Яратилиш санаси 20.02.2024

VATANNI SEVMOQ IYMONDANDIR!

VATAN - Bir jamoa insonlar uning fuqaroligini olib, xoh u yerda tug'ilgan yoki tug'ilmagan bo'lsin, unga mansub bo'lib, mustaqil, jamoaviy tarzda yashaydigan, o'z chegarasiga ega Davlat.

Vatan - Nafaqat inson, balki  butun mavjudot - tirik jon uchun o'ziga xos qo'nim topadigan maskan.  Vatan din, millat, elat, boylik, nasab, yosh, rang, joy tanlamaydigan, chegarasi ko'rinmas ajib bir tuyg'u.  Vatan eng ko'p qalamga olingan, sir-sinoatli, serqirra, serjilo go'sha. 

Quyida biz bayon qilmoqchi boʻlgan kitob Shayx Nuriddin Xoliqnazar qalamiga mansub boʻlib, bunda "Vatan" tushunchasining Islom dinidagi oʻrni, ahamiyati aniq va tiniq qilib, tushuntirib berilgan.

Shiddat bilan kechayotgan bugungi asrda buzg'unchi g'oyalarni tarqatib, tinch yurtlarni vayron qilayotganlarning borligini hammamiz yaxshi bilamiz. Nima emish, go'yo Islom dinida Vatan tushunchasi haqida biror so'z aytilmagan, qiymatsiz oddiy bir so'z ekan.

Men ularning bu so'zlari yolg'on, quruq, asossiz, oddiy so'zlar ekaniga da'vo qilaman. So'zimni isbotlash uchun “Dalilni da'vogar keltiradi» qoidasiga muvofiq to'plagan dalil va hujjatlarimni keltiraman. Kitobning yozilish sababi ham aynan shu.

Vatan so'zi asli arabcha soʻz boʻlib, quyidagicha taʼrif beriladi: "Vatan - Inson u yerda xoh tug'ilgan, xoh tug'ilmagan bo'lsin, istiqomat qiladigan va maskan tutgan yer" dir..

Qur'oni karimda "Vatan" so'zi ("o'rin", "joy" ma'nosida) bir yerda kelgan:

لَقَدْ نَصَرَكُمُ اللَّهُ فِي مَوَاطِنَ كَثِيرَةٍ

"Batahqiq, Alloh sizlarga ko'p joylarda nusrat berdi..."( Tavba surasi, 25-oyat.)

Muqaddas dinimizning ikkinchi manbasi bo'lgan Sunnatda ham vatan tushunchasi va unga bo'lgan muhabbat borasida talaygina hadislar kelgan.....

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh alayhi va sallam sollallohu safardan qaytayotib Madina ko'chalarini ko'rgan vaqtlarida tuyalarini tezlatardilar. kabi) ulovda niqtardilar". 

Abu Abdulloh aytadi: «Horis Ibn Umayr Humaydning "Ulovni uni (Madinani) sevganlaridan niqtardilar" rivoyatini ziyoda qilgan.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Sizlardan biringiz hajini ado qilsa, ahliga qaytishga shoshilsin. Chunki shunday qilishi ajrini ko'paytiradi", dedilar» (Imom Doraqutniy, Hokim va Bayhaqiy rivoyati. Imom Zahabiy "Muhazzab"da sanadi kuchli, degan).

Sharh: Alloma Munoviy rahmatullohi alayh "Fayzul Qodir" kitobida hadisni sharhlab, vatanga shoshilishni mustahab degan. "Ahl"dan murod garchi u yerda ahli (oilasi) bo'lmasa-da, vatandir, degan.

Faqih ulamolarimiz Vatanni uch qismga boʻladilar:

1) Vatani asliy (asliy vatan). Asliy vatan inson tug'ilgan manzil yoki oilali bo'lgan joy.

2) Vatani iqoma (vaqtincha istiqomat qilinadigan vatan yoki safar vatani ham deyiladi).

Vatani iqoma unda oilasi bo'lmagan, o'n besh kun yoki ko'proq turishni niyat qilgan shahar yoki qishloq.

3) Vatani sukno (biroz turish maqsad qilingan vatan). Vatani sukno musofirning o'n besh kundan ozroq turishni niyat qilgan maskani, manzili.

Kishi vatanidan boshqa bir joyga safar qilishni xohlasa, shariatimiz unga farz namozlarni qasr qilib o'qish, mahsiga mas'h tortish muddatining bir kundan uch kunga uzayishi, Ramazon ro'zasini tutish mubohga aylanishi kabi bir qancha yengilliklar beradi.

Bu kitobda nafaqat islom dini nuqtai nazaridan balki, butun dunyo ulamolarining "Vatan" haqida aytgan iboratli soʻzlaridan iqtiboslar ham keltirganlar. Misol uchun: 

Kim bo'lishdan qat'i nazar, uning vatanparvarligi so'zi bilan emas, ishi bilan isbot qilinadi.
V. G. BELINSKIY

Vatanga nafi yo'q yashalgan har kun,
Inson hayotida bemazmun qolur

M. SALMON

Vatan uchun chala ish qilish, uning uchun hech nima qilmaslikdir.

M. ROBESPER

Buyuk mutafakkir, shoirlar sultonning "Vatan" haqidagi misralari ham juda oʻrinlidir..
Vatan tarkin bir nafas aylama,
Yana ranji g'urbat havas aylama.

Alisher Navoiy

Imom Shofe'iy rahmatullohi alayh: "Insonning xoru zor bo'lishi uchun vatani va yaqinlaridan ayrilishining o'zi kifoya!", deganlar.

Mana shu yurtning rivojlanishi, gullab-yashnashi uchun bir kishini mehnati kamlik qiladi, buning uchun jamiyatning har bir aʼzosi bunga mas'ul boʻlishi zarur.

Bunga paygʻambarimizning quyidagi hadislari ham yorqin misol boʻla oladi..

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasullulloh sollallohu alayhi va sallam: «Agar biringizni qo'lida xurmo ko'chati turgan holatda (qiyomat) soati qoim bo'lib qiyomat bo'lguncha uni ekib olishga qodir bo'lsa, o'sha ishni qilsin», dedilar» (Imom Bazzor rivoyati. Uning roviylari eng ishonchli kishilardir).

VATANNING HAQLARI BOR?

Har bir insonning vatan oldida bir necha burch va vazifalari bor:

-vatanga muhabbatli bo'lish;

-yashab turgan yerining tozaligi va go'zalligiga hissa qo'shish;

-yer usti va osti boyliklaridan oqilona foydalanish;

-madaniy va ma'naviy merosni asrab-avaylash, uni o'rganish, o'rgatish va kelajak avlodga yetkazish;

-vatanni tashqi va ichki dushmanlardan himoya qilish;

- o'z ona tilini saqlash;

-aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida Vatan qadrini yuksaltirish va har bir fuqaro qalbida Vatanga bo'lgan muhabbat hissini oshirish;

VATANNING YOMONI BO'LMAS!

Biror joyda Vatanga nisbatan "yaxshi joy" yoki "yomon joy" degan so'zni eshitmaymiz, uchratmaymiz. Chunki bunday tushunchaning o'zi dunyoda yo'q. Vatan emas, balki, uning ustida yashayotgan insonlar yaxshi va yomon bo'ladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vatanlarini tark etayotib orqalariga qayta-qayta qarab: "Ey Makka! Sen qanday go'zal (xush)shaharsan! Sen menga qanday suyuklisan! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganlarida edi, turmasdim", deganlar. 

VATAN HIMOYASI - OLIY FAZILAT

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Ikki ko'zni hargiz(do'zax)o't tutmaydi: Allohning yo'lida musulmonlarni qo'riqlab tong ottirgan ko'z va Allohdan qo'rqib yig'lagan ko'z", dedilar» (Abu Ya'lo rivoyati, hadis sanadidagi kishilar ishonchlidir).

Vatan muhabbati dabdaba va hasham emas. Balki u dushmanlarga qarshi yurt himoyasida turishday vojib sanalgan, undan uzrsiz qolib bo'lmaydigan shar'iy vojib amaldir.

Ikki kishini tarix esdan chiqarmaydi: Vatan himoyachisi va Vatan xoinini.

Ulamolar vatanni sevish va uni himoya qilishni shar'iy vojib deydilar.

Islom vatanga muhabbat qo'yish va mansublikni aqidaning bir bo'lagi etib, vatan tuprog'ini himoya qilishni muqaddas burch qilib qo'ydi.

VATANGA XIYONAT - OG'IR JINOYATDIR

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam duolarida xiyonatdan panoh so'rab: "Ey Allohim! Men Sendan xiyonatdan panoh so'rayman. Chunki u yomon xislatdir", der edilar.

Xiyonatning eng yomon ko'rinishlari: Allohga, Rasuliga, insonlarga, ne'matlarga va Vatanga xiyonat qilishdir. Vatanga xiyonat Allohga va Rasulullohga qilingan xiyonatdir. Chunki Alloh va Uning Rasuli yaxshilik qilishga, vafodor bo'lishga, ne'matlarni qadrlash va shukrini ado etishga chaqiradi.

Vatan xoini dinni o'yin qiluvchi, odamlar tinchini buzuvchi, obod joylarni barbod qiluvchi, eng asosiysi, insonlar bilan Vatani va jamiyati o'rtasidagi aloqalarni uzishga targʻib qiluvchi kimsadir..

Misr Arab Respublikasi sobiq muftiysi) HASAN MA'MUN dan soʻrashibdi:

Muftiy janoblari "Vataniga xiyonat qilayotgan musulmonlar borasida islom shariatining hukmi qanday?" degan savollarga quyidagicha javob beradi: "Islom shariati har bir musulmonga o'z Vataniga qaratilgan dushmanlikka har qanday qarshi yurtdoshlari bilan birgalikda yelkama-yelka turishlikni vojib qiladi. Alloh aytadi: "Ushbu birgina millat sizlarning millatlaringiz va Men Robbilaringiz va Menga ibodat qilinglar" (Anbiyo surasi, 92-oyat).

Alloh taʼolo har birimizga Vatanga boʻlgan muhabbatimizni komil qilib bersin.

Qahramon Sotvoldiyev

“Hidoya” oʻrta maxsus islom
bilim yurti talabasi