Яратилиш санаси 25.02.2024

Muqotil ibn Sulaymon rohimahulloh hayoti va ilmiy faoliyati

Abul Hasan Muqotil ibn Sulaymon al-Azdiy al-Balxiy Balxda tugʻilgan, qachon tugʻilgani haqida aniq maʼlumot kelmagan. Bu kishi mashhur mufassirlardan sanalib, oʻz davrining mashhur shaxslaridan biri boʻlgan. Ilm yoʻlida Balx, Basra, Bagʻdod kabi shaharlarga safar qilganlar. Bu kishining tafsir fanidagi oʻrni beqiyosdir.

Imom Shofeʼiy rohimahulloh aytadilar: "Odamlar tafsirda Muqotil ibn Sulaymonga muhtojdirlar".
Ibrohim al-Harbiy aytadilar: "Muqotil insonlarning tafsirlarini jamlagandir"

Yana bir olim zot aytadilar: "Kim tafsir ilmini oʻrganishni xohlasa, Muqotilni mahkam tutsin"
U kishining oʻzlari yozgan tafsirlari mavjud boʻlib, ulamolar nazdida oʻta qimmatli kitoblardan biridir. Mashhur olim Abdulloh Shihota shunday deydilar: "Muqotil yozgan tafsir kitobi oʻzining osonligi, lafzlarining yengilligi, maʼnolarining kengligi sabab boshqa tafsir kitoblardan ajralib turadi".

Muqotil ibn Sulaymon hijriy 150/milodiy 767-yilda Basra shahrida vafot etadi. Alloh barchalaridan rozi boʻlsin.

Abdulqosimov Abdulatif

“Hidoya” oʻrta maxsus islom bilim yurti talabasi