Яратилиш санаси 29.02.2024

ALISHER NAVOIYNING «MAHBUB UL-QULUB» ASARIDA KOMILLIK SARI YO’L

Mahbub ul qulub Alisher navoiyning juda katta boy tajriba to’plagan, hayotni o’z ko’zi bilan ko’rgan voqea hodisalardan chiqargan xulosalarini ifodalov chi asar hisoblanadi. Shuning uchun ham bu asarni ko’proq didaktik hamda falsafiy asar sifatida bahilashga tadqiqorchilar moyillik bildirishadi. Haqiqatda ham shunday. Bunga birinchi sabab asar A.Navoiy umrining oxirida yozilganligi bo’lsa, ikkinchidan bu paytgacha u juda ko’plab ilmiy, adabiy, tarixiy, diniy va dunyoviy asarlarni yaratgan. Demak bu ijod nuqtai nazaridan qaralganda ham tajribalar eng ko’p to’plangan paytga to’g’ri keladi. Shuning uchun ham bu yerda Alisher navoiy o’zini zamoni uchun juda dolzarb hisoblangan axloqiy o’gitlarni jamlagan.

Albatta Alisher Navoiygacha ham bunday janrdagi asarlar mavjud edi. Biz eng kamida Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoiq” asari, hamda “Qobusnoma” “Siyosatnoma” kabi asarlarni bilamiz. Bundan tashqari Sa’diyning “Guliston”, Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”sidagi o’gitlar bunga yorqin misol bo’la oladi. Bundan tashqari Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston” asarida ham aynan shu yo’nalish mavjud. Demak Alisher navoiy tayanadigan manbaalar ko’p bo’lgan. Bulardan ijodiy foydalangan, lekin, bu yerda Navoiyni asosan faylasuf, axloqshunos, jamiyatni o’z ko’zi bilan ko’rib, shu yerdagi yutuq va kamchiliklarni baholay oladigan murabbiy sifatida ko’ramiz. U o’z zamondoshlariga, ayniqsa yoshlarga mo’ljallab o’sha hikmatlarini keltiradi. Bu hikmatlar turli shakllarda o’z ifodasini topgan. Dastlab alohida kasb-hunar va lavozim egalarining kasbi hamda lavozimi taqozo etadigan fazilatlar va bu kasb va lavozimlarga yarashmaydigan nojoiz qusurlar haqida gap boradi. Keyin esa tanbeh degan nom ostida alohida hikmatlar keltiriladi. Biz bu tanbehlarni mavzulariga qarab guruhlarga ajratishimiz mumkin. U yerda bola tarbiyasi, ota va farzand , insondagi yaxshi xususiyatlar, insondagi salbiy xususiyatlar va boshqa mavzularni uchratishimiz mumkin.  Bular uchun Alisher Navoiy o’zi ko’rgan kuzatgan hayotiy hodisalarni hikmatlar shakliga kelltiradi. 

Masalan Navoiy "Mahbub ul-qulub" da yozadi: “Adab kichik yoshlig‘ ulug‘lar duosig‘a sazovor etar va ul duo barokati bila umridin barxurdor. Kichiklar mehrin ulug‘lar ko‘nglig‘a solur va ul muhabbat ko‘ngulda muabbad qolur. Ushog‘larni ko‘zg‘a ulug‘ qilur atvoridin xalq ulug‘liq bilur [A.Navoiy: Mukammal asarlar to‘plami, 14-jild, 1998. 491.]. Ya’niki odob – kichik yoshlilarni kattalar duosiga sazovor etadi. Yoshlar duoning barakasidan umrbod bahramand bo‘ladilar. Odob – ulug‘lar(ustozlar) ko‘nglida yoshlarga mehr uyg‘otadi va u odobli yoshga bo‘lgan muhabbat ko‘ngilda abadiy qoladi. Yoshlarni ko‘zga ulug‘ qilib ko‘rsatadigan fe’l-atvor - odobdir. Odoblilarning yurish-turishida xalq ulug‘vorlik ko‘radi. Demak, odob Navoiyga ko‘ra yaxshi xulqning asosi, barcha ezgu fazilatlarning bosh bo‘g‘inidir. Bu xislatlarning har biri go‘zal axloqli kishilar qiyofasidagina namoyon bo‘lishini ta’kidlaydi. Xo‘sh, kishi go‘zal axloqni nimadan o'zlashtiradi? Hadislarda aytiladiki, kishidagi amallarning afzali ilm orqali hosil bo‘ladi. Ilmning sharafi va ulug‘ligiga shubha yo‘q. Inson ko‘p jihatdan boshqa mavjudotlar bilan sherik, biroq ilmda emas. Ilm insonlarga dunyo va oxiratda to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi, haqiqiy foyda nima-yu, zarar nima ekanini anglatuvchi vositadir. Ilm sohibi barcha axloqi hamidalarga erishadi. U baxillik, qizg‘anchiqlik, qo‘rqoq va jur'atsizlik, manmanlik kabi axloqi zamimalardan o‘zini saqlab, kishilar ko‘rganlarida suhbatiga oshiqadigan go‘zal xulq egasi bo‘lib kamol topadi. Hazrat Navoiy ana shu go‘zal xulq sifatlaridan birini hilm (yumshoq tabiatlik) deb biladi. “Hilm inson vujudining favoqihlig‘ bog‘idur, odamiylig‘ olamining javohirlig‘ tog‘i. Axloq shaxsning og‘ir baholig‘ libosidur va ul libos jinsining sangin debosi. Muxolif nafslar sarsari uchurmoqdin asrag‘uvchi va munofiq, bulhavaslar harzasi tundbodi sovurmoqdin saqlag‘uvchi. Xaloyiqdin kishiga mujibi ta’zim va e’zoz va akobirdin asog‘irg‘a boisi iltifot va imtiyoz. Necha ulug‘ kishi tamasxur va tiybat qilsa, aning qoshida beshukuh va viqor. Nechakim, inusin kishi hazl va xiffat ko‘rguzsa, aning qoshida beshafqat va bee’tibor”.[A.Navoiy: Mukammal asarlar to‘plami, 14-jild, 1998. .] (Ma’nosi: Hilm inson vujudining xushmanzara mevalik bog‘idir va odamiylik olamining javohirga boy tog'idir. Yumshoq ko‘ngillilik — hodisalar to‘la dengizdagi kishilik kemasining langari desa bo'ladi va insoniyat qadrini o‘lchaydigan tarozining toshiga tenglashtirsa ham bo‘ladi. Hilm – axloqli odamning qimmatbaho libosi va u kiyim turlarining eng chidamli matosidir. U-yomon nafsni daydi shamol uchirishidan asraguvchi va ikkiyuzlama munofiqlarning behuda harakatidan himoya qiluvchi. Hilm natijasida odam xaloyiqning izzat-hunnatiga sazovor bo'ladi; hilm tufayli kattalardan kichiklarga iltifot va marhamat yetishadi. Katta kishilar yoshlarni masxara va kulgi qilsa, ular qoshida o'zi shuncha obro‘siz va bachkana tuyuladi; yoshlar ham kattalarga nisbatan hazil va yengiltaklik qilsa, uning qoshida uyatsiz va e’tiborsiz bo‘ladi).[A.Navoiy: Mahbub ul-qulub, 2019. 95.]

Albatta, ahli ilm o‘zini tama’girlik illatidan saqlashi lozim. Xususan, tolibi ilmlar kamtarin, kamsuqum bo‘lishlari kerak. Tavoze'likni o‘zlariga kasb qilishlarini istagan Navoiy insonlardagi jamiiyki sifat va illatlarni o‘z asarida qiyosiy tahlil qiladi. 

“Mahbub ul-qulub” da ijobiy xislatlarga zid bo‘lgan salbiy illatlar xususida ham fikr boradi. Asarda Navoiy kishi uchun or sanalmish baxillik haqida ham original fikr yuritadi: “Baxilning andoqki, bugun topqoni zaxira bo‘lg‘ay, tongla qabri ham bu kungi maoshi uyidek tiyra bo‘lg‘ay. Zuhdu taqvo barcha vaqtda dilpisanddur, yigitlikda dilpisandroq. Tavba va istig‘no hama vaqtda sudmanddur, qariliqda sudmandroq. Hilmu-hayo ahli har yerda arjumanddur, ulug‘lar nazarida arjumandroq. Yaxshiliq va yomonliqni kim qildikim, jazo ko‘rmadi. Saloh va fasod tuxmin kim ektikim, o‘rmadi” [A.Navoiy: To‘la asarlar to‘plami, 9-jild, 2012. 532.] Baxil bugun topganini asrab qo‘ysa, ertaga uning qabri bugungi ro‘zg‘oridek qorong‘i bo‘ladi. Yumshoq ko‘ngilli va hayoli odam hamma joyda azizdir, ulug‘lar nazarida yanada qadrliroq. Kim yomonlik va yaramaslik qilibdiki, jazosini tortadi, kim yaxshilik va to‘g‘rilik urug‘ini ekibdiki, hosilini teradi. Navoiy baxillikning ziddini ehson deb biladi. Shuni alohida aytish kerakki, inson uchun yana bir ulug’ farz – ehson qilishdirki, bu haqidagi fikrini Navoiy muqaddas oyatlarga bog’lagan holda davom ettiradi: “Hal jazo ul-ehsoni illa-l ehsan”.[Ar-Rohman surasi 60-oyat] Jumladan, hamma ta’limotlarda va barcha millat kishilari qoshida ham yaxshilikka yaxshilikdan boshqa mukofot yo’qligi isbotlangan. Umuman olganda, buyuk mutafakkir, shoir Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asari umuminsoniy tarbiya sohasidagi yaxlit bir asar hisoblanadi. Tarbiya haqida gap borar ekan, mutafakkirning barcha o‘gitlari yoshlar tarbiyasi uchun muhim xazina hisoblanadi. Ijodkor asarlarda har bir so‘zdan unumli va o‘rinli foydalana olgan. Har bir hikmati biz uchun ibratlidir. Alisher Navoiyning hayoti va merosi yoshlarni tarbiyalashda, hamda ularni umuminsoniy fazilatlar asosida ulg’ytirishdada bizga har tomonlama namunadir.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami. O‘n jildlik: 9-jild. – Toshkent: G‘.G‘ulom, 2012-yil. 765 bet. 

2. Alisher Navoiy, "Mahbub ul-qulub. Toshkent: “Yangi asr avlodi”, 2019-yil. 316 bet.

3. “Alisher Navoiyning hayoti va ijodi bo‘yicha o‘quv qo‘llanma” T.Matyoqubova, Toshkent – 2009.

4. Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati. 4 tomlik. 1-tom. –Toshkent: Fan, 1983. 642 bet

Ahmadjonov Ibrohim

“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi

Изоҳ қолдириш

Изоҳлар