Яратилиш санаси 12.10.2022

Badriddin Ayniyning hayoti va ilmiy merosi (2-qism)

Badriddin Ayniy bo‘lajak ustozi Alouddin Siyromiy bilan birga Misr poytaxti Qohiraga boradi. Qohira ana shu davrda Misrda hukmronlik qilgan Mamluklar saltanatining poytaxti hisoblangan. Badriddin Ayniy u yerdagi Zohiriyya madrasasining xodimi sifatida xizmat qila boshladi. Badriddin Ayniy bu haqida shunday deydi: “Hijriy 788-yil (milodiy 1388-yil)  ramazon oyining avvalida ustozim meni chaqirdi. Menga madrasa xodimlarining boshqaruvchisi lavozimini berdi. Men esa bu lavozimga noloyiq ekanimni bildirdim. U zot meni o‘zlariga noib sifatida ko‘rishini aytgandan keyingina bu vazifani qabul qildim”[4].

Badriddin Ayniy dastlab Alouddin Siyromiy, Ahmad ibn Xos, Sirojiddin Balqiniy, Zaynul Iroqiy va boshqa buyuk olimlardan fiqh, hadis, qiroat, tafsir va boshqa ilmlarini o‘rganadi. So‘ng Zohiriyya madrasasida hadis fanidan dars bera boshlaydi.

Hijriy 790-yil Alouddin Siyromiyning vafotidan so‘ng madrasadagi ba’zi xodimlarni Badriddin Ayniyga qarshiligi ortadi. U haqidagi yolg‘on bo‘htonlar madrasa mudiri Jarkas Xoliliygacha yetib boradi. Xoliliy esa Ayniyni madrasa va Misr diyoridan chiqib ketishini rasman e’lon qiladi. Bundan xabar topgan buyuk olim Sirojiddin Balqiniy mudirning oldiga kelib, Ayniy haqidagi barcha gaplar yolg‘on va tuhmatligini isbotlab beradi. Xoliliy esa buyruqni bekor qiladi va Badriddin Ayniydan uzr so‘raydi. Alloh Taolo haqni yuzaga chiqaruvchi, botilni mahv qiluvchi zotdir. Bu hodisalardan ko‘rinib turibdiki Badriddin Ayniy ham boshqa olimlar kabi ilm yo‘lida katta qiyinchiliklarga, mashaqqatlarga yo‘liqqan. U o‘zining “Romzul Haqoiq sharhi Kanzi daqoiq” asarining muqaddimasida: “Eng aziz do‘stlarim eng ashaddiy dushmanlarimga aylanishdi”[5] deb hikoya qiladi. Mana shu kabi hodisalardan so‘ng Badriddin Ayniy biroz Qohirada yashab o‘z vatani Aynatobga qaytadi. Ana shu paytda (hijriy 792-yil) Mintosh Ashrafiy Zohir Barquq (Misrda hukmronlik qilgan Mamluk sultonlaridan biri)ga qarshi isyon ko‘taradi. Sultonning askarlari Aynatob shahrini qamal qilishadi. Ba’zi odamlar Badriddin Ayniyga shahardan chiqib ketishni maslahat berishadi. Lekin u qochishdan ko‘ra vatanida qolib aholini sultonga qarshi chiqmaslikka va Mintoshga ergashmaslikka chaqiradi. Mintoshning atrofidagilar “agar shu odam bo‘lmaganda xalq senga itoat qilardi” deyishgan. Mintosh Aynatobdan qochib ketadi. Qo‘zg‘olonni bostirilishida Badriddin Ayniyning xizmatlari katta bo‘ldi. So‘ng Badriddin akasi Ahmad bilan avval Halabga, keyin esa Misrga yo‘l olishdi. U yerda Muayyidiyya madrasasida 819-yildan boshlab vafotigacha hadis fanidan dars berdi. Mahmudiyya madrasasida esa fiqh fanidan dars berdi. Badriddin Ayniy umrining oxirigacha shu yerda qolib ko‘plab asarlar yozdi, madrasada juda ko‘p talabalarga ta’lim berdi.

Ana shu davrda ba’zi odamlar davlatning katta mansablarini pora bilan egallashi odatiy holga aylangan edi. Ana shu davr haqida tarixiy asarlar yozgan tarixchilarning barchasi bu masalaga to‘xtalib o‘tishgan. Badriddin Ayniy esa biror mansabga hech qachon pora yo‘li bilan da’vogarlik qilmadi. Chunki u diyonatli, ilmli oilada tarbiyalangan edi. Ayniy, pora bu islomdagi kemtik, chunki uni Rasululloh sollallohu a’layhi va sallam la’natlagan derdi. Uni shaxsan sultonning o‘zi mansablarga ta’yinlardi.

Badriddin Ayniy uch xil davlat lavozimlarida faoliyat olib borgan:

Muhtasib – mas’uliyatli va obro‘li mansab. Uning vazifasi insonlarga to‘g‘ri va noto‘g‘rini tushuntirish, maishiy-iqtisodiy hayotni yaxshilash va bozordagi tosh-torozini nazorat qilishdan iborat.

Vaqflar nazoratchisi – oliy mansab. Vaqflar nozirining vazifasi vaqf uchun ajratilgan maxsus yerlardan keladigan daromadlar hisobiga masjidlarni, madrasalarni, karvonsaroylarni va g‘aribxonalarni moddiy yordam bilan ta’minlab turish.    

Qozilar qozisi – diniy mansablarning eng oliysi, martabalisi va qadrlisi hisoblanadi. Bu mansab egasining vazifasi shari’y hukmlar haqida fatvo berish, hukmlarni ijro etish va boshqa ma’suliyatli ishlardan iborat bo‘lgan[6]

Badriddin Ayniy muhtasiblik vazifasiga ilk bor hijriy 801-yil Muqriziyning o‘rniga tayinlandi. Bir oydan so‘ng vazifasidan bo‘shatildi. Oxirgi marta muhtasiblik vazifasiga hijriy 846-yil tayinlanib, hijriy 847-yil bo‘shatildi.

Badriddin Ayniy vaqflar nazoratchisi vazifasiga birinchi marta hijriy 804-yil tayinlangan. Shu yilning o‘zida vazifasidan ozod etilgan. So‘ng hijriy 819-yildan boshlab to hijriy 853-yilgacha bu lavozimda ishlagan. Demak Badriddin Ayniy bu mansabda uzluksiz 24 yil xizmat qilgan.   

[4] O‘sha asar. –B. 68.

[5] Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy Sharhu Sahihul Buxoriy. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 1997. –B. 12.

[6] Badriddin Аyniy. Аl-Binoya sharhul Hidoya. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 2000. –B. 70.

Ismailov Akramxon

“Hidoya” o'rta maxsus islom 
bilim yurti o'qituvchisi