“al-A’rf ash-shaziy” asari va uning bugungi kundagi ahamiyati
“Al-A’rf ash-shaziy min Jome’ at-Termiziy”. Alloma Anvar Shoh Kashmiriyning ushbu “Al-A’rf ash-shaziy” asari Devbanddagi Dorul ulum nomli universitetda “Jome’ at-Termiziy”dan dars berish jarayonida o‘zi tomonidan aytib berilgan sharhidir. Bu asarni shogirdlaridan biri Shayx Muhammad Jarrog‘ o‘zi uchun yozib borgan. Darsning oxiriga borib bu asar katta bir xazina kitobga aylandi. Haqiqatda bu kitobda juda ko‘p ma’lumotlar, foydalar bor. Alloma Bannuriy rohimahulloh o‘zining “Nafhatul anbar” asarida bu kitobni quyidagicha sifatlaydi[1]:
“Anvar Shoh Kashmiriyning bu asarini allomaning boshqa yozgan kitoblari safiga qo‘shish munosib ish bo‘ladi. Zero, buni ham shayx “Jome’ at-Termiziy” darsi davomida gapirib bergan, shogirdlaridan biri esa, uni dars mobaynida o‘ta tezlik bilan, shoshilib yozgan. Hammamiz juda yaxshi bilamizki, bunday shoshilib yozishda u yerda aytilgan barcha ilmu ma’rifatni ikir-chikirlarigacha yozib olish, o‘zida saqlash nihoyatda qiyin va amri mahol ishdir. Bunday vazifani biror kishi ham eplab bajarolmaydi. Axir buning iloji ham yo‘qda. Chunki alloma sohilsiz dengiz edi. Agarda bu ishni amalga oshirish mumkin edi deguvchilarga taslim bo‘lgan taqdirimizda ham uni to‘la-to‘kis qamrab olishda bundan boshqa mushkilalar, muammolar borligini inkor qilib bo‘lmaydi. Masalan, ma’lumotlarni darhol, bir zumda tushinib olish; birdaniga unga xulosa qilish; kalimlarini qanday kerak bo‘lsa, xuddi o‘shanday e’roblash va hokazo uzrli vaziyatlar ham mavjud. Ana shunday noqulay holatda ko‘chirishda xatoga yo‘l qo‘yish, kitobga nuqson yetkazish, ibora va bahslarda tartibsizlik yo buzilish holatlari ham yuzaga chiqishi hech gap emas. Ammo shunga qaramay, kitob juda yaxshi , deyarli xatolarsiz, namunaviy darajada ko‘chirilgan. Qolaversa, bu asarni jamlagan kishi ushbu jamlayotgani asar, kitob bo‘lishini, hadis kitoblaridan birining sharhi bo‘lishini qasd qilmagan. Balki u o‘zi foydalanishi uchun yozib olgan. Zero insonning zehni pasayadi. Yodlagani esdan chiqadi. Natijada u ma’lumotlardan qayta foydalana olmasligi mumkin”.
Alloma Anvar Shoh Kashmiriy o‘zining ushbu “Al-A’rf ash-shaziy” asarini “Bismillahir rohmanir rohim”dan so‘ng “Imom Termiziy (rohimahullohu taolo) tarjimai hollari” mavzusi bilan boshlagan. Unda Imom Termiziy haqida ishonchli, kuchli manbalar asosida, manbalarini ham keltirib turib, qimmatli ma’lumotlarni keltirgan[2]. Undagi ayrim ma’lumotlarni Imom Termiziy haqida yozilgan boshqa sharhlarda topish amri mahol. Ushbu bitiruv malakaviy ishning birinchi bob birinchi faslida Kashmiriyning keltirgan ma’lumotlaridan etarlicha foydalanildi.
Alloma Imom Termiziyning tarjimai hollarini batafsil keltirgach “Jome’ at-Termiziy”ning fazilatlari va uning go‘zalliklari” mavzusi ostida ushbu kitobning qanchalik yuksak darajada ekanini isbotlab bergan. Bu kitob haqida qadim-salaf ulamolaridan tortib, hozirgi davrgacha yetib kelgan ulamolarning “Jome’ at-Termiziy” asariga nisbatan aytilgan maqtovlarini, ushbu kitobning fazilatli jihatlarini sanab chiqqan. Ayniqsa, Hofiz Qutbiddin Qastaloniy tomonidan yozilgan manzumani keltirgani bunga yaqqol misoldir. Undagi ma’lumotlardan bitiruv malakaviy ishning birinchi bob ikkinchi faslida ham foydalanildi.
