O’z nomi va asarlari bilan butun insoniyatga na’muna bo’lgan inson
Hazrat Alisher Navoiyning hayoti va ijodi yoshlar ma’naviyatini rivojlantirishning bosh va etakchi omili hisoblanadi. Buyuk so‘z ustasining qimmatbaho, purma’no badiiy, ilmiy, tarixiy, ma’rifiy va tarjima asarlari – beqiyos adabiy merosi bugungi farahbaxsh kunlarimizda ham millatimizni yashatib, yashnatib kelayotgani shubhasiz. Ularda insonlarga mehr-saxovat ko‘rsatish, ezgu ishlar qilib, yurt farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shish kabi olijanob fazilatlar yorqin namoyon bo‘lgan.
Respublikamizning barcha joylarida shoir xotirasiga bag‘ishlangan adabiy kecha va ilmiy anjumanlarning yuksak uyushqoqlik bilan o‘tkazilayotgani fikrimiz isbotidir. Bunday kunlarda navoiyshunos olim va tadqiqotchilar hamda keng kitobxonlar tomonidan shoir asarlari qayta-qayta o‘qiladi, lirik merosining yangi qirralari kashf etiladi. Bu xayrli an’ana bundan keyin ham yangi kitoblar, bahsga chorlovchi fikr-mushohadalar uchun bitmas-tuganmas manba bo‘lib qolishi shubhasiz.
Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda Alisher Navoiyning asarlaridan tortib, hayoti va ijodiga doir ma’lumotlar ham boy manba bo‘lib xizmat qiladi. Biz shuni yaxshi bilamizki, murg‘ak bolaning ilk bor tarbiya oladigan makoni – oiladir, shuning uchun ham oila muqaddas tarbiya o‘chog‘i hisoblanib keladi.
Yosh Alisherning komil inson bo‘lib o‘sishida, bilim olishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarida albatta oilaviy muhitning ta’siri kuchli bo‘lgan. Bo‘lajak shoir yoshligidan o‘tkir zehni, fahm-idrokining kuchliligi bilan yaqinlarini lol qilgan. Bir marta o‘qigan narsasi yod qolardi, qayta o‘qishga hojat qolmasdi. SHu sabab ota-onasi Alisherni to‘rt yoshga kirishi bilan maktabga berishdi. Tirishqoq Alisher tezda ustozlari va tengdoshlarini lol qoldirib, ko‘pchilikdan o‘zib ketdi, hatto she’rlar yoza boshladi. Bo‘sh qoldi, badiiy asar mutolaasiga berildi. Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini juda yosh chog‘ida o‘qiy boshlagan, otasi buni sezgach, kitob o‘qishni taqiqlab qo‘yadi. Bunda ziyrak Alisher kitobni yod qilib olgan bo‘ladi.
Ko‘rinadiki, shoirlar sultoni yoshligidan tengsiz iqtidor sohibi bo‘lgan. Yosh chog‘ida ancha keksayib qolgan, xalq orasida “malik ul-kalom”(so‘z podshosi) e’tirofiga sazovor bo‘lgan mavlono
Alisher Navoiy mana besh asrdirki, she’riyat qasrini to‘lqinlantirib, hayratga solib kelmoqda. Xalqimizning sevimli shoiri “O‘zbekiston Qahramoni” Abdulla Oripov aytganidek:
Besh asrki, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir sher.
Temur tig‘i etmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher...
Alisher Navoiy juda og‘ir zamonda yashadi, ko‘plab nohaqliklarni ko‘rdi, bariga chidadi. Lekin qachonlardir adolat quyoshi barq urib chiqishiga ishondi. Biz chindan ham baxtlimizki, bobomiz orzu qilgan zamonda yashamoqdamiz. Yuksak ma’naviyatli, har tomonlama etuk yoshlardan har bir vaqt qadriga etish, bilimni puxta egallash talab etiladi. SHundagina xalqimizning ertangi kuni bugunidan ham porloq bo‘ladi.
Alisher Navoiy tasavvuridagi haqiqiy inson o‘z vatanini sevadigan, botir, qo‘rqmas, olijanob, xalqiga chin yurakdan xizmat qiladigan ozod insondir. Unday komil insonlar ilmni har qanday boylikdan afzal biladilar. CHindan ham, ilm va hunar boylikning kalitidir.
Hazrat Alisher Navoiy she’rda bu yorug‘ olamda o‘sib-ulg‘ayishga, ilm olib kasb-hunar egallashga va o‘zidan yaxshi nom qoldirib o‘tishga chaqirgan. SHoirning qator she’rlarida insonlarga g‘azab, kin, yomonlik qiluvchi kimsalar ayovsiz tanqid ostiga olingan. Ular orasida eng xavflisi sifatida o‘zini do‘st ko‘rsatib, ichimizga kirib sirlarimizni sotadigan yashirin dushmanlardir, ya’ni shoir yozganidek, “Xavfi ko‘prakdur aningkim, maxfiy bo‘lsa dushmani” . SHoirni bezovta qilayotgan yashirin dushman hech vaqt bo‘lmasligini chin dildan xohlaymiz.
Mustaqillik yillarida bobomiz Alisher Navoiyning asriy orzulari amalga oshdi. SHoirlar sultoni chindan ham xalqimizning ardoqli va atoqli farzandiga aylanib, cheksiz mehr-muhabbatga sazovor bo‘ldi.
Allomaning yorqin siymosi, o‘ynoqi va dilbar g‘azallari bundan keyin ham millionlab muxlislari qalbini hayratga solaveradi.
Mamatxodjayev To’xtasin
“Hidoya” oʻrta maxsus islom
bilim yurti xodimi