Tafsir ilmi...
Qur’oni Karim oyatlarining ma’nolarini fahmlash va uni tafsir qilib, o‘zgalarga ochiqlab berish shunday buyuk fazilatki, bu fazilat Alloh xayr berishni iroda qilgan baxtli kishilargagina nasib bo‘ladi.Agar dunyoda tafsir ilmidek sharafli bir ilm yo‘q, desak, sira ham mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Zero, tafsir ilmi orqali olamlar Rabbisining kalomi tushuniladi. Shu ilm orqali Parvardigor bilan suhbat quriladi. Bu ilm Allohning so‘zlarini tadabbur qilishga yordam beradi.
Tafsir ilmida kitob yozganlarning eng buyugi bo‘lmish Imom Tabariy rahimahulloh shunday degan edilar: Qur’oni Karimni o‘qib, qori bo‘lib, lekin Uning ta’vilini bilmaydigan insondan ajablanaman. Bu ahvolda u qanday qilib o‘qiyotgan narsasidan lazzat olarkin?! . Ha, Qur’on o‘qishni bilib, tafsiridan, unda yashiringan xazinayu dafinalardan, undagi maknun sir-asrorlaridan bexabar bo‘lgan inson juda ko‘p lazzatdan bebahra inson bo‘ladi.Kimki, tafsir bilimini o‘rganish va Qur’oni Karimni tafsir qilishga bel bog‘lagan ekan, bu ilm uni dindagi barcha ilmlarni egallashga yetaklaydi. U istasin, istamasin arab tilining fasohatu balog‘atini chuqurroq fahmlashga majbur bo‘ladi, arab tilisini mukammallashtirishga ehtiyoj sezadi va bu borada o‘z ustida ishlaydi, fiqh va uning usullari bilan tanishadi, oyati karimalardan muhkamu mutashobeh, nosixu mansux, omu xos, mutlaqu muqayyad va hokazolarni o‘rganadi.
Mahmudxon Ahmadxon o'g'li
“Hidoya” o'rta-maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi