Tafsir ilmi va uning ahamiyati
Qur’oni Karim oyatlarining ma’nolarini fahmlash va uni tafsir qilib, o‘zgalarga ochiqlab berish shunday buyuk fazilatki, bu fazilat Alloh xayr berishni iroda qilgan baxtli kishilargagina nasib bo‘ladi.
Tafsir (arabchadan — sharh, tushuntirish, ochib berish, izoh) — islom anʼanasiga asosan Qurʼon oyatlarini sharhlash, tushuntirib berish. Qurʼon oyatlarini tafsir qilish Muhammad sollallohu alayhi va sallam davrida vujudga kelib, bu ilm Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan sahobalarga, sahobalardan tobeʼinlarga meros qoldi. Sahobalar va tobeʼinlar asrida Tafsir ogʻzaki rivoyat va nakl shaklida boʻlib, taʼlif qilib yozilmagan. Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Masʼud va boshqa mashhur tafsirchi boʻlganlar.
Bu ummatning dengizi va buyuk din olimi degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu Qur’oni Karimni tafsir va ta’vil qilishda o‘z davrining har qanday vakilidan oldinlab ketib, peshqadam bo‘lgan va Qur’on tarjimoni degan nom bilan shuhrat qozongan.
Agar dunyoda tafsir ilmidek sharafli bir ilm yo‘q, desak, sira ham mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Zero, tafsir ilmi orqali olamlar Rabbisining kalomi tushuniladi. Shu ilm orqali Parvardigor bilan suhbat quriladi. Bu ilm Allohning so‘zlarini tadabbur qilishga yordam beradi. Tafsir ilmida kitob yozganlarning eng buyugi bo‘lmish Imom Tabariy rahimahulloh shunday degan edilar: Qur’oni Karimni o‘qib, qori bo‘lib, lekin Uning ta’vilini bilmaydigan insondan ajablanaman. Bu ahvolda u qanday qilib o‘qiyotgan narsasidan lazzat olarkin?! . Ha, Qur’on o‘qishni bilib, tafsiridan, unda yashiringan xazinayu dafinalardan, undagi maknun sir-asrorlaridan bexabar bo‘lgan inson juda ko‘p lazzatdan bebahra inson bo‘ladi.
Kimki, tafsir bilimini o‘rganish va Qur’oni Karimni tafsir qilishga bel bog‘lagan ekan, bu ilm uni dindagi barcha ilmlarni egallashga yetaklaydi. U istasin, istamasin arab tilining fasohatu balog‘atini chuqurroq fahmlashga majbur bo‘ladi, arab tilisini mukammallashtirishga ehtiyoj sezadi va bu borada o‘z ustida ishlaydi, fiqh va uning usullari bilan tanishadi, oyati karimalardan muhkamu mutashobeh, nosixu mansux, omu xos, mutlaqu muqayyad va hokazolarni o‘rganadi. Chunki, bularning bari Qur’oni Karim o‘z ichiga olgan narsalardandir.
Ha, Tafsir ilmi insonni tom ma’noda olim qiladigan va dindagi boshqa barcha ilmlarni ham egallashiga turtki bo‘ladigan ilmdir. Imom Ibn Abdul Barr rahimahullohning quyidagi so‘zlari ham so‘zimizning yorqin dalilidir. U kishi shunday deydilar: Ilmning avvali Allohning kalomini hifz qilib, Uning ma’nolarini tushunmoqdir. Allohning kitobini fahmlashga yordam beradigan boshqa barcha narsalar ham shu ilm qatorida vojibdir .
Shuning uchun ham tarix va kunimizga nazar solsak, Qur’oni Karimni tafsir qilgan olimlar boshqa ilmlarda ham peshqadam bo‘lganliklarining guvohi bo‘lamiz. Misol tariqasida, ma’sur yo‘nalishdagi tafsir sohasida birinchilardan bo‘lib mukammal kitob tasnif etgan zot, Mufassirlar peshvosi bo‘lmish Imom Tabariy rahimahullohni oladigan bo‘lsak, muarrixlar u kishini o‘z asrining biror kishisi teng kela olmaydigan ilm sohibi bo‘lganligini qayd etadilar. U zot Tafsir, hadis, fiqh, tarix va bir qancha ilmlarning bilimdoni edilar. Va ham hofizi Kalomulloh edilar. Qur’on oyatlarining ma’nolarini daqiq joylarigacha tushungan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini biluvchi, uning sog‘lom va zaifi, nosix va mansuxini ajratuvchi olim edilar. Bundan tashqari sahobalar va tobeinlardan va ulardan keyingi ulamolardan eshitilgan rivoyatlarni va ular o‘rtasidagi hukmlardagi muxoliflarni ham biluvchi kishi edilar. Abul-Abbos ibn Surayj rahimahulloh aytadilar: Muhammad ibni Jarir faqih olimdir . Imom Tabariy rahimahulloh tafsir ilmida Tafsir ilmining otasi degan nomga sazovor bo‘lganlar. Xuddi shuningdek tarix ilmida ham ushbu buyuk nomning egasidirlar.
Tafsir ilmining ahamiyati haqidagi kichik bahsimizni Ibn Atiyya rahimahullohning quyidagi go‘zal so‘zlari bilan yakunlamoqchimiz. U kishi aytadilar: O‘zim uchun hayotimda asqotadigan biror ilmni tanlab olib, uning nurini qabrimning zulmatini yoritish uchun tayyorlab qo‘yajagim narsa haqida bosh qotirdim. Barcha fanlarni turlarga ajratib, birma-bir taqsimlab chiqdim. Ularga tiyran nazar soldim, tafakkur qildim. Va bildimki, ilmning sharafi o‘sha ilm orqali bilinadigan narsa sharafining miqdoru ko‘lamiga bog‘liq ekan. Shunda ularning arqoni eng pishig‘i, tog‘lari eng mustahkami, asarlari eng go‘zali va nurlari eng porlog‘i Alloh taolo kitobining ilmi ekanligini anglab yetdim, qaysiki, Uning oldidan ham, ortidan ham botil yaqin yo‘lolmas, U Hikmat sohibi va maqtov sohibi bo‘lgan Zot tomonidan nozil qilingan. U Sunnatni ham, farzni ham o‘z ichiga olgan ilmdir. Va uni samoning amiyni-omonatdori Yerning amiyniga olib tushgandir. U shunday ilmki, Alloh uni shariatning asosi, tirgagi va mohiyati qilib qo‘ydi, boshqa barcha bilimlarni esa unga xizmat qiluvchi xodimlar qilib berdi.
Boltaboyev Abulqosim
“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti talabsi