Яратилиш санаси 27.02.2024

Qur’oni karimda Rasululloh (s.a.v)ga odob ko’rsatish borasida nozil bo’lgan oyatlar (1-qism)

Alloh taolo Hujurot surasida shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لا تَرْفَعُوا أَصْوَاتَكُمْ فَوْقَ صَوْتِ النَّبِيِّ وَلا تَجْهَرُوا لَهُ بِالْقَوْلِ كَجَهْرِ بَعْضِكُمْ لِبَعْضٍ أَنْ تَحْبَطَ أَعْمَالُكُمْ وَأَنْتُمْ لا تَشْعُرُونَ

Ey, imon keltirganlar, amallaringiz o'zlaringiz sezmagan holingizda zoye bo'lib ketmasligi uchun sizlar ovozlaringizni Payg'ambarning ovozidan yuqori ko'tarmanglar va unga bir-birlaringizga baland ovoz (dag'al so'z) qilgandek baland ovoz qilmangizlar! (Hujurot surasi, 2-oyat).

Alloma Shabbir Ahmad Usmoniy rohmatullohi alayhi ushbu oyatning tafsirida shunday yozadilar: “Nabiy sallollohu alayhi va sallamning majlislarida ovozingizni baland ko’tarmang. Sizlar bir-birlaringingiz bilan kulishib, hazil-huzul qilib gaplashasizlar. Nabiy Akram sallollohu alayhi va sallamning huzurlarida bunday holatda ish ko’rish U kishiga nisbatan odobga xilof sanaladi. U zotga hurmat va ikrom ila xushmuomalalik bilan murojaat qiling. Tafakkur qilingki, bir odobli bola otasi bilan, yaxshi shogird ustozi bilan, muxlis murid pir murshidi bilan, bir askar o’z ofitseri bilan qanday tarzda gaplashadi?! Nabiy sallollohu alayhi va sallamning martabalari esa bularning barchasidan juda ham baland hisoblanadi. Shunday ekan, Nabiy sallollohu alayhi va sallam bilan gaplashayotgan vaqtda juda ham e’tibor bilan turish lozimki, mobodo U kishiga beodoblik qilib qo’yadigan bo’lsa, musulmonning o’rni qayerda bo’ladi?! Mana shu suratda hamma amallar zoye bo’lib, barcha mehnat sarobga aylanib qolishidan qo’rqaman”. 

Musnadi Bazzorda rivoyat qilinishicha, mana shu oyat nozil bo’lgach, Abu Bakr siddiq roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, Allohga qasamki, endi siz bilan sirdoshim bilan gaplashgandek gaplashaman”, deydilar. 

Boshqa tafsirlarda kelicha, mana shu voqiyadan keyin Umar roziyallohu anhu Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bilan past ovozda gaplashadigan bo’ldilar. 

Imom Buxoriy rohmatullohi alayhi Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Ansoriylar ichida baland ovozda gapiradigan Sobit ibn Qays roziyallohu anhu bu oyatni eshitganlaridan so’ng (uylaridan chiqa olmay) uyning burchagiga o’tirib qoldilar. Bir marta Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu u kishidan: “Nima bo’ldi?” Deb so’raganlarida, U kishi: “Holim chatoq. Men Nabiy sallollohu alayhi va sallamdan baland ovozda gapirar edim. Endi mening amalim barbod bo’ldi, o’zim esa jahannamiy bo’ldim”, deb javob berdilar. 

Sa’d ibn Muoz roziyalohu anhu xizmat chog’ida bu gapni Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga yetkazdilar. Shunda Nabiy sallollohu alayhi va sallam: “Unga borib: “Sen hargiz jahannamiy emassan, balki jannatiysan”, deb yetkazinglar”, dedilar.  

Zikr qilingan hadislardan xulosa qilib aytish mumkunki,  kimningdir ovozi tabiiy baland bo’lsa va u suhbat chog’ida yuqori ovoz bilan gapiradigan bo’lsa, uning bu holati uzrli deb qaraladi. Lekin shunda ham bunday odam ovozini iloji boricha pastlatib gapirishga harakat qilmog’i darkor. Mana shu odobga mos holat sanaladi. 

Nabiy alayhissalomga bo’lgan bu odobga hayotliklari chog’ida qanchalik rioya qilish zarur bo’lgan bo’lsa, vafotlaridan keyin ham shunday holatda davom etish karak. Masjidun Nabaviyning devorlaridan birida xuddi shu oyat yozib qo’yilgan. U yerga tashrif buyurgan ziyoratchilar ravzada hozir bo’lib, salovot va salom aytayotganlarida ovozlarining past ekanligiga e’tibor bermoqliklari lozimdir. 

Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning “Boadab bonasib” kitoblari asosida tayyorlandi. 

Muhammadibrohim Isoqjonov

“Hidoya” o'rtya maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi