ABUL BARAKOT NASAFIY
Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy o‘z davrida tafsir, aqida, fiqh va usul fiqh ilmlarining yetuk peshvosi sifatida mashhur bo‘lgan.
Abul Barakot Nasafiy taxminan 1232-yilda qadim Nasaf (hozirgi Qarshi) shahrida tavallud topgan. Keyinchalik Buxoroda ta’lim olgan, yoshlik davri diniy-ilmiy muhitdagi oilada o‘tgan, ilm talabida ko‘plab mamlakatlarga borgan va katta obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan. Ilmga berilib, siyosiy jarayonlardan uzoqda yashagan va natijada ilmiy doiralarda katta shuhrat qozongan.
Nasafiy taxminan 1280-yillarda Kirmon shahridagi “Qutbiya sultoniya” madrasasida mudarrislik qilgan. So‘ngra Bag‘dodga kelib, u yerda talabalarga ham ta’lim bergan.
Nasafiy juda taqvodor va diyonatli shaxs bo‘lgan. Arab va fors tillarini mukammal darajada bilgan. Imom Nasafiy 1310-yilda vafot etgan.
Imom Nasafiyning asarlari asosan tafsir, aqida, fiqh va usul fiqh ilmlarini o‘z ichiga qamrab oladi.
Tafsirdan namunalar:
Oli Imron surasi: «Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) yeta olmaysizlar», 92-oyati tafsirida Nasafiy quyidagi fikrlarni beradi: «Faqat suygan narsalarni beribgina maqsadga yetiladi». Davomida ushbu rivoyatni keltiradi: Umar ibn Abdulaziz shakar sotib olar va uni sadaqa qilar edi. Shunda undan so‘raldi: «Nima uchun uning pulini sadaqa qila qolmaysiz?». U: «Shakar menga suyukliroqdir. Shu sabab suygan narsamdan ehson qilishni xohladim», – deb javob beradi».
Pattayev Musoxon
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti talabasi