Яратилиш санаси 22.02.2024

Mufassirlar imomi Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy

Buyuk olim Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariy  birinchilardan bo‘lib tafsir kitobini ta’lif etgan va uni alohida fan sifatida yo‘lga qo‘ygan olimlardan hisoblanadi.

Bu buyuk zot 839-yilda hozirgi Eronning tarixiy viloyati Tabaristonda  tavallud topgan.

At-Tabariy Tabaristonning Amul shahrida (hozirgi Eron shimolidagi shahar)  zodagon oilada tugʻilgan. Amul shahrida dastlabki taʼlimni olgan. Yetti yoshida u hofiz (Qurʼonni yoddan biluvchi), sakkiz yoshida imom hisoblangan. 12 yoshida u oʻqishni davom ettirish uchun oʻz uyini tark etib, avval Rayda mashhur muhaddis va faqihlar qoʻlida oʻz bilimini oshirgan, soʻngra Bagʻdod, Basra, Kufaga borib, zamonasining mashhur ulamolariga shogird tushgan. Suriya, Falastin va 867-yilda Misrga borganida yetuk olim sifatida eʼtirof etilgan.

870-yili Misrdan Bagʻdodga kelgan olim keyingi 50 yillik hayoti davomida sermazmun ilmiy faoliyat olib borgan. 

Abu Jaʼfar rahimahulloh oʻzining yoshligi haqida soʻzlab: “Yetti yoshimda Qurʼoni Karimni yod oldim. Sakkiz yoshga toʻlganimda, taroveh namozlarida  insonlarga namoz oʻqib berar edim. Toʻqqiz yoshga toʻlganimda esa, hadis yoza boshladim” degan ekanlar. Imom Abu Bakr Xatib oʻzining “Tarixi Bagʻdod” kitobida shunday yozadi:  “Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir Tabariy... shunday olim ediki, soʻzlari hukm oʻrnida qabul qilinardi, uning raʼyiga murojaat qilishardi. U oʻz asrida hech kim muvaffaq boʻlmagan darajada ilm oldi va ularni yozdi. U Qurʼoni karimni toʻla yod olgan, qiroat turlarining barchasini chuqur oʻzlashtirgan, ularning maʼnolarini teran oʻrgangan olim edi. U hadis ilmida ham benazir boʻlib, sahobalar, tobeinlarning hayotlari, haqida ham hammadan yaxshiroq bilar edi”.  deya ta‘riflagan. Imom Tabariy yuksak eʼtiroflarga sabab boʻlgan “Tafsir”ini yetti yil davomida shogirdlariga aytib turib yozdirgan. Xatib  Bagʻdodiy shunday deydi: “Ali ibn Ubaydulloh Simsimiydan eshitdimki, ibn Jarir Tabariy qirq yil davomida har kuni qirq varaqdan asar yozgan”.

Shayx Manna’ ibn Xalil Qatton aytadi: “Ibn Jarir va ibn Moja ilk Qur’onni kitob shaklida tafsir qilgan olimlardandir. Lekin ibn Mojaning tafsiri yo‘qolgan (bizgacha yetib kelmagan) tafsirlardan hisoblanadi. Muhammad ibn Jarir Tabariy tafsiri bugungacha komil shaklda yetib kelgan va u zot mufassirlar imomi deya atalgan”.

Hijriy 270 yil (milodiy 883 yil)da ta’lif etilgan “Jami’il bayani fiy tafsiril Qur’an”- ya’ni, “Tafsiri Tabariy” ayni damdagi  eng qadimgi tafsirlardan biridir. Bag‘dodiy rivoyat qiladi: “Abu Ja’far Tabariy bir kuni o‘z shogirdlariga aytdi: “Tafsir o‘qishni hoxlaysizlarmi, yozib beraymi?”-dedi. Ular: “Qancha varaq bo‘ladi?” –deb so‘rashdi. U kishi: “ O‘ttiz ming sahifa bo‘lsa kerak…”-deb, javob berdi. Shunda shogirdlari: “Kitobni oxiriga yetmasdan umrimiz tugab qoladi-ku!”-deb, javob berdilar.  So‘ng Abu Ja’far Tabariy kitobni uch ming sahifaga qisqartirib, ta’lif qildi

Soʻngra shogirdlaridan: “Odam alayhissalomdan bizning vaqtmizgacha boʻlgan olam tarixini yozib beraymi”-deb, soʻradi. Ular: “Necha sahifa boʻladi?”-deb, soʻrashdi. Abu Jaʼfar tafsir kitobining adadicha miqdorni aytgan edi, shogirdlari ham xuddi oʻshanday javob qaytarishdi. Shunda Abu Jaʼfar: “Inna lillahi va inna ilayhi ro'jiun! Odamlarda himmat kamayib ketibdi.” –deb, tafsirni qisqartirgan miqdorda qisqartirib yozdi”.

Mufassir, faqih, muhaddis va tarixchi olim ibn Jarir Tabariy 86 yoshi 923-yilda 16-fevral Bagʻdod (Iroq) vafot etgan.

Alloh ta‘olo ul- zotni rahmatiga olsin! Va bizlarni ham buyuk zotlarga munosib qilsin.

Haydaraliyev Saidahror

“Hidoya” o'rta maxsus islom bilim 
yurti 2-bosqich, 51-guruh talabasi