Mufassir bo'lishni istagan kishi qanday ilmlarga muhtoj?
Ulamolar mufassir bo'lishni istagan olimga bir necha ilmlarni puxta egallagan bo‘lmog‘ini shart qiladilar. Chunki shu ilmlarni bilish mufassirni tafsirida xatoga yo‘l qo'yishdan saqlaydi, Allohga nisbatan ilmsiz yomon so'z to'qib qo'yishdan asraydi.
U ilmlar quyidagilar:
1.Arab tili bo'yicha lug'at boyligi.
Sababi bu orqaligina lafzlarni ma‘nolari va ulardan ko‘zlanadigan maqsadlarni ochiqlash mumkin bo'ladi. Mujohid rohimahulloh aytadilar: " Alloh va qiyomat kuniga iymon keltirgan biror bir mo'min arab tilida mahorati bo‘lmay turib Allohning kitobi borasida bir so'z aytishi halol bo'lmaydi." Rostan ham bu borasida juda keng ko‘lamli ma'lumot bo'lishi zarur albatta. Birozgina ma'lumot yetarli emas. Shunki gohida bir lafz turli ma‘nolarni anglatishi mumkin. Lug'at boyligi kam mufassir esa shu manolardan birini bilib boshqasini bilmay qolishi, ayni shu bilmagani esa lafzdan iroda qilingan ma'no bo'lib chiqishi mumkin.
2. Nahv ilmi.
Ma‘nolar e‘rob(so'zning gapdagi o‘rni) o'zgarishi orqali turlicha bo'ladi. Nahv ilmi esa aynan shuni o'rganadi. Abu Ubayda Hasandan bir rivoyat keltiradi. Bir kishi arab tili qoidalarini o'rganib go'zal nutq sohibi bo‘lmoqchiligi, shu bilan birga qiroatini ham o‘nglamoqchi ekanini zikr qildi. Shunda Hasan rohimahulloh o'sha kishiga " Yaxshi qilibsan. Arab tilini o‘rganishda shunday jiddi jahdda bo‘lgin" degan ekanlar.
3. Sarf ilmi.
U vositasida kalimalarning tuzulishi va tuslanishlari bilinadi.
4. Uch balog'at ilmlari: Maoniy, bayon va badi‘.
Bu uchalasi mufassir suyanadigan eng muhim asoslardir. Chunki Qur'onning e‘jozi talab etadigan narsalar mavjud. Ularni rioyasini qilish shart albatta. Bunday darajaga esa faqat shu ilmlar bilangina chiqiladi.
5. Qur'on qiroatlari ilmi.
Qiroatlarni ham puxta bilinsa, bu ba'zi bir ehtimoliy ko'rinishlarni boshqalariga nisbatan qo‘llshga imkon beradi.
6. Usulul fiqh ilmi.
Bu lim yordamida oyatlardagi hukmlar tatbiq etiladi, dalillar ham shu urqali olinadi.
7. Sababun nuzul ilmi.
Oyatlarning nima sababdan tushganligini bilish. Bularni yaxshi bilish oyatlardan ko'zlangan ma‘nolarni tushunishda yordam beradi.
8. Qisslar ilmi.
Qur'onda mavjud qissa-hikoyalar haqida batafsil bilish. Bu esa Qur‘onda tushunilmay qoladigan ba'zi bir o'rinlarni ravshanlashtirib beradi.
9. Hadislar.
Hadislar Qur'onda qiyinchilik tug‘duradigan mavhumliklarni bayon qiladi.
10. Rabboniy ilm.
Va nihoyat bu lim Alloh ilmiga amal qilgan olimga taqdim etadigan ilm. Alloh taolo bunday bandlariga o'zi ta'lim berib qo'yishi to'g'risida quyidagi so'zida marhamat qilgan "Sizlar Allohga taqvo qilinglar va Alloh o'zi sizlarga ta'lim beradi. Alloh har bir narsani o‘ta biluvchi zotdir." Baqara surasi. 282-oyat.
Mavlonov Shohjahon
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti talabasi