Яратилиш санаси 19.02.2024

VATAN SOG`INCHI..!

Vatan – Odam alayhissalom birinchi qadam qo'ygan tuproq, zurriyotlari to qiyomatga qadar istiqomat qiluvchi mo'tabar zamin. 

Vatan – nafaqat inson, balki butun mavjudot – tirik jon uchun o'ziga xos qo'nim topadigan maskan.

Vatan – din, millat, elat, boylik, nasab, yosh, rang, joy tanlamaydigan, chegarasi ko'rinmas ajib bir tuyg'u.

Vatan – eng ko'p qalamga olingan, sir-sinoatli, serqirra, serjilo go'sha. 

Keling, avvalo Biz quyida so`z yuritadiganimiz  “Islomda Vatan tushunchasi” kitobining yozilish tarixiga nazar tashlasak, muallif muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov kitobning yozilish sabablari haqida to`xtalib, quyidagilarni bayon etadi:

“Vatanga bo`lgan muhabbat qo`lga qalam olishga undadi. Natijada, kamtarona urinishlar samarasi o`laroq, kichik bir risola dunyoga keldi.” Balki shuncha o'tkir, ahamiyatli, zarur, dolzarb, muammoli masalalar qolib, oddiy bir mavzuga qo'l urilibdi, dersiz. Yo'q-yo'q! Xulosachiqarishga shoshilmang! Inkor ham qilmay turing! Mashhur qoidada: “Bir narsani bilmaslik o'sha narsaning yo'qligiga dalil bo'la olmaydi”, “Inkor qilish tushunishdan keyin bo'ladi”, deyiladi.

Mavzu dolzarb. Buni izohlash uchun zamondosh olimlardan birining xolisona aytgan fikrini keltirish yetarli: “Bugungi kunda bo'layotgan to's-to'polonlar, urush-janjallar, nohaq qon to'kilishi, notinchlik hamda obod joylarning vayron etilishidagi eng katta va asosiy sabab odamlarda Vatanga bo'lgan muhabbatning yetishmasligidir”, degan edi.

Darhaqiqat, bugungi kunda OAVda dunyoda bo'layotgan xurujlar haqidagi xabarlar berib borilmoqda. Unda muqaddas dinimizdagi mo'tabar tushunchalarni buzib talqin qilish oqibatida mana shu kabi holatlar kuzatilayotgani hech kimga sir emas.

Shiddat bilan kechayotgan bugungi asrda buzg'unchi g'oyalarni tarqatib, tinch yurtlarni vayron qilayotganlarning borligini hammamiz yaxshi bilamiz. Nima emish, go'yo Islom dinida Vatan tushunchasi haqida biror so'z aytilmagan, qiymatsiz, oddiy bir so'z ekan.

Ana o'sha puch va hech qanday dalilga ega bo'lmagan g'oyalar girdobiga tushib qolib, Vataniga, xalqiga, oilasiga, kerak bo'lsa, ota-onasiga qarshi chiqayotgan, hozirgi zamon ta'biri bilan aytganda, vatanfurushlik qilayotgan g'alamislarning borligi achinarli holat, albatta. Ular qilayotgan razolatlar asosida Vatan tushunchasini yaxshi anglab yetmaslik turibdi desak, xato qilmagan bo'lamiz.

Men ularning bu so'zlari yolg'on, quruq, asossiz, oddiy so'zlar ekaniga da'vo qilaman. So'zimni isbotlash uchun “Dalilni da'vogar keltiradi” qoidasiga muvofiq to'plagan dalil va hujjatlarimni keltiraman. Kitobning yozilish sababi ham aynan shu.”

Keling, endi mavzuyimizning asosiy tushunchasi bo`lmish Vatan so`ziga to`xtalsak. 

Vatan so`zi asli arabcha so`z bo`lib, mo`tabar arab lug`atlari va zamonaviy qomuslarda bu so`zga quyidagicha ta`rif beriladi:

VatanInson u yerda xoh tug`ilgan, xoh tug`ilmagan bo`lsin, istiqomat qiladigan va maskan tutgan yer” 

Endi esa so`zimiz boshida tilga olganimiz Vatan Sog`inchi, Vatan Muhabbati tushunchalari haqida fikrlashsak.

Vatan sog`inchi haqida gap ketganda beixtiyor hayolimizga shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur keladi. Bobur Mirzo Hindistondek ulkan saltanatni boshqarayotgan bir vaqtda Vatanga bo`lgan sog`inchi uni qo`liga qalamga olishga undadi va quyidagi satrlarni bitdi:

Tole yo`g`i jonimg`a balolig` bo`ldi,
Har ishniki ayladim xatolig` bo`ldi.
O`z yerni qo`yib Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig` bo`ldi.

Shu o`rinda hujjatul islom Shayx Muhammad G'azzoliy rahmatullohi alayhning Vatan, Vatan muhabbati haqida aytgan quyidagi sermazmun fikrlarini keltirib o`tsak:

“Bashariyat o'z yerini undagi narsalari bilan, garchi u hech kim yashamaydigan cho'l bo'lsa ham yaxshi ko'raveradi. Vatanni sevish – yurakka singib ketgan, insonni unda bo'lganida xotirjam, yiroq ketganida talpinadigan, hujum qilinganida asraydigan va kamsitilganida g'azablanadigan qilib qo'yuvchi tuyg'udi.”

