Яратилиш санаси 25.04.2024

Imom Hafs ibn Sulaymon va u kishining qiroatlari

Abu Amr Hafs ibn Sulaymon ibn Mugʻira Kufiy Bazzoz. U zotni Hafs ibn Abu Dovud, shuningdek, Hufays deb ham atashgan. U kishi hijriy 90 (milodiy 709) yili tavallud topgan. 

Imom Hafs yetti mashhur mutavotir qiroat imomlaridan biri Osim ibn Abu Najudning roviysi boʻlganlar. Imom Osim Hafsning onasiga uylangach, unga otalik qiladilar. Hafs hayoti davomida Osimga, yaʼni oʻgay otasiga koʻp marta Qurʼonni oʻqib bergan. Albatta, bu holat Hafsning qiroat ilmida yetuk mutaxassis boʻlib yetishuvida muhim oʻrin tutadi. 

Ulamolar Hafsni hifzda Abu Bakr ibn Ayyoshdan ham ustun deb bilishgan. Hafs koʻp yillar qiroatdan taʼlim berib keladi. Ayniqsa, Bagʻdodda katta jamoat undan qiroatni taʼlim oladi. Shuningdek, Hafs Makkada ham odamlarga taʼlim berdi. 

Muhammad ibn Saʼd Avfiy aytadi: “Bizga Hafs ibn Sulaymon soʻzlar edi. Agar uni koʻrganingizda, koʻzingiz undagi fahm va ilm sababli nurga toʻlgan boʻlardi”. 

Yahyo ibn Maʼin aytadi: “Osimdan qilingan eng toʻgʻri rivoyat – Abu Umar Hafs ibn Sulaymonning rivoyati”. 

Hafsning qiroatdagi Osimdan olgan sanadi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga borib taqaladi. Hafsdan rivoyat qilinishcha, u Osimga: “Abu Bakr mendan boshqacha oʻqiyapti”, dedi. Shunda Osim: “Seni Abdurahmon Sulamiyning menga oʻrgatgan qiroati boʻyicha oʻqitdim. U qiroatni Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan olgan. Abu Bakrni esa Zirr ibn Hubaysh menga oʻrgatgan qiroat boʻyicha oʻqitdim. U qiroatni Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan olgan”, deb javob berdi. 

Hafs ibn Sulaymon qiroatni Osim ibn Abu Najuddan, u Abdulloh ibn Habib Sulamiydan, u Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan, u esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan qabul qilib olgan. Yaʼni, Hafs bilan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oʻrtasida uchta roviy bor, xolos. 

Hafsdan Amr ibn Sabbah, ukasi Ubayd ibn Sabbah, Abu Shuayb Solih ibn Muhammad Qavvos, Abdurahmon ibn Muhammad ibn Voqid, Abu Shuayb Qavvos, Xalaf Haddod va boshqalar qiroat ilmini oʻrganishdi. 

Shuningdek, Hafs hadis rivoyati bilan ham shugʻullangan. U Osim ibn Najud, Alqama ibn Marsad, Sobit Bunaniy, Abu Isʼhoq Sabiʼiy, Kasir ibn Zozon, Muhorib ibn Disor va boshqalardan hadis rivoyat qildi. Bakr ibn Bakkor, Odam ibn Abu Iyos, Hishom ibn Ammor, Amr Noqid va boshqalar Hafsdan rivoyat qilishgan. Hadis ilmining aksar ulamolari Hafsni hadis rivoyatida zaif sanashgan. Jumladan, Imom Buxoriy: “U rivoyat qilgan hadislar olinmagan”, desa, Imom Muslim: “(Hadisda) ishonchli emas”, deydi. Shunga qaramay, Imom Termiziy, Imom Nasoiy va Imom Ibn Mojalar Hafsdan taxrij qilib, hadis rivoyat qilishgan. 

Imom Hafs hijriy 180, milodiy 796-yilda 90 yoshida vafot etganlar. 

Dastlab har bir imomning qiroati oʻzi yashab oʻtgan hududda tarqalgan. Imom Hafs koʻp shaharlarda boʻlgani hamda oʻzlashtirish jihatidan oson va yengilligi sababli uning qiroati keng tarqala boshladi. Natijada Hafs ibn Sulaymonning Imom Osim Kufiydan qilgan rivoyati eng mashhur va keng tarqalgan qiroatlardan boʻlib qoldi. Jumladan, Markaziy Osiyo, xususan, yurtimizda ham necha asrlardan buyon Qurʼoni karim Hafsning qiroati asosida oʻqitib kelinadi. 

Tadqiqotchilarning fikriga koʻra, usmoniylar xalifaligi davrida musʼhaflar Hafsning Imom Osimdan qilgan rivoyatidagi qiroati asosida nashr qilib tarqatilgan. Shu qiroat asosida oʻqish va taʼlim berish yoʻlga qoʻyilgan. Usmoniylar xalifaligidan keyin ham baʼzi musulmon mamlakatlarida musʼhaflar Hafsning Imom Osimdan qilgan rivoyatidagi qiroatga muvofiq nashr etildi. Natijada bu qiroat dunyoda eng keng tarqaldi.

Muhitdinov Alisher 

“Hidoya” o'rta maxsus islom 
bilim yurti o'qituvchisi