Яратилиш санаси 21.03.2024

NAVRO'ZI OLAM MUBORAK!

Ozod va obod yurtimizda bahor nafasi urib turibdi. Yangilanish faslini kutayotgan qalblarimizni iliqlik va faraxbaxsh tuyg‘ular egalladi. Har bir faslning o‘z o‘rni, gashti bor. Biroq «fasllar kelinchagi» deya ta’riflanadigan bahor o‘zgacha.

Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – hamalga kirishi bilan Navro‘z, shu bilan birga, yangi (shamsiy) yil kirib keladi. Besh ming yillik tarixga ega bu bayram inson va tabiat uyg‘unligi ramzidir.

Buruj surasi 1-oyatida Alloh taolo aytadi: «Qasamyod etaman (o‘n ikkita) burjlarga ega osmon bilan». Bu o‘rinda burjlardan murod osmondagi Quyosh va Oy burjlaridir.

Furqon surasining 61-oyatida esa: «Osmonda burjlarni bunyod etgan va unda chiroq (Quyosh) va nurafshon Oyni paydo qilgan Zot barakotli (buyuk)dir».

Mazkur oyatlardan ma’lum bo‘ladiki, burjlar besabab yaratilmagan. SHuningdek, Alloh taolo ham bejiz burjlar bilan qasamyod etmaydi. U Zotning Quyosh va Oy bilan, yulduzlar bilan qasam ichishida aql egalari uchun oyat-ibratlar bordir. Zotan, Quyosh va Oyning yaratilishidan maqsad ham bandalarning hayotiy, diniy, dehqonchilik ishlarini Alloh taqdir qilgan ilohiy taqsimot – 12 burj asosida belgilab olish zaruratidir.

Yurtimizda azaldan uch xil taqvim – hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat bo‘lgan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur’oni karimning Isro surasi 12-oyatida bunday zikr qiladi: «Kunduz alomatini esa Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun ham da yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz».

Mufassirlar mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), yillar “hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilishgan.

Avvalo, Navro‘z urf-odatlar bo‘y ko‘rsatadigan bayram bo‘lgani  bois uning tantanalari jarayonida e’tiqod va shariat talablariga xilof ishlar bo‘lmasa, nishonlash hamda kishilar o‘zaro bir-birlarini tabriklashlari joiz.

 Ulamolarimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da bunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va ziyoni yo‘qdur”.

Navro‘zda kun bilan tun barobar bo‘ladi. Bu bayram Islom olamida mahbub bilingani kabi Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, CHag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilmlarning sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta’kidlashgan.

Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘z haqida qimmatli fikrlarni keltiradi. Bunday ma’lumotlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda, deb ta’riflaydi.

Yusuf Xos hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “SHarqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z erni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. O‘yquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, oq, sariq,ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Navro‘z zamirida olam ahlini o‘zaro totuvlik, do‘stlik va hamjihatlikka da’vat etuvchi umuminsoniy qadriyatlar mujassam. Zotan, dinimiz ham har doim insonlarni ezgulikka da’vat etgan. SHunday ekan, Navro‘z bayrami muborak bo‘lsin!

Arabboyev Elshodbek

Bilim yurti 1-kurs 55-guruh talabasi