Яратилиш санаси 02.07.2025

Yoshlar va ijtimoiy tarmoqlar: Foydami yoki fitna?

Bugungi kunda internet va ijtimoiy tarmoqlar yoshlarning deyarli har bir daqiqasiga hamroh bo‘lib qoldi. Ayniqsa, musulmon yoshlari orasida ham bu vositalarga qiziqish ortib bormoqda. Aslida, bu vositalar Allohning ne’matlaridan bo‘lishi mumkin — agar ular to‘g‘ri yo‘lda ishlatilsa. Ammo ko‘pchilik uchun bu ne’mat fitnaga aylanayotganidan afsusdamiz.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi: "Al-batta quloq, ko‘z va qalb – ularning barchasi haqida (qiyomatda) so‘raladi" (Isro surasi, 36-oyat).

Demak, biz ijtimoiy tarmoqlarda nima ko‘rdik, nima yozdik, kim bilan gaplashdik — barchasi haqida javob beramiz.

Hozirda yoshlarning katta qismi vaqti behuda kontentlarga, kulgili videolarga, g‘iybat va bo‘htonlarga sarflanmoqda. Ba’zilar esa yolg‘on obro‘, soxta go‘zallik, harom reklamalarga berilib ketmoqda. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

"Kishi yolg‘onchi bo‘lishi uchun biror gapni tekshirmay tarqatishi kifoya" deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Biz esa ko‘rgan har bir narsani “share” qilishga odatlandik — bu esa gunohga sabab bo‘lmoqda.

Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarni foydali jihatdan ishlatish imkoniyati ham mavjud. Qur’on darslari, fiqh darslari, arab tili mashg‘ulotlari, hadis darslari va boshqa islomiy kontentlar orqali yoshlar bilimini oshirishi, qalbini poklashi, imonini mustahkamlashi mumkin. Hatto ijtimoiy tarmoq orqali birovga foydali ilm o‘rgatish ham sadaqai joriya bo‘lishi mumkin.

Ammo bu ixtiyorimizdagi vosita, ya’ni telefon, bizni qul qilib olmasligi kerak. Aksincha, biz uni boshqarishimiz lozim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar:

"Ikki ne’mat borki, odamlar ularning qadriga yetmaydi: salomatlik va bo‘sh vaqt." (Buxoriy rivoyati)

Demak, vaqt – eng katta ne’mat. Uni TikTok yoki Instagramda emas, balki ilm o‘rganishda, ibodatda, ota-onani rozi qilishda sarflaylik.

Xulosa o‘rnida:

Ijtimoiy tarmoqlar — zamonaviy hayotning bir qismi, biroq ular qalbimizni egallab, bizni Allohdan uzoqlashtirmasligi kerak. Har bir musulmon yosh avvalo o‘zini muho­saba qilsin: bu vaqtim meni Allohga yaqinlashtiryaptimi yoki undan uzoqlashtiryaptimi? Zero, bu dunyo hayoti imtihondir. Internet ham bu imtihonning bir bo‘lagidir.

Qutbiddinov Ayubxon

Ta'lim muassasasi 3-kurs talabasi