Яратилиш санаси 22.02.2024

ISLOMDA VATAN TUSHUNCHASI - VATAN SOGʻINCHI VA XIZMATI!

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيْمِ
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman.

Alloh taolo har bir insonga munosib xilqat bergan. Shuningdek, inson fitratiga ona yurtiga muhabbat qo‘yish, unga intilish, himoya qilish va avalylab asrash kabi vatanga oid tuyg‘ularni ato etdi. Mana shuning uchun ham inson doim o‘z yurtidan uzoqlashishi bilan sog‘inch hissini tuyadi.

Inson o‘zi tug‘ilgan, ilk qadamlarini qo‘yib, unda unib o‘sgan, yoshlik, keksalik davrlarini suradigan, xotiralari muhrlangan, ota-bobolarining yurti, farzandu nabiralari ulg‘aygan va doim talpinib turuvchi zaminni o‘ziga vatan deb biladi. Xalqimiz bejiz "Vatan bu kindik qoni to‘kilgan tuproq" deb aytishmagan. Buning zamirida yer yuzida inson zoti borki, har birining o‘z vatani bor degan ma’no kelib chiqadi.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam 53 yoshlariga qadar vatanlari Makkada yashadilar.  Bu davrda esa Makka mushriklari Rosulullohning jonlariga qasd qilish darajasigacha borishdi. Shunda, Allohning buyrug‘iga binoan Makkadan chiqib ketdilar.

Payg‘ambarimiz alayhissalom Madinadan chiqib ketar ekanlar ko‘ngillari bo‘shab, ko‘zlariga yosh oldilar va Makka tomon yuzlanib shunday dedilar:

«مَا أَطْيَبَكِ مِنْ بَلَدٍ، وَأَحَبَّكِ إِلَيَّ! وَلَوْلاَ أَنَّ قَوْمِي أَخْرَجُونِيْ مِنْكِ مَا سَكَنْتُ غَيْرَكِ»
(رواه الإمامُ الترمذي عَنْ عَبْدِ اللهِ بن عباسٍ رضي الله عنهما)
“(Ey Makka) sendan ko‘ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo‘q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim”, (Imom Termiziy rivoyati).

Payg‘ambarimiz Makkadan uzoqlashganlari sari unga bo‘lgan ishtiyoqlari oshib borardi. Shunda, Alloh taolo Rasulullohning ko‘ngillarini ko‘tarib, Makkaga qaytib kelishlarini bashoratini berib, Qur’oni karimdagi quyidagi oyati karimani nozil qildi:

إِنَّ الَّذِي فَرَضَ عَلَيْكَ الْقُرْآَنَ لَرَادُّكَ إِلَى مَعَادٍ…
“(Ey, Muhammad!) Albatta, Sizga (ushbu) Qur’onni farz qilgan zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir…”, (Qasos surasi 85-oyat).

Payg‘ambarimiz, shunday xotirjam safarlarini davom ettirdilar. Bu "Islomda vatan tushunchasi yo‘q" deya tuhmat qilayotganlarga qarshi dalildir.

Buyuk mufassir, imom Faxriddin Ar-Roziy rohmatullohi alayhning fikrlaricha vatanga bo‘lgan muhabbat inson tabiatida bo‘lgan his bo‘lib, bu tuyg‘u insonda mustahkam o‘rnashgan bo‘ladi. Imom bunga misol qilib Qur’onning Niso surasi 66-oyatini keltiradilar:

وَلَوْ أَنَّا كَتَبْنَا عَلَيْهِمْ أَنِ اقْتُلُواْ أَنفُسَكُمْ أَوِ اخْرُجُواْ مِن دِيَارِكُم مَّا فَعَلُوهُ إِلاَّ قَلِيلٌ مِّنْهُم
Agar Biz ularga: «O‘zlaringizni o‘ldiring yoki yurtingizdan chiqib keting», — deb buyurganimizda edi, ozchiligidan boshqasi uni qilmagan bo‘lur edilar.

“Tafsirul-Kabir” kitobida bu oyatda Alloh taolo vatandan ajralishni o‘zini o‘ldirishga tenglashtiryapti deganlar. Ya’ni go‘yoki Alloh: “Agar Men ularga bu ikki sinovdan birini tanlashni yozganimda, ular bu ishni qilmasdilar” demoqda.

Bundan olimlar vatandan ayrilish juda ham qiyin ish ekanligini va uning alami jonidan ayrilishga tenglashtirilishini hamda Vatan muhabbati inson qalbiga chuqur o‘rnashishini aytishgan.

Yana shuningdek, Imom Buxoriy, ibn Hibbon va Imom Termiziy rohimahumullohlar Anas roziallohu anhudan quyidagi hadisni rivoyat qilishgan: “Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam har safardan qaytganlarida Madina shahri devorlarini ko‘rishlari bilan Madinaga tezroq kirish uchun tuyalarini tezlatardilar va uni yaxshi ko‘rardilar”.

O‘z vataniga muhabbat qo‘yish har bir musulmonning burchidir. O‘z yurtini tashlab, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon bo‘lish, “hijrat qilish farz” degan soxta da’voni qilib, oilasi bag‘rida tinch, osuda hayot kechirayotgan musulmonlarni o‘zga yurtlarga chiqib ketishga da’vat qilish islom dini ta’limotiga mutlaqo ziddir.

“Allohdan afv va tinchlik-omonlikni so‘ranglar. Chunki biror kishiga imondan keyin tinchlik-omonlikdan afzalroq ne’mat berilgani yo‘q”, (“Sunani Termiziy”, 3558-hadis).

Otabek Sadiridinov

“Hidoya” o'rta maxsus islom bilim 
yurti 4-bosqich, 46-guruh talabasi