Vatanga muhabbat qanday paydo bo`ladi?
Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh Taolo biz insonlarni juda ko`p ne`matlar ila rizqlantirdi. Ulug`lardan biri ana shu ne`matlarni sanab, hatto bir kitob ta`lif qilgan ekan. Zero, inson taffakkur qilsa, son-sanoqsiz ne`matlar ichra ekanligini anglab yetadi. Ana shulardan muhabbat tuyg`usi borasida so`z yuritsak. Uning ta`rifi quyidagichadir: “Muhabbat banda qalbida kechadigan va biror vasf ila tavsiflab, ta`rif ila ta`riflab bo`lmaydigan holatdir. Ya`ni, Alloh Taolo har bir bandasining qalbiga bu tuyg`uni solib qo`ygan.
Ammo banda uni qachon, qay ma`noda kashf etishi uning o`ziga bog`liq. Odamlarni kuzatar ekansiz, ularni turli narsalarga muhabbatli holda ko`rasiz. Kimdir ta`lim berishga, kimdir olishga, boshqa bir kishi esa sport bilan shug`ullanishga... muhabbat qo`ygan bo`ladi. Bunga sabab ular bu sohani o`zlarining qiziqishlariga mos ko`rganliklaridir. Yoki ota-onasi uni bu sohaga qiziqtirgan yoki o`zi izlanib shu yo`lni tanlagan. Bu vositalar ila qalbda paydo bo`ladigan muhabbatdir.
Ammo yana shunday sevgi borki, uning paydo bo`lishida vositalar ishtirok etmaydi. U insonga ona qornida ekanligidayoq qon-qoniga singib ketadigan, tug`ilgach hech kim o`rgatmasa ham qalbida jo`sh uradigan va hech kimsa undan tortib ololmaydigan Vatan ishqidir. Istagan kishi ila suhbat qurib, undan Vatanni sevishni kimdan o`rgangansiz deb so`rang. U sizga buni hech kimdan ta`lim olmaganini aytadi. Bu bir ilmmidi, kimdandir o`rganilsa? To`g`ri, tarixdagi ajdodlardan o`rnak olamiz, ammo bu bizga sevgimizni kuchaytirish uchungina foyda beradi xolos.
Umumiy ma`noda aytadigan bo`lsak, har bir inson mo`min fitratida tu`gilgani kabi qalbida hech qanday ta`limlarsiz ilohiy qudrat ila Vataniga, o`zi tug`ilib o`sgan yeriga bo`lgan muhabbat bilan dunyoga keladi. Uni xohlasa, bobolar hayotini o`rganib, ulardan o`rnak olish ila kashf etadi va yoki aksini qilib uni qalbining eng tubiga ko`mib tashlaydi. Va umri davomida bu ne`matdan foydalanmaydi. Agar kimdir el-yurt uchun yelib-yugurayotgan bo`lsa, bilingki, u qalbidagi Vatan ishqini kashf eta olgan. Ana shunday, Vatanga muhabbat shu tarzda hosil bo`ladi. Qaysi din, xalq yoki millatni kuzatmang, deyarli yuqoridagi kabi xulosaga kelasiz. Keling, so`zimiz dalilli bo`lmog`i uchun islom shariati nuqtai nazaridan Vatan tushunchasini mulohaza etib ko`raylik.
G'ofurov Shohruh
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti talabasi