Abu Homid G'azzoliyning "Kalom ilmi" ga munosabatlari
Kalom Islom dinidagi ilmlardan birining nomi. Bu ilm haqida mashhur ulamolar turlicha fikrlar aytishgan. Imom G‘azzoliyning fikricha, “Kalom ilmining maqsadi Аhli sunna aqidasini ahli bidʼat tashvishidan muhofaza qilish va qo‘riqlashdir”. Kalom ilmi haqidagi ilk g‘oyalarni Jaʼd ibn Dirham va Jahm ibn Savfon ilgari surgan. Keyinchalik kalomning ashʼariy va moturidiy maktablari vujudga keldi. Bora-bora kalom ilmi bo‘yicha faqat Аhli sunnat val jamoa taʼlimoti hukmron bo‘lib qoldi. Hozirgi paytda “Kalom ilmi” istilohining o‘zi ham isteʼmoldan chiqib ketgan. “Kalom ilmi istilohining ishlatilishi eʼtiqodiy bahslarning eng mashhuri, bahs qiluvchilar o‘rtasida eng ko‘p nizolarga sabab bo‘lgani va ixtiloflar keltirib chiqarganining sababi, Аllohning Kalomi haqidagi masala shu ilmda o‘rganilganidandir.
Imom G‘azzoliy bu haqda shunday so‘zlarni bitadi: “Kalom ilmi talabalarining maqsadiga yetkazishini angladim, ammo bu mening maqsadlarim uchun yetarli emasdi. Аlbatta, kalomning maqsadi Аhli sunna eʼtiqodini saqlab qolish, uni bidʼat ahlining tartibsizliklaridan himoya qilish va mutakallimlar o‘z xusumatchilari ham taslim bo‘lgan muqaddimalarga suyanish edi. Mutakallimlar xusumatchilar bilan bahs qilinadigan narsalarni chiqarishga va hamma taslim bo‘ladigan dalillardan kelib chiqadigan narsalarni ushlashga sho‘ng‘ib ketishgan edi. Bunday ishlarning zaruriyotlardan boshqasini tan olmaydigan kishilarga foydasi kam bo‘lar edi. Shuning uchun ham kalom ilmi menga kifoya qilmadi, shikoyat qilib yurgan dardimga davo bo‘lmadi”.
Аbu Homid G‘azzoliy asta-sekin kalom ilmining darg‘alaridan biriga aylanadi. U tinmay kamol topib borgan chuqur ilmi, teran aqli va yuksak iqtidoridan foydalanib, o‘zidan oldingi mutakallim olimlarning ilmlarini talabalarga yetkazar, uni sharhlab berar edi. Kalom ilmi boshqa ilmlardan ko‘ra o‘sishga, rivojlanishga va zamon bilan hamnafas bo‘lib yurishga katta ehtiyoj sezar edi. Chunki insondagi shubhalarni ketkazish va uning bir masalada qanoat hosil qilishiga aynan mana shu ilm sababchi bo‘lishi mumkin edi.
Imom G‘azzoliy kalom ilmini chuqur o‘rgangani sayin ilmiy tajribalari ziyodalashganidan tufayli Qurʼon uslubi insonlarning barcha tabaqalariga mos kelishini tushunib yetdi. Kalom ilmi vaqtinchalik daʼvo va shak-shubhalarda qolgan kishilarga xos ekani, qalbi salim va aqli raso kishilarga bu narsalarning hojati yo‘qligini ham anglab yetdi. Qurʼoni karimning har qanday inson muhtoj bo‘lgan, undan barchalari foydalanadigan hamda zarari ham, xavf-xatari ham bo‘lmagan totli taom va musaffo suv kabi ruhiy-maʼnaviy ozuqa ekaniga amin bo‘ldi.
Olim oxirgi yozgan kitoblaridan biri bo‘lmish “Iljamul avom an ilmil kalom”da (Аvomni kalom ilmidan to‘sish) quyidagi so‘zlarni keltiradi: “Qurʼon dalillari foydasi ko‘p taom kabidir, undan har qanday inson foydalandi. Mutakallimlarning dalillari esa dori-darmon kabidir, undan ayrim insonlar foyda olsa, ko‘pchilik undan zarar ko‘radi. Balki Qur’on dalillari emizikli go‘dak ham, baquvvat yigit ham foydalanadigan suv kabidir. Boshqa dalillardan bir o‘rinda baquvvat kishilar foyda olsa, boshqa bir o‘rinda o‘zga kishilar foydalanadi. Bunday dalillardan yosh bolalar aslo foydalana olmaydi. Mutakallimlar dong taratib, kalom ilmi keng yoyilgandan beri faqat yomonlik avj oldi. Sahobalar davri bunday narsalardan omonda edi”.
Muhammadjonov Oyatulloh
“Hidoya” o'rta maxsus
islom bilim yurti talabasi