Яратилиш санаси 16.12.2022

Badriddin Ayniyning hayoti va ilmiy merosi (4-qism)

Tarixchi olim Ibn Tag‘riy Bardiy Badriddin Ayniy haqida shunday deydi: “Badriddin Ayniy fiqh, hadis, usulul fiqh, nahv, sarf, arab tili va adabiyotini yetuk bilimdoni bo‘lgan”[10]. Badriddin Ayniyning shogirdi imom Saxoviy esa: “Badriddin Ayniy buyuk imom, alloma, tarixchi, o‘qish va yozishdan charchamaydigan ulug‘ olim bo‘lgan”[11], deydi.

Ibn Iyos Hanafiy esa: Badriddin Ayniy o‘z davrining nodir allomasi, fazilatli imom, buyuk asarlar muallifi, hurmat va ehtiromga loyiq ustoz edi, degan.

Imom Abul Maoliy esa: Badriddin Ayniy allomalarni imomi, taqvodor imom, qaysarlarning zarariga Alloh taoloning hujjati va bid’atchilarga qarshi yengilmas hujjat edi deydi. Yuqoridagi ta’riflardan Badriddin Ayniyning mukammal islom dini uchun qanday xizmatlar qilgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

Hijriy IX asr o‘z davrining buyuk olimlari orasidagi shiddatli raqobatga shohid bo‘ldi. Masalan Ayniy va Muqriziy, Ayniy va ibn Hajar, imom Saxoviy va imom Suyutiy va boshqalar. 

Badriddin Ayniy va uning zamondoshlari orasidagi shiddatli raqobatni ikki qismga bo‘lishimiz mumkin:

  1. Ilmiy raqobat;
  2. Mansab raqobati.

Ibn Hajar Asqaloniyning to‘liq ismi – Abul Fazl Ahmad ibn Ali ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Hajar al-Asqaloniy ash-Shofe’iy. Buyuk olim hijriy 773-yil (milodiy 1374-yil) Misrning Asqalon shahrida tug‘ilgan. Ibn Hajar va Ayniy asosan bir xil ustozlardan ta’lim olishgan. Hijriy 852-yil (1450-yil) ya’ni Badriddin Ayniyning vafotidan 3 yil avval vafot etgan[12]. Yozgan asarlari:

  • Fathul Boriy;
  • Al-Isoba fi tamyizi sahoba;
  • Bulug‘ul marom va boshqa shu kabi 150 dan ziyod asarlar muallifi.

 Ibn Hajar Asqaloniyning qisqacha tarjimai holidan ham ikki buyuk olim orasida bo‘lgan shiddatli raqobatni sababini tushunishimiz mumkin. Ikkisi ham bir davrda, bir joyda ijod qilishgan. Ikkisi ham fiqh, hadis va boshqa ilmlarning yetuk bilimdoni bo‘lishgan. Biri hanafiy mazhabining yana biri shofe’iy mazhabining ko‘zga ko‘ringan vakillari. Ikki mazhab orasidagi munozara ulardan avval ham bo‘lgan, hozir ham, keyin ham bo‘ladi. Ikkisi ham qozilik mansabiga ta’yinlangan, ikkisi ham sultonlarga yaqin bo‘lishgan. Yuqoridagi sifatlardan ikkala shaxsning ham buyuk alloma bo‘lgani ko‘rinib turibdi. Ana shuning uchun ham biz Badriddin Ayniy va Ibn Hajar Asqaloniy o‘rtasida bo‘lgan munozaralarga to‘xtalib o‘tishga qaror qildik.

Ular orasidagi munozaraning boshlanishi 819-820–yillar (milodiy 1416-yil)ga to‘g‘ri keladi. Dastlabki munozara she’riy savol-javob shaklida boshlanadi. O‘sha vaqtlarda Sulton Muayyid Rovnaq masjidi qurib bitkaziladi. Uning yoniga sulton tomonidan madrasa ham quriladi. Bu madrasada Badriddin Ayniy hadis fanidan, Ibn Hajar Asqaloniy esa shofe’iy fiqhidan talim berishardi. Madrasaning shimoliy tarafiga mezana (azon aytish uchun quriladigan minora) qurish boshlanadi, ammo bir odamning boshiga tosh tushib o‘lgandan keyin qurilish to‘xtatilib, mezanani buzib tashlashga qaror qilinadi. Shunda ibn Hajar Asqaloniy mana shu voqeaga bag‘ishlab quyidagicha bayt yozadi:

Sultonimiz Muayyid Rovnaqning jome’si
Chiroyli, ziynatlidir minorasi.
Aytishmoqdaki minora qulab tushdi,
Lekin uning chiroyiga yo‘qdir ko‘zdan zararlirog‘i.

Bu she’riy aytishuv ikki shaxs orasidagi bahsning boshlanishi edi. Ko‘rib turganimizdek ibn Hajar Asqaloniy munozarani she’riy yo‘l bilan boshlab berdi. Badriddin Ayniy esa o‘z uslubi bilan quyidagicha javob qaytardi:

Minora oro berilgan kelinchakdek,
Uning buzilishi Allohning qazo-qadaridir.
Unga ko‘z tegdi deyishmoqda, menimcha bu xato,
Uning buzilishiga sabab toshning kasofati[13] 

Ular orasida bo‘lib o‘tgan munozaralardan o‘zlariga va musulmonlarga katta foyda bo‘ldi. Ikki buyuk olim o‘z asarlarida bir birini juda maqtashgan, ibn Hajar Asqaloniy o‘zining bir asarida Shohruh mirzo voqeasini zikr qilib, Badriddin Ayniyni madh qilgan. Ikki alloma doimo bir-biri bilan suhbatlashib turishgan. Yuqorida aytganimizdek ibn Hajar Ayniydan 3 yil avval olamdan o‘tgan. U o‘lim to‘shagida yotgan paytda ham Badriddin Ayniy doim ibn Hajar Asqaloniydan xabar olib turgan. Bir so‘z bilan aytganda ikki olim bir biridan juda ko‘p foyda olishgan. Badriddin Ayniyning Sahiyhul Buxoriyga sharh yozayotganidan xabar topgan ibn Hajar Asqaloniy ham bu ishga kirishadi. Natijada esa musulmonlar uchun ulkan xazina “Umdatul Qoriy” va “Fathul Boriy” dunyoga keldi. Alloh taolo ikki buyuk olimdan rozi bo‘lsin. 

Badriddin Ayniy o‘z davrining buyuk mashoyixlaridan ilm oldi. Uning ustozlari ulug‘ muhaddislar, faqihlar, qorilar, mufassirlar, adiblar va tilshunoslar bo‘lgan. 

Badriddin Ayniy ilmiy faoliyati davomida minglab talabalarga ustozlik qilgan, ilm o‘rgatgan. Shogirdlari ichida imom Saxoviydek, “Hidoya”ga “Fathul Qodir”dek mo‘tabar sharh yozgan Kamoliddin ibn Humom kabi yetuk olimlar yetishib chiqqan. 

Badriddin Ayniyning qay darajada ilm sohibi ekanligi uning ustozlari va shogirdlaridan ham ma’lum. Biz Aynatobiyning yozgan asarlari bilan tanishib chiqqanimizda, ul zotning naqadar ilm sohibi ekaniga yana bir karra ishonchimiz ortadi. Badriddin Ayniy yashagan davrda turli fanlarga oid hisobsiz asarlar yozildi. Badriddin Ayniy ham juda ko‘plab asarlar muallifi hisoblanadi. Bu haqda imom Saxoviy shunday deydi: “Ustozim shu qadar ko‘p asar yozdiki, ulardan ko‘proq asar yozgan olimni bilmayman”[14].Mana shuning uchun ham uning yozgan asarlarini to‘plash juda qiyin. Chunki u bilan zamondosh bo‘lgan olimlar va tolibi ilmlar bunga qodir bo‘lishmagan. Biz esa Badriddin Ayniyning yozgan asarlari haqida ko‘proq ma’lumot berishga harakat qilamiz.

[10] Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy Sharhu Sahihul Buxoriy. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 1997. –B. 14.

[11] Ibn Hajar Asqaloniy. Fathul Boriy Sharhu Sahihul Buxoriy. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 1997. –B. 15.

[12] O‘sha asar. –B. 16.

[13] Solih Yusuf. Badruddin Ayniy va asaruhu fi ilmil hadis. – Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 2004. –B. 44.

[14] Badriddin Аyniy. Аl-Binoya sharhul Hidoya.-Bayrut: Dor-ul-fikr-il-ma’osir, 2000. –B. 68.

Ismailov Akramxon

“Hidoya” o'rta maxsus islom 
bilim yurti o'qituvchisi