Tafsir fanining fazilati
Tafsir ilmining ahamiyati haqidagi maqolamizni Ibn Atiyya rahimahullohning quyidagi go‘zal so‘zlari bilan boshlasak. U kishi aytadilar: "O‘zim uchun hayotimda asqotadigan biror ilmni tanlab olib, uning nurini qabrimning zulmatini yoritish uchun tayyorlab qo‘yajagim narsa haqida bosh qotirdim. Barcha fanlarni turlarga ajratib, birma-bir taqsimlab chiqdim. Ularga tiyran nazar soldim, tafakkur qildim. Va bildimki, ilmning sharafi o‘sha ilm orqali bilinadigan narsa sharafining miqdoru ko‘lamiga bog‘liq ekan. Shunda ularning arqoni eng pishig‘i, tog‘lari eng mustahkami, asarlari eng go‘zali va nurlari eng porlog‘i Alloh taolo kitobining ilmi ekanligini anglab yetdim, qaysiki, Uning oldidan ham, ortidan ham botil yaqin yo‘lolmas, U Hikmat sohibi va maqtov sohibi bo‘lgan Zot tomonidan nozil qilingan. U Sunnatni ham, farzni ham o‘z ichiga olgan ilmdir. Va uni samoning amiyni-omonatdori Yerning amiyniga olib tushgandir. U shunday ilmki, Alloh uni shariatning asosi, tirgagi va mohiyati qilib qo‘ydi, boshqa barcha bilimlarni esa unga xizmat qiluvchi xodimlar qilib berdi".
Qur’oni Karim oyatlarining ma’nolarini fahmlash va uni tafsir qilib, o‘zgalarga ochiqlab berish shunday buyuk fazilatki, bu fazilat Alloh xayr berishni iroda qilgan baxtli kishilargagina nasib bo‘ladi.Bu ummatning dengizi va buyuk din olimi degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu Qur’oni Karimni tafsir va ta’vil qilishda o‘z davrining har qanday vakilidan oldinlab ketib, peshqadam bo‘lgan va Qur’on tarjimoni degan nom bilan shuhrat qozongan.
Mazkur ulug‘ sahobiy o‘smirligidayoq Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak nazarlariga tushib, U zotning duoyu tavajjuhlaridan bahramand bo‘ladi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam uning haqqiga ey Alloh, uni dinni tushunadigan qilib qo‘y va unga ta’vilni o‘rgat! , deb duo qilgan edilar.Mazkur duoning ijobati o‘laroq kelajakda Alloh taolo yosh sahobiy Abdulloh ibn Abbosni O‘z kalomining sir-asrorlarini tushunadigan qilib qo‘ydi va bu zot yuqorida aytilganidek, Qur’onning tarjimoni degan ulug‘ unvonga noil bo‘ldi.
Agar dunyoda tafsir ilmidek sharafli bir ilm yo‘q, desak, sira ham mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Zero, tafsir ilmi orqali olamlar Rabbisining kalomi tushuniladi. Shu ilm orqali Parvardigor bilan suhbat quriladi. Bu ilm Allohning so‘zlarini tadabbur qilishga yordam beradi. Tafsir ilmida kitob yozganlarning eng buyugi bo‘lmish Imom Tabariy rahimahulloh shunday degan edilar: Qur’oni Karimni o‘qib, qori bo‘lib, lekin Uning ta’vilini bilmaydigan insondan ajablanaman. Bu ahvolda u qanday qilib o‘qiyotgan narsasidan lazzat olarkin?!
Ha, Qur’on o‘qishni bilib, tafsiridan, unda yashiringan xazinayu dafinalardan, undagi maknun sir-asrorlaridan bexabar bo‘lgan inson juda ko‘p lazzatdan bebahra inson bo‘ladi.
Tafsir fani ilm tolibi va qolaversa barcha musulmonlarning eng birinchi o‘rinda ahamiyat qaratishi lozim bo‘lgan ilmlardan biridir. Zero, har qanday ilmning sharafi o‘sha ilm orqali bilinadigan va o‘rganiladigan narsaning sharafiga bog‘liqdir. Shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, tafsir ilmi hamma ilmlardan muqaddam va hammasidan ustun ekanligiga amin bo‘lamiz. Zero, Islom dinidagi barcha ilmlar, barcha fiqhiy va shar’iy bilimlar, botiniyu zohiriy ilmlar, latoifu favoidlar, nafs tarbiyasi, odobu axloq, ijtimoiy xulqlar, muomalotu munosabatlar, aqoidu tavhid bilimlari, barcha-barchasi aslida mana shu Qur’oni Karimdan chiqib keladi, unga qaytadi va undan taraladi. .
Ibroximov Abdumalik
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti 52- guruh talabasi