Яратилиш санаси 24.02.2024

"Oyatul kursi" fazilati

Alloh taolo Qur'oni Karimda "Baqara" surasining 255 - oyatida marhamat qiladi:

اللَّهُ لَا إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّومُ  لَا تَأْخُذُهُ سِنَةٌ وَلَا نَوْمٌ  لَهُ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ  مَنْ ذَا الَّذِي يَشْفَعُ عِنْدَهُ إِلَّا بِإِذْنِهِ  يَعْلَمُ مَا بَيْنَ أَيْدِيهِمْ وَمَا خَلْفَهُمْ  وَلَا يُحِيطُونَ بِشَيْءٍ مِنْ عِلْمِهِ إِلَّا بِمَا شَاءَ  وَسِعَ كُرْسِيُّهُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ  وَلَا يَئُودُهُ حِفْظُهُمَا  وَهُوَ الْعَلِيُّ الْعَظِيمُ

"Alloh - Undan o‘zga iloh yo‘q zotdir. U tirik va qayyumdir. Uni mudroq ham, uyqu ham olmas. Osmonlaru yerdagi narsalar Unikidir. Uning huzurida O‘zining iznisiz hech kim shafoat qila olmas. U ularning oldilaridagi narsani ham, ortlaridagi narsani ham bilur. Uning ilmidan hech narsani ihota qila olmaslar, magar O‘zi xohlaganini, xalos. Uning kursisi osmonlaru yerni qamragan. Ularni muhofaza qilish Uni charchatmas. Va U Oliy va Azim zotdir". 

Odatda kursi mulkka dalolat qiladi. Shuning uchun ushbu jumla ni ba’zi ulamolarimiz ayttanlaridek, Allohning sultoni osmonlaru yerni qamrab olgan, deb tushunsak bo‘ladi.

Aslida esa kursi va unga taalluqli narsalar, binobarin, ushbu jumla haqida ulamolarimiz o‘zlariga yetgan dalillar asosida bir necha xil fikrlar aytganlar.

Jumladan, ba’zi ulamolarimiz kursini «ilm», deganlar. Shunga binoan, mazkur jumlaning ma’nosi, Uning ilmi osmonlaru yerni qamragan bo‘ladi.

Buyuk sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu ushbu jumla tafsirida: «Kursi lug‘atda ikki qadam ma’nosini anglatadi. Arsh- ning miqdorini Allohdan boshqa bilmaydi», deganlar. Ushbu va shunga o‘xshash boshqa rivoyatlarga asoslanib ulamolarimiz kursi Arshdan boshqa narsa, deganlar.( Tafsiri hilol)

" Imom Muslim va Imom Ahmad Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda, Allohdagi kitobidagi eng ulug‘ oyat Kursi oyati ekanligi ta’kidlangan. Imom Nasoiy Abu Umomadan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kim har farz namozdan keyin «Oyatul Kursiy»ni o‘qisa, uning jannatga kirishini faqat o‘lim to‘sib turadi, xolos», deganlar. Ya’ni, o‘lmagani uchun jannatga kirmaydi, agar vafot etsa, uni jannatdan to‘sadigan hech narsa qolmaydi, degani".

«Oyatul Kursiy»ning fazli haqida kelgan ba’zi rivoyatlar:
1. «Oyatul Kursiy»ni uyidan chiqayotganda o‘qigan odam qaytib kelguncha Alloh taoloning himoyasida bo‘ladi.
2. «Oyatul Kursiy»ni hovlisida o‘qigan odamnikiga o‘ttiz kungacha shaytonlar, qirq kungacha sehrgarlar kirmaydi.
3. «Oyatul Kursiy»ni uyquga yotganda o‘qigan odamni Alloh taolo o‘zini ham, qo‘shnisini ham, qo‘shnisining qo‘shnisini ham omonda saqlaydi.

Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, har birimiz bu ulug' oyat bo'lgan "Oyatul kursiy" ni doimo o'qib yurishga odatlanishimiz lozim bo'ladi. Shoyadki, Alloh taoloning marhamati, rahmatiga erishishimiz uchun vositalardan biri bo'lsa.

Mehmonov Jahongir

“Hidoya” o'rta maxsus islom 
bilim yurti talabasi