“Muallif muqaddimasi”da Anvar Shoh sanadga sharh yozish bilan bir qatorda hadis ilmiga tegishli ayrim istilohlarni izohlagan, hadis kitoblarining turlari, ularning darajalari, “Oltita sahih” kitoblarining u kishi nazdidagi martabalari, mualliflarining mazhablari to‘g‘risida o‘z qarashlarini bayon etgan. Shuningdek, Imom Termiziyning ayrim fazilatlari va “Abu Iso” nomi bilan kunyalanish haqidagi ma’lumotlarni taqdim qilgan.
Jumladan, alloma “Olti sahih” kitoblar egalarining mazhablari to‘g‘risida quyidagilarni aytib o‘tgan[3]:
Ayrimlar Imom Buxoriyni shofe’iy bo’lgan deyishi. Chunki u imom Shofe’iyning shogirdi bo‘lmish Humaydiydan ta’lim olgan deyishadi. Bunga javoban men aytamanki, agar gap ustoziga borib taqalsa, Imom Buxoriy hanafiy bo‘lgan. Zero, uning ustozi Is’hoq ibn Rohavayh ” dir. Qolgan ustozlar va shayxlardan ham ta’lim olgan, lekin Is’hoq eng katta ustozi sanaladi. Is’hoq ibn Rohavayh esa, Ibn Muborakning xos shogirdi hisoblanadi. Ibn Muborak bo‘lsa, Imom Abu Hanifaning xos shogirdidir. Lekin haq gap shuki, Buxoriy mujtahid bo‘lgan. Ko‘pgina ijtihodlari hanafiylarga mos keladi. Ammo o‘sha asrdagi mashhur masalalar borasida, masalan, Imom ortida qiroat qilish, ikki qo‘lni ko‘tarish, ominni jahriy aytish va shunga o‘xshash masalalarda Imom Shofe’iy mazhabiga muvofiq ijtihod qilgan.
Imom Muslimning mazhabini haqiqatda, bilmayman. Imom Ibn Mojjaning va Imom Termiziyning mazhablari shofe’iy bo‘lsa kerak. Imom Abu Dovud va Imom Nasaiylarning mazhabi shofe’iy bo‘lgan deb mashhur bo‘lgan, biroq ular hanbaliy bo‘lgan. Chunki hanbaliy mazhabida yozilgan kitoblar Imom Abu Dovudning Imom Ahmad rohimahumallohdan keltirgan rivoyatlari bilan to‘lgan. Alloh o‘zi bilguvchiroq”.
Imom Termiziy “Jome’”ni “Bismillahir-rohmanir-rohim” bilan boshlagan. Alloma Anvar Shoh bu quyidagicha izohlagan:
“Musannif rohimahulloh kitoblarini “Basmala” bilan boshlaganlar, hamd aytish bilan boshlamaganlar, buning boisi u zot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning maktublarini yozishdagi odatlari, sunnatlariga iqtido qilganlar. Ammo “Har bir muhim ishki ...boshlanmas ekan... ” hadisi muztarib hisoblanadi. Chunki bu hadis turli yo‘llar bilan rivoyat qilingan. Ba’zi rivoyatlarda “bizikrillah”, boshqa rivoyatlarda “bihamdillah”, yana ba’zida esa, “bibismillah” deb kelgan. Shayx Tojiddin Subkiy aytadilarki, bu hadis quvvat jihatdan hasan darajasida, Umumiy sobitligi, dalolati jihatidan esa, biror bir ishni boshlamoqchi bo‘lsa, Allohning zikri bilan boshlash zarur, bu esa, hadis faqat biror ishni boshlaganda Allohga hamd aytishning o‘ziga xos emas. Hadis bitta, lafzlari turli xolos[4]”.
[1] Nuаym Аshrаf Nur Аhmаd. Jomi’i Termiziy. – Pokiston: Kаrotishi. 2015. J-1. – B.20.
[2] Yusuf Bаnnuriy. Nаfhаtul аnbаr fi hаyati Аnvаr. – Kаrotishiy: Mаktаbаtul Bаnnuriyya. 1424.– B.20-21.
[3] Аllomа Аnvаr Shoh Kаshmiriy. Аrf ash-shаziy. – Bаyrut. Dorul ihya аtturos аl-аrаbiya. – B.33.
[4] Аllomа Аnvаr Shoh Kаshmiriy. Al-А’rf ash-shаziy. – Bаyrut. Dorul ihya аtturos аl-аrаbiya. – B.30.
Muhiddinov Muzaffar
"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi