Badriddin Ayniyning hayoti va ilmiy merosi (3-qism)
Badriddin Ayniy Qozilar qozisi sifatida ilk bor hijriy 829-yilda faoliyatini boshlagan. U ikki marta bu mansabga tayinlandi:
- Hijriy 829-833 yillar;
- Hijriy 837-842 yillar[7].
Badriddin Ayniy Misrda yashagan davrda u yerda Mamluklar sulolasi hukmronlik qilardi. Biz ana shu davrning siyosiy, ijtimoiy, ilmiy holati haqida ma’lumot berishni lozim topdik.
Mamluklar sulolasi Ayyubiylardan so‘ng hijriy 648-923 yillarda Misr va Shom diyorlarida hukmronlik qilishgan. Ular salbchilarga qarshi qattiq kurash olib borishgan. Temuriylar, usmoniylar kabi musulmon davlatlari bilan har sohada yaxshi aloqada bo‘lishgan. Bizning vatandoshimiz, buyuk sarkarda Amir Temurning o‘g‘li Shoxruh mirzo Ka’batullohning yopinchig‘(ka’bapo‘sh)ini yangilashni nazr qilganini aytib, Misr faqihlaridan fatvo so‘raydi. Natijada ko‘plab tortishuvlardan keyin Badriddin Ayniy bu ish joiz emas, Ka’baga qaraydigan oilagina ka’bapo‘shni yangilashi yohud, almashtirishi mumkin bo‘ladi deb fatvo beradi[8]. Ibn Hajar Asqaloniy kabi olimlar ham bu fatvoni qo‘llab quvvatlaydi. Yuqoridagi hikoyadan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatni yaxshiligi ma’lum bo‘ladi. Eng muhimi Badriddin Ayniyning fatvosi bilan majlis yakunlangani uni o‘sha zamonning e’tiborli faqihlaridan biri bo‘lganini ham isbotlaydi. Tarixchi olimlar ana shu davrda Misrdagi ijtimoiy tabaqani yetti qismga ajratishgan. Ular quyidagilar:
- Davlat a’yonlari. Ular sulton, amirlar, sarkardalar;
- Davlatmandlar. Ular o‘ziga to‘q tijoratchilar;
- Boylar. Ular o‘rtahol savdogarlar;
- Dehqonlar;
- Faqirlar. Ular olimlar va tolibi ilmlar;
- Mehnatkashlar;
- Yordamga muhtojlar. Ular miskin va kambag‘allar.
Mamluklar davrida Misr, xususan Qohira dunyoning ilmiy-madaniy markazlaridan biriga aylandi. Mamluk sultonlari masjidlar, madrasalar, maqbaralar va kutubxonalar qurishda musobaqalashishardi. Bu joylarning moliyaviy ehtiyojlarini qoplash uchun ko‘plab vaqf mulklari tashkil etildi. Ahli ilmlar va tolibi ilmlarga katta moddiy yordamlar ajratildi. Ana shu davrda maxsus fanga ixtisoslashtirilgan madrasalar bo‘lgan. Masalan bir madrasa hadis ilmiga, bir madrasa qiroat ilmiga, yana biri tafsir ilmiga ixtisoslashgan. Ahli sunna val jamoaning to‘rt mazhabini mukammal o‘rgatadigan maxsus alohida-alohida madrasalar tashkil qilingan. Hanafiy mazhabiga ixtisoslashgan madrasada faqat hanafiy mazhabini o‘rgatish bilan chegaralanib qolmay, boshqa mazhablarni ham ta’lim berilgan[9].
Imom Muqriziyning bergan ma’lumotiga ko‘ra o‘sha davrda ta’lim maskanlari faqat madrasalar bo‘lmagan, aksincha masjidlarda, xonaqohlarda va boshqa joylarda o‘z davrining yetuk olimlari dars berishgan. Tarixchi olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra madrasalarda islom dinining barcha fanlariga oid juda ko‘p kitoblar mavjud bo‘lgan.
Yuqoridagi ma’lumotlardan Misrda ilm-fanga qay darajada e’tibor qaratilgani ko‘rinib turibdi. Bu ishlarning asosiylarini sultonlar amalga oshirganlar.
Ana shu davr odatlariga ko‘ra buyuk, e’tiborli olimlar sultonlar uchun hadya sifatida bir kitob yozishgan. Kitobdan sultonning hayoti, ilmiy faoliyati va foydali nasihatlar o‘rin olgan. Badriddin Ayniy esa Malik Muayyid, Zohir Totor va Malik Ashraf haqida nazmiy, nasriy asarlar yozgan.
Badriddin Ayniy dastlab Misrga kelganda Malik Zohir Barquq hukmronlik qilardi. Lekin ular orasidagi aloqa juda yaqin bo‘lmagan. Malik Zohir Barquq Badriddin Ayniyni bir savol bilan imtihon qiladi, buyuk faqih qoniqarli javob beradi. Badriddin Ayniy hukmdorlar ichida Malik Muayyid bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Sultonning mehrini qozongan Badriddin Ayniy yangi ochilgan Muayyidiyya madrasasiga mudir etib ta’yinlanadi. Vaqflar noziri vazifasiga ham aynan Malik Muayyid davrida ta’yinlanadi. Sulton Malik Muayyiddan so‘ng taxtga o‘tirgan Malik Zohir Totor ham Ayniyni qattiq hurmat qiladi.
So‘ng Malik Ashraf davrida qozilik maqomiga ta’yinlangan. Malik Ashraf yoshlik chog‘ida taxtni egallagani bois Badriddin Ayniydan qiroat, shariat, odob, siyosat va podshohlar tarixini ta’lim oladi. Badriddin Ayniy yosh valiahdni “Agar podshoh solih bo‘lsa millat solih bo‘ladi, agar fosid bo‘lsa millat fasod bo‘ladi” shiori ostida tarbiyalaydi. Malik Ashraf sulton bo‘lganidan keyin Badriddin Ayniy u uchun eng ishonchli odamga aylanadi. Podshoh u bilan doim maslahatlashib ish yuritadi. Sulton Malik Ashrafning “agar qozi Ayniy hazratlari bo‘lmaganda bizning islomimiz chiroyli bo‘lmas edi. Mamlakatni qanday boshqarardik? ” degan so‘zi ham Badriddin Ayniyning e’tiborini va mavqeyini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Malik Zohir Chaqmoq sulton bo‘lgandan keyin Badriddin Ayniy qozilik vazifasidan bo‘shatildi. Shundan so‘ng Badriddin Ayniy asosiy e’tiborini ilm-fanga qaratdi. Umrining oxirlarida bir madrasa qurdirdi. U yerga barcha kitoblarini vaqf qildi. Madrasa tolibi ilmlar uchun ilm dargohiga aylandi. Badriddin Ayniy 93 yil ilm yo‘lida xizmat qildi. Ta’lim oldi, dars berdi va ko‘plab asarlar, sharhlar yozdi. Davlatning turli xil lavozimlarida xizmat qildi. Hijriy 855-yil Zulhijja oyining 4-kuni (milodiy 1453-yil) seshanba tunida vafot etdi. Ertalab hozirgi Al-Azhar universitetida janozasi o‘qiladi va o‘zining madrasasiga dafn qilinadi.
[7] Solih Yusuf. Badruddin Ayniy va asaruhu fi ilmil hadis. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 2004. –B. 24.
[8] O‘sha asar. –B. 25.
[9] Badriddin Аyniy. Аl-Binoya sharhul Hidoya. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 2000. –B. 71.
[10] Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy Sharhu Sahihul Buxoriy. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 1997. –B. 14.
[11] Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy Sharhu Sahihul Buxoriy. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 1997. –B. 15.
[12] O‘sha asar. –B. 16.
[13] Solih Yusuf. Badruddin Ayniy va asaruhu fi ilmil hadis. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 2004. –B. 44.
[14] Badriddin Аyniy. Аl-Binoya sharhul Hidoya.-Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 2000. –B. 68.
Ismailov Akramxon
“Hidoya” o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi