlаm. 2005. – B.36.

* Abdulhay Laknaviy. Nuzhatul xavotir. – Bayrut: Dorul ibn Hazm. 1420. J-8. – B.1198.

[5] Abdulhay Laknaviy. Nuzhatul xavotir. – Bayrut: Dorul ibn Hazm. 1420. J-8. – B.1199.

[6] http://qadamjo.uz/index.php

Muhiddinov Muzaffar

"Hidoya" o'rta maxsus islom 
bilim yurti mudarrisi