Qur’oni karimda Rasululloh sallollohu alayhi va sallamga odob ko’rsatish borasida nozil bo’lgan oyatlar (2-qism)
Qur’oni karimda payg’ambarlarning o’z ummatlari bilan qurgan suhbatlari haqida bayon qilgan o’rinlar ko’p keladi. Ularda bu qavmlar o’zlarining payg’ambarlari bilan ularning ismlarini aytib murojaat qilganliklarini ko’rishimiz mumkin. Misol uchun, Baniy Isroil Muso alayhissalom bilan gaplashar ekan, u kishiga quyidagiday murojaat qilganlar:
وَإِذْ قُلْتُمْ يَا مُوسَى لَنْ نَصْبِرَ عَلَى طَعَامٍ وَاحِدٍ
Yana eslang, "Ey, Muso, biz bir (xil) taom (yeyish)ga sabr qila olmayapmiz. (Baqara surasi, 61-oyat).
Iso alayhissalom bilan ham qavmlari xuddi shunday ismlarini aytib murojaat qilishgan:
يَا عِيسَى ابْنَ مَرْيَمَ هَلْ يَسْتَطِيعُ رَبُّكَ أَنْ يُنَزِّلَ عَلَيْنَا مَائِدَةً مِنَ السَّمَاءِ قَالَ اتَّقُوا اللَّهَ إِنْ كُنْتُمْ مُؤْمِنِينَ
Havoriylar: “{Ey, Iso ibn Maryam! Rabbing bizga osmondan bir dasturxon nozil qila oladimi?" - deganlarida, (Iso): "Agar mo'min bo'lsangizlar, Allohdan qo'rqingizlar!” - deganini (ham) eslang! (Moida surasi, 112-oyat).
Yuqoridagi ikki oyatdan ayon bo’ladiki, ikki qavm ham Alloh taoloning pay’ambarlariga ismlarini aytib gaplashganlar. Xuddi ular bir-birlari bilan o’zaro gaplashgandek suhbatlashaverar edilar. Bu esa odobga xilof sanaladi. Shuning uchun ham Alloh robbul izza Qur’oni karimda ummati Muhammadiyyaga o’z payg’ambariga murojaat qilishning go’zal odobidan ta’lim berib o’tadi:
لا تَجْعَلُوا دُعَاءَ الرَّسُولِ بَيْنَكُمْ كَدُعَاءِ بَعْضِكُمْ بَعْضًا
(Ey, mo'minlar,) payg'ambarni chaqirishni o'rtalaringizda bir-birlaringizni chaqirish kabi qilmangizlar! (Nur surasi, 63-oyat).
Sahobalarning itoatgo’y ekanliklari va go’zal odoblariga qurbon bo’lsang, arziydiki, bu oyat nozil bo’lgach, ular Nabiy akram sallollohu alayhi va sallamga “Yo Nabiyalloh”, “yo Rasululloh”, “yo Habibulloh”, deya murojaat qiladigan bo’ldilar. Shu bilan birga, “Sizga ota-onam fido bo’lsin” degan go’zal so’zlar bilan ham yuzlanar edilar. Subhanalloh!
Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning “Boadab bonasib” kitoblari asosida tayyorlandi.
Muhammadibrohim Isoqjonov
“Hidoya” o'rtya maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi