Qadr kechasi va undagi alomatlar
Ramazoni sharif Payg‘ambarlar orzu qilgan oydir. Chunki bu oyda qilingan ibodatlarning fazli, darajasi juda ulug‘dir. Bu oy Qur’on oyi, xayru saxovot va mehru muruvvat oyi hamdir. Yana bu oyda muborak bir kecha bo‘lib, u ming oydan ko‘ra yaxshiroqdir. Ya’ni kim o‘sha kechani ibodat bilan o‘tkazadigan bo‘lsa, boshqa paytda ming oy ibodat qilgandan ko‘ra ko‘proq savobga erishadi. Biroq u qaysi kechada bo‘lishi aniq aytilmagan. Ulamolar hadislarga suyangan holda Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan birida bo‘lishiga ittifoq bo‘lishgan va u kechada bo‘ladigan ba’zi alomatlarni bayon etishgan:
Uboda ibn Somit roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunligidadir. Kim unda iymon bilan Alloh roziligi uchun ibodat qilsa, albatta, Alloh avvalgiyu keyingi gunohlarini kechiradi. U toq raqamli kechada bo‘ladi. To‘qqizinchi yoki yettinchi yoki beshinchi yoki uchinchi yoki oxirgi kecha qadr kechasidir”, dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Aksar ulamolarning fikriga ko‘ra, Qadr kechasi har Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasidir. Zirr roziyallohu anhu Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga: «Birodaringiz Abdulloh ibn Mas’ud: “Kim bir yil tunlari qoim bo‘lsa, Qadr kechasini topadi”, deb aytganlar», deganida, Ubay ibn Ka’b: “Alloh Abu Abdurahmon (ya’ni, Ibn Mas’ud)ni mag‘firat qilsin, haqiqatda u Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunligida ekanini bilar edi. Bu kecha yigirma yettinchi kechadir, lekin odamlar u narsaga suyanib qolmasligini xohlab aytmasdi, — dedi. So‘ngra qat’iy qasam ichib: — Yigirma yettinchi kechada”, dedi. Shunda men: “Ey Abu Munzir, nima dalil bilan bunday deysan?” dedim. U Zot: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizga aytgan belgi bilan: u kun quyosh shu’lasiz chiqadi”, deb javob berdilar (Imom Muslim va Terimiziy rivoyati).
Abdulloh Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Nabiy sollallohu alayhi va sallamning bir qancha sahobalari Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida bo‘lishini tushlarida ko‘rishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning tushlaringiz Laylatul qadr Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida ekaniga muvofiq keladi, deb o‘ylayman. Kimki Laylatul qadrni kutmoqchi bo‘lsa, Ramazonning oxirgi o‘n kunligining yettisida kutsin!", dedilar" (Imom Buxoriy rivoyati).
Aslida, Qadr kechasini qachon bo‘lishini Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmaydi. Faqat taxmin qilinadi, xolos. Shu boisdan faqihlar tomonidan uning qachon bo‘lishi haqida qirqdan ziyod qavllar, taxminlar aytilgan. Jumladan, Hofiz ibn Hajar Asqaloniyning “Fathul boriy”, Muhammad Abdulg‘afurning “Al-Is’of” asarida ham zikr etilgan.
Qadr kechasining alomatlari haqida sahih hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Ularda aytilishicha, Qadr kechasida sukunat hukm suradi, yulduzlar uchmaydi, havo mo‘’tadillashadi: issiq ham, sovuq ham bo‘lmaydi. Ertalab quyosh qizarib, tog‘araga o‘xshash bo‘lib, yog‘dusi juda zaif bo‘lib ufqdan bosh ko‘taradi. Sababi o‘sha tun va kunda farishtalar ko‘plab tushib-chiqib turishi oqibatida quyosh nurlarini ham to‘sib qo‘yadi. Qadr kechasida yomg‘ir yog‘maydi, yog‘sa ham o‘ta mayin va yoqimli bo‘ladi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qadr kechasini tavsiflab, bunday dedilar: “Bu kecha muruvvatli, (yaxshi, saxovatli), bo‘shashgan, (ozod, sokin), issiq ham emas, sovuq ham emasdir. Uning quyoshi o‘sha tongda qip-qizil zaif bo‘lib chiqadi” (Imom Abu Dovud va Bazzor rivoyati).
Sahobalarning ulug‘ qorilaridan biri Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Qadr kechasini yigirma yettinchi kechada bo‘lishini aytar va der ekanlar: “U bizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xabar bergan kecha bo‘lib, quyosh o‘shanda oppoq bo‘lib, miltillab, yaltillab chiqadi” (Imom Muslim, Ahmad, Abu Dovud, Bayhaqiy va Ibn Abi Shayba rivoyatlari).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar:
انّ أمارة ليلة القدر انها صافية بلجة كانّ فيها قمرا ساطعا ساكنة ساجية لا برد فيها ولا حرّ ولا يحلّ لكواكب ان يرمى به فيها حتى تصبح. وانّ أمارتها انّ الشمس صبيحتها تخرج مستوية ليس لها شعاع مثل القمر ليلة البدر ولا يحلّ للشيطان ان يخرج معها يومئذٍ
“Albatta Qadr kechasining alomatlari shuki, u musaffo, yop-yorug‘, xuddi sukunatga o‘ralgan yog‘duli oy charaqlab turgandek bo‘ladi. U kechada (o‘ta) sovuq ham, (juda) issiq ham bo‘lmaydi. O‘sha kechada tonggacha yulduzlar otilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Yana uning alomatlaridan biri quyosh ertalab o‘n to‘rt kechalik oyga o‘xshab, nursiz charaqlamasdan chiqadi. O‘sha kuni shaytonlar chiqishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi” (Imom Ahmad rivoyati).
Ibn Abu Osim Nabil Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Qadr kechasini bildim. So‘ng u menga unuttirildi. U Ramazon oyining oxirgi o‘n kunidagi kechalardan biridadir. U kecha ochiq yarqiragan bo‘lib, issiq ham, sovuq ham emas, go‘yo oy borga o‘xshaydi. U kecha tong otgunigacha shaytonlar chiqmaydi”, dedilar».
Qadr kechasining Ramazon oyiga yashirilishining hikmati o‘lim vaqtini va qiyomatni yashirish hikmati kabidir. Shuning uchun Qadr kechasi mo‘minlar toat etishga rag‘bat va harakatni kuchaytirishi, g‘ofil va dangasa bo‘lmasligi lozim. Abul Oliya roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir a’robiy kimsa Payg‘ambarimiz solallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, "Laylatul Qadr qachon bo‘ladi?" deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga bunday dedilar: "Laylatul Qadrni Ramazonning ilk va eng so‘nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!" (Imom Abu Dovud rivoyati).
Parvardigori olam o‘zi xohlagan bandasiga Qadr kechasini bildiradi. Qadr kechasini aniq bilib tong otguncha ibodat qilib chiqish afzaldir. Buni bilib, sezib qolish bir fazilat bo‘lgani uchun alloma Ibn Hajar Asqaloniy uni bilgan taqdirda ham hech kimga gapirmagan ma’qul, deganlar.
Imom Tabariy va Imom Bayhaqiy rivoyatlarida yana mazkur muborak kechada kasalliklar paydo bo‘lmasligi, sho‘r suvlar chuchuk bo‘lishi, daraxtlar o‘z shoxlarini yerga egiltirib turishi kabilar ham zikr etiladi.
Agar Laylatul Qadr borasidagi barcha qavllarni to‘plansa, qirqdan ortiq fikrlar majmuasi hosil bo‘ladi. Ammo biz bu o‘rinda eng ishonchli hadislarda vorid bo‘lganlarinigina keltirdik.
Nurullayev Fozilxo‘ja
“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti talabasi