O‘ZBEK MUMTOZ ADABIYOTINING YIRIK VAKILI
1483 yil 14 fevralda Andijonda tavallud topgan. O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili: buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda.
Boburning otasi - Umarshayx Mirzo Farg‘ona viloyati hokimi, onasi - Qutlug‘ Nigorxonim Mo‘g‘uliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi. Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy ta’lim, fiqh ilmi, arab va fors tillarini o‘rganadi, ko‘plab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qiladi, ilm-fanga, she’riyatga qiziqa boshlaydi. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan "Bobur" ("SHer") laqabini oladi.
Bobur otasi yo‘lidan borib, mashhur so‘fiy - Xoja Ahrorga ixlos qo‘yadi va uning tariqati ruhida voyaga etadi, umrining oxiriga qadar shu e’tiqodga sodiq qoladi. Otasi Axsida bevaqt, 39 yoshida fojiali halok bo‘lgach, oilaning katta farzandi, 12 yoshli Bobur valiahd sifatida taxtga o‘tiradi. SHu tariqa Bobur 12 yoshidan vafot etgunga qadar taqdir zarbalaridan juda katta muammolarga duch keldi va bu xatarlani oqilona fikr muloxaza yuritgan xolatda bartaraf etib bordi.
O‘tmish adabiyot va tarix, musiqa va san’atdan yaxshi xabardor bo‘lgan, diniy ta’limotga chin ixlos qo‘ygan Bobur har doim olimu fuzalolar davrasida bo‘ldi, xususan ijod ahliga, kasbu hunar sohiblariga samimiy ehtirom ko‘rgazib homiylik qildi, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib turdi. Bobur tabiatan ijodkor edi. Yigitlik yillaridan boshlab to umrining oxirigacha samarali ijodiy ish bilan shug‘ullandi, har qanday sharoit va aziyatlarda ham ijoddan to‘xtamadi, natijada har jihatdan muhim boy ilmiy va adabiy meros qoldirdi.
Bobur ijodida, xususan, she’riyatida kindik qoni to‘kilgan ona yurtini dil-dildan qo‘msash, uning tuprog‘iga talpinish, g‘ariblik azoblaridan o‘tli hasrat, yoru diyor sog‘inchi va visol ilinji, taqdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosozliklaridan nola badiiy tahlil etiladi.
Bobur ijodida, xususan, she’riyatida kindik qoni to‘kilgan ona yurtini dil-dildan qo‘msab shunday deydi.
Tole yo‘qi jonimg'a balolig' bo‘ldi,
Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig' bo‘ldi.
Bundan kelib chiqadiki Bobur umrini oxiri laxzalarida ham o’z vataniga talpinib yashagan.
Hozirda uning 119 g‘azali, bir masnu she’ri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qit’alari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham o‘rin olgan.
1526 yil 21 dekabrda Boburga qarshi suiqasd uyushtiriladi. Mahv etilgan Ibrohim Lo‘diyning onasi oshpazlar bilan til biriktirib, uning ovqatiga zahar qo‘shtiradi. SHuning asoratimi yoki ko‘p yillik mashaqqatli va qo‘nimsiz hayot ta’sirimi, har holda keyingi yillarda Bobur tez-tez kasalga chalinib turadi. 1527 yil oktyabrda Bobur yana xastalikka uchragach, umrining oxirlab qolganini his etadi. SHunda Bobur o‘zi e’tiqod qo‘ygan Xoja Ahror Valiy ruhidan najot tilab, ixlos bilan uning nasrda bitilgan "Volidiya" asarini she’riy tarjima qiladi. Humoyun Mirzoga atalgan ijtimoiy-axloqiy masalalarni tahlil etuvchi mashhur maktubi ham Bobur ijodiy faoliyatining yorqin qirralaridan biri bo‘ldi.
Bir necha muddat oldin podsholikni Humoyunga topshirgan Bobur 1530 yili 47 yoshida o‘zi asos solgan saltanat poytaxti Agrada vafot etdi va o‘sha erda dafn etildi, keyinchalik 1539 yilda vasiyatiga muvofiq hoki Qobulga keltirilib, o‘zi bunyod ettirgan "Bog‘i Bobur"ga qo‘yildi.
Abrorxo’ja Rashidov
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti xodimi