Яратилиш санаси 18.02.2024

Voqea surasining fazilati

Voqea surasi Makkada nozil bo'lgan sura bo'lib 96-oyatdan iboratdur. Surani nomi uning birinchi oyatidagi "Vooqea'tun" kalimasidan olingan, uning manosi "voqea bo'luvchi" deganidir va qiyomatning nomlaridandir.

Voqea surasida qiyomat va unda bo'ladigan hodisalar, insonlar o'sha kuni uch toifaga bo'linishi va ularga beriladigan jazo hamda mukofotlar, Alloh ta'oloning biru-borligi va cheksiz qudrati va boshqa ishlar haqida bayonotlar keladi.

Voqea surasing fazilati: Hofiz ibn Asokir Abdulloh ibn Mas'ud haqida shunday rivoyat qiladi: “Abdulloh ibn Ma'sud vafot etishi arafasida betob bo‘lib qoldi. Usmon ibn Affon uning ziyoratiga kelib: “Nimadan shikoyating bor?” deb so‘radi. Ibn Ma'sud: “Gunohlarimdan”, dedi. Usmon ibn Affon: “Nimani xohlaysan?” deb so‘radi. Ibn Ma'sud: “Rabbimning rahmatini”, dedi. Usmon ibn Affon: “Senga tabib buyuraymi?” dedi. Ibn Ma'sud: “Tabib (ya'ni, Alloh) meni betob qildi”, deb javob qildi. Usmon ibn Affon: “U holda senga hadya buyurtiraymi?” deb so‘radi. “Unga hojatim yo‘q”, dedi Ibn Ma'sud Usmon ibn Affon: “Senda hojat bo‘lmasa, sendan keyin qizlaringga qoladi”, dedi. Ibn Mas'ud bunga javoban: “Qizlarimning kambag‘al bo‘lib qolishlaridan qo‘rqayapsanmi? Men ularga har kechada Voqea surasini o‘qishni buyurganman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kimki har kechada Voqea surasini o‘qisa, zinhor qashshoqlikka uchramaydi”, deganlarini eshitganman”, deb javob berdi”.

Voqea surasi keng rizqqa sabab bo‘lishi haqida bundan boshqa rivoyatlar ham bor. Jumladan, Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Voqea surasi boylik (keltiruvchi) suradir. U (sura)ni o‘qinglar va farzandlaringizga o‘rgatinglar” (Ibn Mardavayh rivoyati).

Xulosa shuki kimki voqea surasini har kecha o'qisa Allohning irodasi bilan rizqi keng hayoti farovon bo'ladi. Shuning uchun "Voqea" surasing har kuni shom namozidan so'ng o'qish xalqimiz orasida keng tarqalgan.

Akmalxanov Muhammad

“Hidoya” oʻrta maxsus islom

 bilim yurti talabasi