Islomda sehr-joduga qanday qaraladi
Sehrgar Quroni Karimda qattiq qoralangan. Alloh taolo Toho surasining 69-oyatida bunday marhamat qiladi:
“Sehrgar qayerda bo’lsa ham, zafar topmas”
Sehr va sehrgarlik hadisi shariflarda ham qoralangan va mo’min–musilmon bandalarning bu harom ishga mutlaqo yaqinlashmasliklari lozimligi qayta-qayta ta’kidlangan. Abu Hurayra r.a rivoyat qilinadi:“Rasululloh s.a.v : “Kim tugun tugib, unga dam ursa, sehr qilgan bo’ladi. Kim sehr qilsa, Shirk keltirgan bo’ladi”, deb aytganlar”. Kim sehr bilan shug’ullansa shirk keltirgan bo’lishini yuqoridagi hadisda ta’kidlanmoqda, Alloh taologa shirk keltirish esa gunohi kabiralardan hisoblanadi.
Sehrga qarshi quyidagi sura va oyatlar o‘qilishi tavsiya etiladi:
1. Fotiha surasi.
2. Baqara surasi (imkoni bo‘lsa, to‘liq yoki Baqara surasining 102, Oyatul kursiy va mazkur surasi oxirgi oyatlari).
3. A’rof surasining 117-122-oyatlari.
4. A’rof surasining 139-oyati.
5. Yunus surasining 81-82-oyatlari.
6. Isro surasining 81-oyati.
7. Toha surasining 69-oyati.
8. Anbiyo surasining 18-oyati.
9. Anbiyo surasining 70-oyati.
10. Shuaro surasining 43-48 hamda 80-oyatlari.
11. Furqon surasining 23-oyati.
12. Muhammad surasining 28-oyati.
13. Ixlos surasi.
14. Falaq surasi.
15. Nos surasi.
Sehrga qarshi bularning hammasini o‘qish afzal. Ammo Fotiha, Baqara (Oyatul kursiy, suraning oxiri), Ixlos va muavvizatayn bilan cheklansa ham bo‘ladi. Shuningdek, besh vaqt namozdan keyin Oyatul kursiyni o‘qish odat qilib olinsa, manfaati ko‘p bo‘ladi, inshaalloh. Bu bilan banda Allohning himoyasiga kiradi, jin va shaytonlar zararidan saqlanadi hamda vafot etganidan so‘ng jannatga kirishiga sabab bo‘ladigan amalni qilgan sanaladi.
Mazkur sura va oyatlarni uch yoki yetti marta qiroat qilinadi. Buni suvga o‘qib, dam solib ichish ham mumkin. Sehrni muolaja qilishda e’tiqodni to‘g‘rilash, Allohga bo‘lgan imonni mustahkamlash, mana shu qiroat faqat Alloh izni bilangina manfaat berishini aniq bilish kerak bo‘ladi. Sehrgarlar sehri botil ish ekani, Alloh iznisiz biron sehrgar yoki jin va shayton bandaga zarar yetkazolmasligini bilish ham muhim. Agar banda buni o‘zi o‘qiy olsa, o‘ziga-o‘zi dam soladi. Aks holda e’tiqodi to‘g‘ri, ilmli va taqvoli kishiga dam soldiradi. Vallohu a’lam!
Rahimov Abdulbosit
“Hidoya” oʻrta maxsus islom
bilim yurti talabasi