Amallardagi ixlos...
Insonlar imtihon boʻlmaguncha ularning ichidagi ixlosi va amallarining xolisligi yuzaga chiqmaydi. Hech qachon! Imtihon va musibatdagina oshkor boʻladi kimning kim ekanligi. Rivoyatlardan bilamizki, shayton laʼin boʻlishdan avval yeru osmonda bir qarich ham yer qoldirmasdan sajda va ibodat qilib chiqqan edi.Yaratilgan maxluqotlarning ichida hech kachon yigʻlamaydigani, yigʻlay olmaydigani shaytondir. Shayton yaratilibdiki, bir marta ham yigʻlamagan. Odam alayhissalom esa ikki yuz yil yigʻladi. Alloh taologa tavbasi qabul boʻlgunicha qalbidan iztirobla qon oqdi. Chunki Odam alayhissalomning sevgisi va ibodati haqiqiy, xolis edi.
Ammo... Iblis quvilishi bilan Bani Odamning oldidan, orqasidan, ustidan, tagidan, oʻngidan, chapidan kirib, ularni yoʻldan ozdirishga rozi boʻldi. Chunki shaytonning oʻsha bir qarich ham yer qoldirmasdan qilgan sajda va ibodatlarining ichida faqat koʻz-koʻz qilish va riyo yashirin edi. Ibodatlarida sidq yoʻq edi. Bir marta ham pushaymonlik his qilmadi va yigʻlamadi.Odam alayhissalom bilan imtihon boʻlganida esa bular oshkor boʻldi. Odam alayhissalomning ikki yuz yillik yigʻisi u zotning Allohga naqadar qalbdan bogʻlanganini va ibodatlarida saqlangan ixlosni oshkor qildi.
Abdulvohidov Muhammadyusuf
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti talabasi