Hazrati Umar roziyallohu anhu aytadi: “Alloh taolo yurtlarni Vatan muhabbati ila obod qilur”

Vatan muhabbati dabdaba va hasham emas. Balki u dushmanlarga qarshi yurt himoyasida turishday vojib sanalgan, undan uzrsiz qolib bo'lmaydigan shar'iy vojib amaldir. 

Ulamolar vatanni sevish va uni himoya qilishni shar'iy vojib deydilar.

Islom vatanga muhabbat qo'yish va mansublikni aqidaning bir bo'lagi etib, vatan tuprog'ini himoya qilishni muqaddas burch qilib qo'ydi.

Keling endi, mavzuyimizga monand ravishda Islomda Vatan tushunchasi haqida, Islom dinining muqaddas manbalari bo`lmish Qur`oni Karim va Hadis shariflarda bu haqida nima deyilganligi xususida suhbatlashsak.

Qur'oni karimda “Vatan” so'zi  “o'rin”, “joy” ma'nosida bir yerda kelgan: “Batahqiq, Alloh sizlarga ko'p joylarda nusrat berdi...”  Tavba surasi 25-oyat

Alloh taolo Niso surasi 25-oyatida marhamat qilib, aytadi: “Agar Biz ularga o'zlaringizni o'ldiring yoki o'zingizni diyorlaringizdan chiqaring, deb farz qilganimizda...” 

Imom Fahriddin Roziy rahmatullohi alayh bu oyat tafsirida quyidagilarni bayon etgan: “Alloh taolo Vatandan ayrilishni inson o'zini o'zi o'ldirishiga tenglashtirmoqda.”

Alloh taolo bu bilan farazan: “Men ularga juda qiyin ikki ishni bajarishni farz qilganimda, itoat etmagan bo'lardilar”, demoqda.  Juda qiyin ikki ish: jonni o'ldirish va Vatandan ayrilish. Tarozining bir pallasida jonni o'ldirish og'irligi tursa, keyingi pallasida unga barobar Vatandan ayriliq turar ekan. 

Oqil insonlar fikricha, Vatandan ayrilish juda qiyin, uning alami jonni o'ldirish alamiga teng keladigan ishdir. Bu esa Vatanga bog'lanish va unga muhabbat qo'yish qalbga chuqur o`rnashgan ish ekanini ko`rsatadi.

Abu Hayyon rahmatullohi alayh yuqoridagi oyat tafsirida: "Oyatda diyor –Vatandan chiqish qiyinligiga dalil bor. Chunki Alloh taolo uni jonni o'ldirishga tenglashtirgan”, degan. 

Vahba Zuhayliy rahmatullohi alayh "Tafsirul munir" kitobida: "Alloh taoloning “...o'zingizni diyorlaringizdan chiqaring...” so'zida Vatanni sevish, insonning unga qattiq bog'lanishi, (undan chiqarish) jonni o'ldirishga teng, tark etish qiyin ish ekanligiga ishora bor", deydi.

Olim o'zining "Tafsirul vasiyt" kitobida esa: "Alloh taoloning “...o'zingizni diyorlaringizdan chiqaring...” so'zida inson tabiatida o'z shahriga muhabbat qo'yish, vatanni sevish – qalbga o'rnashgan va unga bog'liq ish ekaniga ochiq ishora bor. Chunki Alloh taolo diyor va vatandan chiqishni jonni o'ldirishga tenglashtirdi. Har ikki ish ham qiyindir. 

Ko'pchilik insonlar qancha mashaqqat, qiyinchilik va siquvga yo`liqsa ham, vatanning bir zarra tuprog`iga beparvo bo`lmaydi”, deb yozadi. 

Keling endi, Payg`ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan Vatan, Vatan muhabbati haqida vorid bo`lgan hadislarni keltirib o`tsak.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam safardan qaytayotib Madina ko'chalarini ko'rgan vaqtlarida tuyalarini tezlatardilar. (Ot, xachir kabi) ulovda bo'lsalar, uni niqtardilar”.

Abu Abdulloh aytadi: «Horis ibn Umayr Humaydning "Ulovni uni (Madinani) sevganlaridan niqtardilar" rivoyatini ziyoda qilgan» (Imom Buxoriy rivoyati).

Ulamolar vatanni sevish va unga oshiqishni mustahab deydilar.

Yuqoridagi hadis sharhida Ibn Hajar va Badruddin Ayniy rahmatullohi alayhimolar quyidagilarni bayon etadi: “Hadisda Madinaning fazilati, vatanni sevish va unga oshiqishning shariatda borligiga dalil mavjud.”

“Ulovni uni (Madinani) sevganlaridan niqtardilar" iborasini Ibn Battol rahmatullohi alayh quyidagicha izohlagan: 

“...uni sevganlaridan... “Chunki u (Nabiy sollallohu alayhi va sallamning) Vatani edi. Unda eng suyukli insonlari – oilasi va farzandlari bor edi. Vatan muhabbati va unga oshiqishni Alloh taolo qalbga joylab qo'ygandir. Nabiy sollallohu alayhi va sallam bu ishni qildilar – u zotda eng go'zal namuna bor – va ummatning safarlari tugaganidan so'ng ahliga tezroq qaytishga buyurdilar”.

So`zimizni Biz ummatlariga har bir ishida o`rnak bo`lgan, olamlarga rahmat bo`lib kelgan zot Payg`ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning quyidagi muborak hadislari bilan yakunlasak:

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkaga qarab: “Ey Makka! Sen qanday go'zal shaharsan! Sen menga qanday suyuklisan! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida edi, boshqa joyda turmasdim”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).

Arabboyev  Elshodbek

“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti talabasi